“Tez yordam”da beshinchi avlod “Volkswagen Caddy” avtomashinalari soni 337 taga yetdi — SSV
Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Dunyo tajribasida tez tibbiy yordam xizmatidagi avtotransport vositalarini ishlatish muddati oʻrtacha 5-8 yilni tashkil etadi. Yurtimizda ham foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan avtomashinalarni yangilash lozimligi belgilangan.
Shu sababli Sogʻliqni saqlash vazirligi “103” xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralarini koʻrmoqda.
Xususan, Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki 220 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari bilan taʼminlangan edi. Bugun esa “Jizzakh Auto” tomonidan ushbu turdagi avtomobillarning 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.
Birinchi bosqichda 230 dona B toifadagi “Ford” reanimobillari Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan Toshkent va Samarqand shaharlarida foydalanish uchun yetkazib berildi. Natijada 2022-yilga kelib bunday zamonaviy avtoulovlar soni 541 taga yetdi. Ularni jihozlashda shifokor hamda bemorlarga qulaylik yaratishga alohida eʼtibor berilgan.
Ikkinchi bosqichda 1000 dona A toifali tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilinishi koʻzda tutilgan boʻlib, ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablagʻlari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi maʼnan eskirgan “Damas” avtomobillarini yangilash koʻzda tutilmoqda.
Hozirgacha qariyb 340 ta “Volkswagen Caddy” joylarga yetkazib berildi. Ushbu avtomobillar taqsimoti hududlardagi aholi soni va tez tibbiy yordam mashinalarini yangilash ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, beshinchi avlod A toifali “Volkswagen Caddy” mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan boʻlib, 6 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilgʻi sarflaydi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoit Gʻafurovning maʼlum qilishicha, xarid qilinishi rejalashtirilgan yana 640 ta tez tibbiy yordam mashinasi ham “Hunday”, “Ford”, “Volkswagen”, “Iveco” kabi jahon brendlariga tegishli boʻlishi kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring