Temir bilan tillashgan ayol
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Shoʻrchi tumanidagi Boʻston mahallasida istiqomat qilayotgan Qizlarxon Toshpoʻlatova temirdan darvoza, panjaralar yasab keladi. Hatto ularni oʻrnatib berishni ham oʻzi bajaradi. Temir bilan tillashadigan bu ayolning bir oylik daromadi 25 million soʻmni tashkil etadi.
Qalin temirni egib, uning qattiqligini yengib, nozik naqshlarni yaratadigan Qizlarxon opaning koʻzlarida shukronalik hissi mujassam, har bir qarashi hikoya soʻzlayotgandek. Uning baquvvat qoʻllarida hunarmandlik siri, mehnat shijoati, hayot taʼmi bor.
Ha, Qizlarxon Toshpoʻlatovaning hunari — temir bilan tillashish. Bu qattiq, sovuq jism uning qoʻllarida yumshoq, itoatkor boʻlib, oʻzining goʻzalligini namoyon etadi.
Erkaklarga xos hunarni nima uchun tanlaganini soʻraganimizda, Qizlarxon opa temirchilik oilaviy anʼana ekanini, oilada 5 nafar oʻgʻilning orasida voyaga yetganini, akalaridan temir bilan ishlab, darvoza yasashni, temirlarni payvandlashni oʻrganganini aytdi.
— Oliygohda tahsil olishim uchun imkon boʻlmadi, — dedi suhbatdoshimiz. — 30 yoshimda temirchilik bilan shugʻullana boshladim. Toʻgʻri, bu hunar ayolga ogʻirlik qiladi. Uning oʻziga yarasha qiyinchiligi, masʼuliyati bor. Ozgina eʼtiborsizlik yoki notoʻgʻri yondashuv orqali odam oʻziga jismoniy zarar yetkazib qoʻyishi mumkin. Bugungi kunda uy xoʻjaligimizda mustaqil ish olib boryapmiz. 2022-yilda mahallamizdagi hokim yordamchisining tavsiyasi bilan 33 million soʻm kredit olib, faoliyatimizni kengaytirdik. Hozir eng yaqin koʻmakchim va hamkorim — turmush oʻrtogʻim. Aytaylik, bitta darvozani 5 kunda yasab, xonadonga oʻrnatib beramiz. Bundan tashqari, temir panjara, eshik, kravat ham yasaymiz. Daromadimiz chakki emas, bir oyda sof 25 million soʻm oilaviy byudjetimizga kirim boʻladi.
Mahalladagi hokim yordamchisi Xolmirza Xoʻjaqulov hunarmand ayol berilgan imtiyozli kreditdan samarali foydalanganini alohida taʼkidladi. Uyidagi moʻjaz sexida mahalladagi 4 nafar ishsiz yoshga oʻz hunar sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
Bugun oʻz hunari ortidan roʻzgʻoriga baraka kiritayotgan oilalar koʻp. Mustaqil oʻz oilaviy biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan hunarmandlar uchun esa mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar bor. Zero, Qizlarxon opa singari erkaklarga xos shijoatli ayollarning qoʻllari hayotning goʻzalligini yaratuvchi qoʻllardir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring