Taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi

15:16 27 Aprel 2023 Hujjatlar
1045 0

Qonun bilan Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar kiritildi.

Jumladan, taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi. Unga koʻra:

— taraflar maʼmuriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda toʻliq hajmda yoki qisman hal etishi mumkin;

— taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar subyekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli boʻlishi hamda taraflarning oʻzaro yon berishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda amalga oshirilishi mumki

— kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi;

— kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanadi.

Shuningdek, kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq, maʼmuriy sud ishlarini yuritish sudning faol ishtiroki asosida amalga oshiriladi.

Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, arizalari, iltimosnomalari, ular tomonidan taqdim etilgan dalillar va ishning boshqa materiallari bilan cheklanmasdan maʼmuriy ishning toʻgʻri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshiradi.

Sud oʻz tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi boʻyicha qoʻshimcha dalillar toʻplaydi, shuningdek maʼmuriy sud ishlarini yuritish vazifalarini hal qilishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.

Shuningdek, sudga arizachi ariza (shikoyat) bilan bir qatorda arizada koʻrsatilgan talablarga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabni ham taqdim etishga haqli.

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, zararlarning oʻrnini qoplash haqidagi arizalar (shikoyatlar) boʻyicha talab summasining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji undiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер