Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga qanday sharoitlar yaratilgan?

20:06 03 Mart 2022 Jamiyat
1237 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Olloyorov viloyatning Urganch shahridagi 11-sonli Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish hamda ushbu hibsxonada saqlanayotgan shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish maqsadida hibsxonaga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) Axborot xizmati maʼlum qildi.

Monitoring tashrifi davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun tibbiy xizmat koʻrsatish, dori-darmon vositalari taʼminoti hamda oziq-ovqat sifati va belgilangan meʼyorlarga amal qilinayotganligi oʻrganildi, bu borada salbiy holatlar aniqlanmadi. Shu bilan birga, tashrif davomida sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etilayotganligini koʻrish maqsadida ayblanuvchi va sudlanuvchilarni saqlash xonalari koʻzdan kechirildi.

Shundan soʻng, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy suhbatlar oʻtkazilib, saqlanayotgan shaxslarning shikoyatlari va takliflari tinglandi. Saqlash sharoitlari yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi. Shuningdek, suhbat davomida mahkum va mahbuslar yaratilgan shart-sharoitlardan va xodimlarning muomalasidan mamnunliklarini bildirishdi.

Jamoaviy suhbatdan soʻng mintaqaviy vakil bilan holi uchrashishni soʻragan shaxslar bilan qabullar tashkil qilindi. Ulardan biri Jizzax viloyati Zomin tumanida doimiy roʻyxatda turishini aytdi va tergov harakatlaridan noroziligini bildirdi. Uning murojaati qabul qilinib, qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqishlik uchun ijroga olindi.

Shuningdek, qabul davomida mahbuslardan apellyatsiya sudi majlislarida mintaqaviy vakilning kuzatuvchi sifatida ishtirok etishida amaliy yordam koʻrsatilishi boʻyicha koʻplab iltimoslar kelib tushdi. Ushbu murojaatlar ham ijro uchun qabul qilib olindi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari davom ettiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?