Tibbiyot xodimlariga 100 foizgacha maxsus oylik ustamalar toʻlanadi

01:59 18 May 2022 Jamiyat
1908 0

Prezidentimizning “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra:

Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha guruhlaridan qatʼi nazar barcha tibbiyot muassasalarida Tibbiyot muassasalarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarining:

- kamida 75 foizi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga,

- koʻpi bilan 25 foizi tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va taʼmirlash uchun yoʻnaltiriladi.

Bunda:

- xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga ajratilgan mablagʻlar muassasaning yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizgacha oylik ustamalar;

- yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million soʻmgacha maxsus oylik ustamalar;

- oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralar lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlab beriladi.

Tibbiyot muassasalarida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan roʻyxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qoʻshimcha ustama joriy etiladi.

Shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq:

2022-yil 1-sentyabrdan boshlab davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasida va mehnat faoliyatida ilmni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qoʻshimcha haq toʻlash tartibi joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?