“Telefonsiz maktab”: Natijalar kutilganidek
Viloyatimizning barcha maktablarida “Telefonsiz maktab” loyihasi bosqichma bosqich yoʻlga qoʻyilmoqda. Mazkur loyihani amalga oshirishda “Qush uyasida koʻrganini qiladi” degan naql diqqat markazimizda boʻlmoqda. Yaʼni oʻquvchining smartfon va u orqali internetdagi foydasiz ermaklar bilan mashgʻul boʻlishini cheklash boʻyicha maktabdagi kabi oilada ham qatʼiy nazorat oʻrnatilmogʻi shart deb belgiladik. Shu bois har bir umumiy oʻrta taʼlim maskanida “Telefonsiz maktab” loyihasi ota-onalar bilan maslahatlashilgan holda joriy qilinmoqda. Ayni masala boʻyicha ota-onalar qoʻmitalari yigʻilishlari oʻtkazilmoqda. Eʼtiborlisi, “Telefonsiz maktab” loyihasi boʻyicha taklif va tavsiyalar barcha ota-onalarga maʼqul.
Yigʻilish jarayonida ota-onalarga telefonning zararlari toʻgʻrisida videorolik namoyish etilayapti. Shuningdek, telefondan haddan tashqari koʻp foydalanish bolalarining oʻqishi, tarbiyasi va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi haqida fikrlar bildirilmoqda hamda farzandlarini telefonga qaramlikdan asrash, kitob oʻqish, jonli muloqot va sportga qiziqtirish boʻyicha ular bilan doimiy hamkorlik oʻrnatilmoqda.
Eʼtiborlisi, “Telefonsiz maktab” loyihasini amalga oshirish uchun hech qanday mablagʻ sarf etilmaydi. Eng avvalo qatʼiy nazorat va telefonlarni saqlash uchun bitta quti boʻlsa kifoya. Qutini ham qaygadir buyurtma berib olish shart emas. Deylik, Xovos tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida uni shu taʼlim maskanining texnologiya fani oʻqituvchisi yasab berdi. Oʻquvchilar maktabga kirishda telefonlarini ana shu qutiga qoʻyadi. Faqat zarur hollarda oʻziniki yoki sinf rahbarlarining telefonidan foydalanadi.
Aytish lozimki, “Telefonsiz maktab” loyihasi joriy qilingan maktablarda kutilgan natijalar qayd etilmoqda. Xususan, oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirishi, fanlar va toʻgarak mashgʻulotlaridagi faolligi ortmoqda. Aksariyat oʻquvchilar telefonlarini uyda qoldiryapti, olib kelganlari ham maktab ostonasidagi qutiga joylab, soʻng sinflarga kiryapti.
“Telefonsiz maktab” loyihasi samaradorligini yanada oshirish uchun sinflar oʻrtasidagi musobaqalarni koʻpaytirish va tez-tez oʻtkazib turish kerak. Masalan, maktabda telefondan foydalanmaslik qoidalariga rioya qilganligi uchun “Eng intizomli sinf”, muntazam, hatto tanaffusda ham mutolaa bilan mashgʻul boʻlganligi uchun “Kitobxon sinf”, tadbirlardagi faol ishtiroki uchun “Faol jamoa”, farzandlarining telefondan ortiqcha foydalanishlarini cheklashda qatʼiylik koʻrsatgani uchun “Eng namunali ota-ona” kabi nominatsiyalarda musobaqalar tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Viloyatimiz maktablarida ham oʻquvchilarni chuqur taʼlim, ham ibratli tarbiya olishiga xizmat qiluvchi ana shunday tadbirlar koʻpaymoqda. Natijada oʻquvchilar diqqat-eʼtiborini telefonga emas, kitob oʻqishga, jamoat ishlarida faol boʻlishga, darslarni mukammal oʻzlashtirishga qaratmoqda.
Nargiza XOLBOYEVA,
Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab
taʼlimi boshqarmasi boshligʻi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring