“Teng boʻldi Kaʼba bila dayri Soʻmnot manga...”
Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga
Xoja Hofiz Sheroziy borliqni “Hama jo xonai ishq ast”, yaʼni barcha yer ishq xonasidir, deya ulugʻlagani kabi Alisher Navoiy koinotdagi har bir zarra, butun borliq Allohning goʻzal ism va sifatlari tajalliysidan iborat ekanini haroratli misralarida badiiy ifodalagan.
Mumtoz gʻazaliyotning noyob durlarini ijod etishga muvaffaq boʻlgan Alisher Navoiy inson hayotining barcha jabhalarini, uning orzu-istag-u oʻy-xayollarini oshiqona mohiyat kasb etuvchi gʻazallarda sanʼatkorona singdira olganligi bilan benazirdir. U nazm namunalarining oshiqona, orifona mohiyat kasb etishiga alohida eʼtibor qaratgan. Gʻazalda vatanni ulugʻlash, unga boʻlgan cheksiz muhabbatni haroratli misralarda badiiy ifodalash uchun shoirda ishq mashʼalidan doimiy haroratlanib turuvchi qalb boʻlishi talab etiladi. Avvalo, Alisher Navoiy kabi mutasavvif shoirlarning butun borliqni Allohning goʻzal ism va sifatlari tajalliysidan iborat bir oyna singari badiiy talqin etishining oʻzi bir poeziya ekanini anglamoq zarur. Chunonchi, ulugʻ shoirning Alloh sifatining mazhari, yaʼni koʻrinishi – tajalliysi boʻlmaganida hech bir zot boʻlmasligidan kelib chiqib, botindan xabarsiz zohidni kichik bir ashyoga haqoratomuz qarashdan tiyilishga chaqirgani nihoyatda ibratlidir:
Boqma, ey zohid, haqorat birla ashyo sarikim,
Boʻlmagan aning sifoti mazhari yoʻq hech zot.
Bu bilan u butun borliq Alloh ism-u sifatlarining inʼikosi ekan, undagi kichik bir narsa ham Yaratuvchidan ayrimasligini badiiy talqin etishga muvaffaq boʻladi. Borliqqa ayni tarzda munosabatda boʻlish, uni buyuk Yaratuvchining goʻzal ism-u sifatlarining jilvalari tarzida anglash har qanday kishini atrof-muhitga boʻlgan munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartiradi. Demak, buyuk mutafakkir bobomiz oʻsha paytlardayoq Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “yashil makon” konsepsiyasiga, tabiatga zarar yetkazmaslik, uni asrab-avaylash ishlariga xayrixoh boʻlganidan dalolat beradi.
Alisher Navoiy borliqni vayron qilish nari tursin, unga shikast yetkazishdan tiyilishga, hatto zarraga ham shunchaki bir narsa tarzidan qarashdan oʻzini tutib turishga undaydi. U ona yurtga boʻlgan mehr-muhabbatini oʻz asarlarida taʼrif-tavsif etishda ham oʻzining buyuk bir sanʼatkor ekanligini namoyon eta olgan. Buning uchun, avvalo, ulugʻ shoir “vatan” deganda, bizning tushunchalarimizdan farqli oʻlaroq aksariyat oʻrinlarda yashash uchun tanlangan maskanni nazarda tutganini anglashimiz lozim. Shoirning oshiqona gʻazallarida “vatan” soʻzi koʻngilga nisbatangina tugʻilib oʻsgan joy maʼnosida qoʻllanganligi kuzatiladi:
Koʻngil to vodiyi ishqigʻa tushti, qilmadi bir ham
Vatanni yod ul ovorayi bexonumon hargiz.
Ushbu baytdan anglashiladiki, ishq vodiysiga borishni mayl qilgan “ovorayi bexonumon”, yaʼni uy-joysiz, darbadar kezishni ixtiyor etgan koʻngil bir martagina boʻlsa-da, oʻz vatanini yodiga keltirmaydi. Tabiiyki, koʻngilning vatani oshiqning koʻksi sanaladi. U shu yerda tugʻildi, kamol topdi. Biroq u ishqqa mubtalo boʻlgani bois tan chekayotgan qiyinchiliklar bilan hisoblashmay qoʻydi. Gʻazallarning aksariyatida vatan soʻzi kishiga nisbatan qoʻllanganida, yuqorida taʼkidlanganidek, u yashash uchun tanlangan maskanni anglatadi. Quyidagi baytda ifodalangan maʼnodan Alisher Navoiy qarashlariga koʻra, Alloh goʻzal ismlari-yu sifatlari tajalliysining mahsuli boʻlgan borliq va uning bir qismi boʻlgan maskan – vatan haqidagi shoirning mushohadalar koʻzga yaqqol tashlanadi:
Soʻrma hajrinda Navoiy yorinu sarmanzilin,
Yor anga darding, vatan bir kunji mehnatxonadur.
“Mehnat” soʻzi mumtoz shoirlarimiz ijodida mashaqqat, ogʻirlik maʼnolarida qoʻllanishini nazarda tutadigan boʻlsak, ulugʻ shoir “kunji mehnatxona” deganda, shunday sifatlarni oʻzida mujassam etgan dunyo, Yer yuzining muayyan bir goʻshasini nazarda tutadi. Ayonlashadiki, hijron iztiroblarida oʻrtanayotgan chinakam oshiq uchun bu “mehnatxona”ning qay burchini maskan tutish yoinki qay goʻshasida-da tugʻilib, unib-oʻsish muhim ahamiyat kasb etmaydi. Negaki, uning har goʻshasida Yor sifatlarining zuhuroti birdek akslanadi. Biroq bu inʼikos Haqqi mutloqdan boʻlsa-da, tabiiyki, akslangan narsalar U emas.
Shu bois Alisher Navoiyning anʼanaviy ruhda bitilgan oshiqona gʻazallarida “vatan” soʻzi misolida ona-yurtni vasf etish gʻoyasi yarq etib koʻzga tashlanmaydi. Ulugʻ shoir bunday adabiy niyatini gʻazal bagʻriga singdirishda “Hirot”, “Xuroson” singari joy nomlari va ularga aloqador soʻzlardan oʻrni bilan foydalanadi. Oshiqona gʻazallar tarkibidagi ulugʻ shoirning tugʻilib oʻsgan yurtini ifodalovchi hamda eʼtiqodiy qarashlarga koʻra muqaddas maskan sanalgan joy nomlari tilga olingan baytlarda mutafakkir ijodkorning ona – Vatanga boʻlgan cheksiz samimiy muhabbati navoiyona uslubda avj pardalarda badiiy ifodalanganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Buning uchun u ishq bilan aloqador tajalliy gʻoyalarini badiiy ifodalab, oshiqona gʻazalga vatan motivini olib kirishga muvaffaq boʻladi:
Chu yor aylar emish barcha yerda jilvayi husn,
Teng boʻldi Kaʼba bila dayri Soʻmnot manga.
Navoiyo, chu emas nasya naqd birla teng,
Behisht voizi purgoʻgʻavu Hirot manga .
Koʻchirilgan baytlarning dastlabkisida oshiq uchun vatan tushunchasi yuqorida taʼkidlanganidek, birmuncha nisbiy mohiyat kasb etishi teran badiiy ifodasini topgan. Unda tasvirlanishicha, yorning goʻzal husn-u jamoli barcha yerda jilvalanar ekan, oshiq uchun musulmonlarning muqaddas ziyoratgohi Kaʼba ham, Soʻmnot deya ataluvchi but nomi bilan aloqador butxona ham mohiyat eʼtibori bilan bir-biridan farqli emas. Baytda qoʻllangan “Kaʼba” va “dayri Soʻmnot” singari joy nomlari eʼtiqodiy tushunchalar bilan aloqador muqaddas oshyonlar boʻlishi bilan bir qatorda, umumiylik, jamlik maʼnolarini ham oʻzida ifoda etgan.
Ayonlashadiki, borliq Haqqi mutlaqning tajalliygohi ekan, uning barcha goʻshasi oshiq uchun birdek muqaddaslik kasb etadi. Ulugʻ shoir oshiqona gʻazaliyotida borliqni tahlil jarayoniga tortilgan baytda kuzatilganidek, ayricha muhabbat bilan ulugʻlarkan, ona-yurtining vasfini undan-da bir pogʻona yuqoriga koʻtarish bilan oʻzining samimiyatini badiiy ifodalaydi. Oldingi baytda Kaʼba va butxona oʻzaro qiyoslangan boʻlsa, keyingi baytda Hirot bilan sergap voiz tomonidan juda koʻp vasf etilgan behisht, yaʼni jannat muqoyasa etilib, ular orasida tenglik koʻriladi. Kaʼba va Soʻmnot dayri ziyoratidan maqsad musulmon va butparast uchun jannatga noil boʻlish istagi ekanligini nazarda tutadigan boʻlsak, shoir Hirotni benihoya ulugʻlaganligi oydinlashib qoladi.
Alisher Navoiy oʻz eʼtiqodiy qarashlaridan kelib chiqib, Kaʼbatullohni ziyorat etishni orzu qilganligi ham ayni haqiqat. Bu muqaddas niyat uning koʻngliga ancha erta tugʻilganligini “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan oʻrin olgan oshiqona gʻazallari tarkibidagi qator baytlar ham dalillaydi. Ular orasida vatanni madh etish nuqtayi nazaridan quyida koʻchirilgan bayt alohida ahamiyatga ega:
Navoiy oʻlmasigʻa ozimi Iroq-u Hijoz
Magar nazohati mulki Hiriy erur bois.
Baytdan anglashilgan mazmunga koʻra, Navoiy Hirot mamlakatining toza-yu sofligi bois Iroq-u Hijozga yoʻl olishga niyat qiladi. Hijoz – Arabistonning gʻarbi shimoliy, Makka va Madina shaharlari joylashgan hududi boʻlib, musulmonlar bu muqaddas shaharlarga haj va umra ziyoratlarini ado etish uchun yoʻl olishadi. Iroqda joylashgan Bagʻdod shahri esa arab xalifaligining poytaxti sifatida dong taratgan. Tabiiyki, bu poytaxt shahar ilm-u maʼrifat, madaniyat markazi sifatida oʻz davrida gullab-yashnagan. Ayonlashadiki, ulugʻ shoir Iroq-u Hijozdangina Hirotga tenglasha oladigan shaharlarni topish mumkin, degan gʻoyani bayt bagʻriga singdiradi. Bu bilan u ona-shahri goʻzalligidan benihoya faxrlanishini badiiy ifodalashga muvaffaq boʻladi.
Mutafakkir shoir oshiq uchun borliqning barcha goʻshasi yorning tajalliygohi ekan, uning barcha yeri birdek muqaddaslik kasb etadi, degan gʻoyadan kelib chiqib vatan muqaddasligini, uni sevish iymondan ekanini bot-bot eslatib turadi. Quyidagi baytlardagi “ohangi Hijoz” birikmasi Hijozga yoʻnalish, Hijozga borish maʼnosini anglatadi:
Har maqom ichraki boʻlsang ayr-u boʻlma yordin,
Ey Navoiy, hojat ermas qilmoq ohangi Hijoz.
Yoki:
Koʻp Hijoz ohangi tuzma yor ila boʻl barcha vaqt,
Ey Navoiy, gar Ajam boʻlsun maqoming, gar Iroq.
Ayonlashadiki, Alisher Navoiy oshiqona gʻazaliyotida shuhudiy tavhid gʻoyasiga tayanilgan holda borliqqa ayricha bir tajalliyot maskani sifatida qaraladi. U Hirot va Xurosonni Kaʼba va Soʻmnot dayri singari musulmon va butparastlarning muqaddas ziyoratgohlaridan, Iroq, Hijoz, Bagʻdod singari joy maskanlardan tajalliy nazariyasiga tayangan holda yuksak maqomda ekanini shoirona topqirlik bilan nihoyatda mubolagʻali tarzda vasf etadi. Bu bilan oʻzining vataniga boʻlgan muhabbatini ibratli, mulohazaga chorlovchi misollar bilan badiiylashtirishga erishadi. Ulugʻ shoirning vatanga nisbatan bitilgan bunday oshiqona satrlari har birimizning koʻnglimizdan joy olishi, yoshlarimiz uchun maʼrifiy qoʻllanma sifatida xizmat qilishi shubhasizdir.
Husniddin Eshonqulov,
Buxoro davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring