Tibbiyot institutida xodimlardan ushlab qolingan 150 mln. soʻm adliya organlari tomonidan qaytartirildi

18:03 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
569 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti xodimlari tomonidan ularning oylik ish haqidan shanbalik uchun pul mablagʻlari ushlab qolinayotganligi mazmunida xabar keng tarqaldi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, ushbu holat Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqildi.

Oʻrganish davomida, Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining 2021-yil 15-sentyabrdagi buyrugʻi bilan xodimlarning ish haqlaridan pul mablagʻlarini ixtiyoriy ravishda shanbalik uchun ushlab qolish belgilanganligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq, mehnat haqidan ushlab qolishga xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik boʻlmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.

Biroq, institut rektorining yuqoridagi buyrugʻiga asosan 743 nafar xodimlarning sentyabr oyi uchun oylik ish haqidan 100 — 300 ming soʻmdan jami 150 mln. soʻm mablagʻlar avgust oyida oʻtkazilgan hashar munosabati bilan ushlab qolingan boʻlib, shundan 221 nafar xodimning ish haqidan ularning roziligisiz pul mablagʻlari ushlab qolingan.

Oʻrganish natijasida 150 mln. soʻm pul mablagʻlari institut xodimlariga toʻliq qaytarildi hamda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan institutning mansabdor shaxslari intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?