Tashabbus – mahalladoshlardan chiqdi

14:12 20 Mart 2026 Jamiyat
124 0

Quvasoy shahrining “Sufon” mahallasi goʻzal tabiati, mevazor bogʻlari va tiniq soylari bilan mashhur. Mahalla ahli viloyatda dehqonchilik va bogʻdorchilik sohasidagi mirishkorligi bilan tanilgan.

Ayni paytda mahallada oʻzbek, tojik va qirgʻiz kabi bir necha millat vakillari oʻzaro hamjihatlikda hamda ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilmoqdalar. Bu yilgi qoʻshaloq bayramlar sufonliklar uchun unutilmas taassurotlar bilan oʻtayotgani eʼtiborga molik.

Navroʻzi olam va Ramazon hayiti munosabati bilan yozilgan fayzli dasturxon atrofida katta-yu kichik jam boʻldi. Qoʻshni “Boʻston” MFYdan qardoshlar mehmonga kelib, qardosh xalqlarning milliy taomlari va shirinliklar pishirildi. Doshqozonda sumalak va palov damlandi. Bayram tadbirlari doirasida milliy oʻyinlar ham tashkil etildi. Arqon tortish, lanka, argʻimchoq, “Oq terakmi – koʻk terak” kabi xalq oʻyinlari barchani yanada hamjihatlikka chorladi.

Quvonarlisi, shu kuni “Sufon” MFYning yangi binosi foydalanishga topshirilgani bayramga munosib tuhfa boʻldi. Bu bino qurilishida, eng avvalo, mahalla ahli tashabbuskor boʻlgani tahsinga loyiq. Ezgu tashabbus doirasida bugungi kun talablariga javob bermaydigan eski bino oʻrnida homiylik va hashar yoʻli bilan yangi inshoot qad rostladi. Qariyb 700 million soʻm mablagʻ sarflanib, 6 ta xizmat xonasi va 1 ta keng zaldan iborat ushbu bino qurib bitkazildi. Quvasoy shahar hokimligi tomonidan ajratilgan 30 million soʻm mablagʻ evaziga zamonaviy mebel jihozlari bilan taʼminlandi.

— Bu bino endilikda nafaqat tadbirlar oʻtkazish joyi, balki xalqimizni mushtarak maqsad yoʻlida birlashtiradigan qadrdon maskanga aylanadi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sardorbek Ahmadjonov. — Yigʻin binosida “mahalla yettiligi” uchun barcha qulayliklar muhayyo etildi.

Shunday qutlugʻ kunlarni yangi binoda boshlayotganimiz mahalla ahlining uyushqoqligi hamda davlatimiz tomonidan mazkur tizimga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat samarasidir.

Aytish joiz, hozirgi kunda mahalladagi 1350 ta oilada 4013 nafar aholi istiqomat qiladi. Bogʻdorchilik mahallaning iqtisodiy rivojlanish drayveri sifatida belgilangan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер