Tanzila Norboyeva London shahrida YTTB bilan hamkorlikda tashkil etilgan forumda ishtirok etdi

17:41 26 Yanvar 2024 Siyosat
327 0

Joriy yilning 25-yanvar kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Londondagi bosh qarorgohida “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik” mavzusida xalqaro forum oʻtkazildi.

Tadbirda 100 dan ortiq yuqori darajadagi ishtirokchilar, jumladan, YTTB vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, vazirliklar, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro forumda Oʻzbekistonning davlat organlari, biznes tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida muvaffaqiyatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, ayollar tadbirkorligi bilan bogʻliq muammolarni hal etish, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda koʻmak berilayotgani taʼkidlandi.

Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva keyingi 7-yilda mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida tub oʻzgarishlar amalga oshirilganini alohida taʼkidladi.

— Bugun oʻzbekistonlik tadbirkorlar jahon bozorlariga ishonch bilan qadam qoʻymoqda. Byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi, majburiy va bolalar mehnatiga toʻliq barham berildi, gender tenglikni taʼminlashda amaliy natijalarga erishildi. Bularning barchasi jahon hamjamiyatining munosib eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Bunday natijalarga erishishda fuqarolik bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi, — deb taʼkidladi Т. Norboyeva.

Qoʻyilayotgan yuksak maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlarning qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etishiga toʻxtalar ekan, Senat Raisi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish yoʻlidagi strategik hamkoriga aylanganini eʼtirof etdi.

Taʼkidlash joiz, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekiston YTTB tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar boʻyicha yetakchilik qilmoqda va mazkur investitsiyalar qayta tiklanadigan energetikadan tortib, bank ishigacha boʻlgan sohalarga kiritilmoqda. Bankning mamlakatdagi loyihalar portfeli 4 mlrd. yevrodan oshadi hamda soʻnggi toʻrt yilda 3,3 mlrd yevrolik loyihalar oʻz ishini boshlagan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso Oʻzbekiston va YTTB oʻrtasida mustahkam sheriklik va hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani hamda gender tenglikni ragʻbatlantirish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish umumiy strategik ustuvor vazifalardan biri ekaniga alohida urgʻu berdi. Mazkur yoʻnalish kuni kecha ushbu moliyaviy tuzilmaning Direktorlari kengashi tomonidan maʼqullangan Oʻzbekistonga oid 2024-2029-yillarga moʻljallangan yangi strategiyada ham oʻz aksini topganini aytib oʻtdi.

— Darhaqiqat, bugungi kunda Oʻzbekiston butun Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi islohotchi sifatida tan olingan. Biz bu borada Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz va men 2024-yilda va undan keyingi yillarda ham kuchli hamkorligimizdan umidvorman, — deb taʼkidladi YTTB prezidenti.

Forumda 2016-yildan buyon Oʻzbekistonda nafaqat davlat boshqaruvi, balki barcha jabhalarda, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, moliyaviy va nomoliyaviy resurslardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan innovatsion oʻzgarishlar taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YTTB Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yigʻilishi va biznes forumida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari, jumladan, tadbirkor ayollarni yanada qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratgan edi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va tadbirkorlik tuzilmasida tub oʻzgarishlar roʻy berdi, qator tashabbuslar amalga oshirilib, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini yuksaltirish borasida ijobiy qadamlar qoʻyildi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston ijobiy tajribalarni oʻrganish va kelajakda bajariladigan strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham mamlakat ichida, ham xalqaro hamjamiyat bilan ijtimoiy sheriklik oʻrnatish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda.

Forumda ayollar tadbirkorligi, jumladan, uni moliyalashtirish va taʼlim dasturlari bilan bogʻliq muvaffaqiyatlar, ilgʻor tajribalar, muammolar va yechimlar boʻyicha ekspert panellari tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari ijobiy tajribalarni oʻrgandilar va kelajak uchun oʻz strategiyalarini ishlab chiqdilar.

Forum doirasida Oʻzbekiston tadbirkor ayollari va hunarmandlarining “Sharq bozori” xayriya koʻrgazma-yarmarkasi hamda taniqli fotograf Muxitdin Alining yurtimiz olimlari, shifokorlari, oʻqituvchilari, ijodkorlari, sportchilari, hunarmand va boshqa ayollari portretlaridan iborat “Oʻzbekiston ayollari hayotida bir kun” ijodiy fotokoʻrgazmasi tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?