Temir yoʻllardagi chayqovchilikdan tortib valyuta tanazzuligacha — jahon inqirozlarining qisqacha sharhi

09:23 08 Aprel 2021 Dunyo
375 0

Muqaddam jahonda roʻy bergan global inqirozlar, ularning kelib chiqish sabablari boʻyicha yozilgan adabiyotlarni (manbalarni) oʻrgangan holda, ular toʻgʻrisida qisqacha maʼlumotlarni berib boryapmiz. Va shu ilinjda jahon inqirozlari tarixini yozishga kirishildi. 

Demak, jahon iqtisodiy tizimiga taʼsir koʻrsatgan eng muhim inqirozlar xronologiyasini berishni davom ettiramiz.

6. 1847-yil. Yevropada fond bozori inqirozi. Ushbu inqiroz Londonda temir yoʻl kompaniyalari aksiyalarining fond bozorida chayqovchilik nuqtayi nazaridan keskin oshib ketishi oqibatida vujudga kelgan. 19-asrning boshida Yevropa fond bozorida temir yoʻl kompaniyalari aksiyalari eng nufuzli va likvidligi yuqori aktivlardan biri hisoblangan. Ammo vaqt oʻtishi bilan juda koʻplab temir yoʻl kompaniyalari investorlarning ishonchini oqlay olishmadi va ayrimlari bankrotlik yoqasiga kelib, faoliyatlarini toʻxtatishga majbur boʻldi. Shundan fond bozorida inqiroz yuzaga kelib, asta-sekin Angliya, Germaniya va Gollandiyaning bank sektoriga taʼsir koʻrsata boshlagan.

Ushbu jarayonlarning keskinlashuvi oqibatida Buyuk Britaniya savdo balansida disbalans hosil boʻlgan. Bunga javoban Angliya banki yana hisob stavkasini koʻtargan. Bunday qaror xalqaro kredit bozoriga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatib, Germaniya va Gollandiyani qamrab olgan.

7. 1857 — 1858-yillar. Birinchi jahon iqtisodiy inqirozi. Ushbu inqiroz oʻsha paytdagi barcha rivojlangan mamlakatlarni qamrab olgan. Boshqa inqirozlar singari mazkur inqiroz asosan oʻsha mahalda sanoat va savdo gegemoni boʻlgan Buyuk Britaniyaga katta taʼsir koʻrsatgan.

Ammo bu safargi inqirozning kelib chiqishi AQSHdan boshlanib, Fransiya va Germaniyani ham oʻz domiga tortadi. Asta-sekinlik bilan moliyaviy-xoʻjalik munosabatlari va ijtimoiy hayotga taʼsir koʻrsatib, butun Yevropani va Lotin Amerikasini qamrab oladi.

Inqirozning kelib chiqishi sababi va bosh obyekti sifatida AQSH temir yoʻl kompaniyalari aksiyalari oldi-sotdi savdosidagi chayqovchilikning avj olishi va davlat tomonidan yerlarning tarqatilishi natijasida sodir boʻlgan. Angliyada va Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham temir yoʻl va ogʻir sanoat aksiyalari savdosi bilan bogʻliq boʻlgan chayqovchilikning oldini olish, unga chek qoʻyish maqsadida pul massasi kengaytiriladi. Yaʼni AQSHda oltinning kirib kelishi va banklararo operatsiyalarning kengayishi; Angliyada esa, banklarning qoʻshilishi va banklararo operatsiyalarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi taʼminlanadi.

AQSHga Angliyadan likvidli mablagʻlarning kirib kelishi va Angliyaning oʻzida 1844-yilda qabul qilingan Aktning (banklar faoliyatiga tegishli boʻlgan AKT) vaqtinchalik bekor qilinishi va Angliya banki tomonidan banknotlar emissiyasiga qoʻyilgan cheklovlarning yumshatilganligi hamda Gamburgda qoʻshimcha ravishda kumushning kirib kelishi inqirozning chekinishini taʼminlagan.

8. 1861-yil. Amerikada valyuta inqirozi. Shimoliy va Janubiy Amerika oʻrtasida boshlangan fuqarolik urushi davrida mamlakat Gʻaznachiligi Amerika banklaridan moliyaviy yordam soʻrab murojaat qiladi.

Amerika banklari hukumatga yordam qoʻlini choʻzib kredit ajratadi, albatta, kreditlar maʼlum bir shartlar va qaytarib berish muddati bilan berilgan boʻladi. Biroq hukumat zayomni belgilangan vaqtda qaytara olmaydi. Buning oqibatida bank tizimida likvidlik inqirozi vujudga kelib fuqarolik urushi tugagunga qadar davom etadi (1865-yilgacha).

9. 1873 — 1878 yillar. Ikkinchi jahon moliya inqirozi. Inqiroz 1873-yilda Avstriya-Vengriya va Germaniyada boshlangan.

Ushbu inqirozning vujudga kelishiga Angliya tomonidan Lotin Amerikasiga taqdim etilgan kreditlar miqdorining oshib ketishi, shuningdek, Germaniya va Avstriya-Vengriyada Fransiya-Prussiya oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush natijasida koʻchmas mulk savdosi bilan bogʻliq chayqovchilik harakatlarining keskin oshib ketishi sabab boʻlgan.

1873-yilda Avstriya-Germaniyada koʻchmas mulk savdosi bilan bogʻliq boʻlgan sunʼiy koʻtarilish oxir-oqibatda Vena fond bozorining tanazzulga yuz tutishiga olib kelgan. Uning izidan asta-sekinlik bilan Amsterdam va Syurix bozorlari ham talafotga uchray boshlagan. Germaniyadan AQSHga esa, Germaniya banklarining kreditlarni uzaytirishdan bosh tortishi bilan bogʻliq sabablar oqibatida Yevropa va Amerika qitʼasidagi mamlakatlar iqtisodiyotida retsessiya holati (oʻsishdan toʻxtash) boshlanadi va Lotin Amerikasining eksport hajmi qisqarib, davlat byudjeti daromadlarining keskin pasayishi yuzaga keladi.

Ushbu inqiroz 1878-yilgacha davom etib, turli chora-tadbirlar natijasida xalqaro moliya bozorida ahvol oldingi holiga kela boshlagan.

10. 1890-yil. “Baring”(House of Baring – qadimgi Angliya banklaridan biri hisoblanadi. Tarixda temir yoʻllar va asosiy infratuzilmalar qurilishi loyihalarini kreditlashda katta hissa qoʻshgan) inqirozi. Yevropa qitʼasi, xususan Angliyadan oʻsha yillari Lotin Amerikasining Argentina va Urugvay davlatlariga temir yoʻllar va infratuzilmalar qurilishi loyihalariga juda ham katta miqdorda kredit mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Ushbu kreditlarning katta salmogʻi unchalik ham yetarlicha moliyaviy barqaror boʻlmagan Argentina provinsiyalari bankiga toʻgʻri kelgan. Inqiroz 1890-yil 8-noyabrda Angliyaning yirik banklaridan biri boʻlgan “Baring” oʻzini toʻlovga layoqatsiz ekanligini eʼlon qilgan kundan boshlanadi. Argentina, Urugvay va Braziliyaga yoʻnaltirilgan kreditlar toʻxtatilganidan soʻng inqiroz asta-sekinlik bilan butun Lotin Amerikasini qamrab ola boshlaydi.

Angliya banki ushbu shov-shuv va aholi, biznes vakillari, kreditorlar tomonidan oshib borayotgan sarosimaning oldini olish maqsadida “Baring” banki bilan bogʻliq sanatsiyani amalga oshiradi. Buning uchun Fransiya va Rossiya davlatlarining Markaziy banklaridan kredit mablagʻlarni jalb etadi.

Sanatsiya amalga oshirilguniga qadar “Baring” tufayli yuzaga kelgan inqiroz 1893-yilda AQSH va Avstraliya tovar va xizmatlar bozorlariga ham oʻz taʼsirini oʻtkazib boʻlgan edi.

Qoʻqon universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Sherzod ­MUSTAFOQULOV tayyorladi.

Davomi bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?