Tanzila Norboyeva raisligida selektor tarzida respublika seminari oʻtkazildi

20:02 08 Aprel 2024 Siyosat
296 0

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatining Yangiyoʻl hamda Oqqoʻrgʻon tumanlarida xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ishlarini mahalladan boshlash boʻyicha namunaviy tizim ishlab chiqish yuzasidan ishlar olib borilgandi.

Oʻz navbatida, ishchi guruh tashrifidan soʻng “Qirsadaq” mahallasida xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha ishlar mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida yoʻlga qoʻyildi.

Senat Raisi boshchiligida ushbu ishlarni respublikaning barcha hududlarida joriy etish maqsadida selektor tarzida respublika seminari oʻtkazildi.

Unda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar, ularning hududiy boshqarmalari, respublikadagi barcha mahalliy Kengashlar, uning doimiy komissiyalari, tijorat banklari vakillari, mahalla faollari, hokimliklar vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻzlagan nutqi davomida ayollarimizni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni belgilab berganiga yana bir bor toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, Davlat rahbarining topshirigʻiga asosan joriy yilda 9 442 ta mahalladagi 580 ming nafarga yaqin ishsiz ayollarning bandligini taʼminlash, 205 ming nafar opa-singillarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga tayyorlash, oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlarning kamida 40 foizi ayollar taklif etgan loyihalarga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.

Shunga muvofiq ishchi guruh tomonidan oʻtgan qisqa vaqt ichida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublika boʻyicha mahallalar kesimida ishlash istagini bildirgan 589 ming xotin-qizning dastlabki roʻyxati shakllantirildi. Hududlar va tarmoqlar kesimida 2024-yilda 252 885 xotin-qizni kasb-hunarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki orqali xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid 250 ta tavsiyaviy biznes-loyiha tayyorlandi.

Oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida “Loyihalar fabrikasi” elektron platformasini tashkil etish konsepsiyasi ishlab chiqildi, unga Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish bankining mavjud elektron dasturlari integratsiya qilinishi belgilab olindi.

Shu bilan birga 2024–2025-yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 24 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

Seminar davomida Senat Raisi ushbu maqsad va vazifalar aniq mexanizmlar asosida amalga oshirilmasa, barcha birdek harakat qilmasa, kutilgan natija boʻlmasligiga toʻxtalib, bu borada barcha yuqori tashkilotlarning rahbar lavozimida ishlayotgan masʼullar eng quyi tuzilma – mahallagacha tushib, ish boshlaganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Shundan soʻng seminarda “Qirsadaq” mahallasi namunasi hududlarda ishni tashkil etishda mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ularning ularning quyi tuzilmalari, shuningdek “Mahalla yettiligi”ning oldidagi vazifalarga batafsil toʻxtalib oʻtildi.

Bu borada tegishli davlat tashkilotlari, tijorat banklarining masʼullari soʻzga chiqib, ular tomonidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi hamda barcha hududlarga aniq topshiriqlar berildi.

Jumladan, Yangiyoʻl tajribasini barcha hududlarda yoʻlga qoʻyish maqsadida tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi rahbarligida ishchi guruhlar tashkil etiladigan boʻldi.

Mazkur ishchi guruhlar har bir mahalladagi ishsiz xotin-qizlar, ularning bandligini taʼminlashga oid ehtiyojlari, imkoniyatlari, tadbirkorlikka qiziqishi alohida savolnoma asosida “xonadonbay” oʻrganilishini taʼminlaydi.

Oʻrganish natijalaridan kelib chiqqan holda ishsiz va daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish istagidagi xotin-qizlarning aniq roʻyxati shakllantiriladi va ular mavjud boʻsh ish oʻrinlariga hamda yangi yaratilgan ish oʻrinlariga ishga joylashtiriladi, jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi taʼminlanadi.

Tijorat banklari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik markazlari bilan birgalikda aprel oyi yakuniga qadar mahallalar rejalari asosida 2024–2025-yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagidagi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tuman (shahar) dasturi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oliy taʼlim va innovatsiyalar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda yil yakuniga qadar 252 885 xotin-qizni har bir hududning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitishni taʼminlaydi.

Mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, hunarmandchilik, kasanachilik va tomorqachilik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga oʻz vaqtida subsidiyalar ajratish taʼminlanadi.

Bundan tashqari, ishchi guruh mahallalardagi oʻrganishlari davomida aniqlangan tibbiy, psixologik, ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga manzilli yordam koʻrsatadi. Ijtimoiy yordamga muhtoj ayolning muammosi toʻliq hal etilgunga qadar kuzatuvini yoʻlga qoʻyadi va zarur holda qoʻshimcha yordam koʻrsatilishini tashkil etadi.

Seminar yakunida yuqorida belgilangan vazifalar Senat Raisi boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan muntazam ravishda muvofiqlashtirilishi, ishlar natijalari respublika komissiyasining joylardagi majlislarida doimiy tarzda muhokama qilinishi aytib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер