Tanzila Narbayeva Qatar davlati Shoʻro Kengashi Raisi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

BMTning kam rivojlangan mamlakatlar boʻyicha yuqori darajadagi 5-konferensiyasida ishtirok etish uchun Qatarda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ushbu davlat Shoʻro Kengashi (Maslahatlashuv kengashi) Raisi Xasan bin Abdulla al-Gʻanim bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston – Qatar munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, jumladan parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash hamda tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligi muhokama qilindi.
Suhbat davomida ayni paytda parlamentlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar ikki mamlakat salohiyatiga javob bermasligi, uni mustahkamlashda hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlab oʻtildi. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, uchrashuv chogʻida qator takliflar oʻrtaga tashlandi. Delegatsiyalar almashinuvi orqali parlamentlar, qoʻmitalar va doʻstlik guruhlari rahbarlari darajasida muloqotni faollashtirish, parlamentlararo tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikni mustahkamlash, harakatlarni muvofiqlashtirish xamda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish shular jumlasidandir.
Shuningdek, turli sohalardagi hamkorlikni nazarda tutuvchi ikki tomonlama hujjatlarni ratifikatsiya qilishni jadallashtirish boʻyicha muloqotlar izchilligini taʼminlash va ularning birgalikdagi monitoringini olib borish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
— Biz Qatar parlamenti bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri deb, hisoblaymiz. Parlamentlararo muloqotimizni faollashtirishda “doʻstlik guruhlari” muhim oʻrin egallaydi. Qatar Maslahat Kengashida 2022-yil mart oyida “Qatar-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi taʼsis etilganini mamnuniyat bilan qabul qildik. Doʻstlik guruhlarimiz oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish tarafdorimiz, — deya taʼkidladi Senat Raisi.
Oʻz navbatida Xasan bin Abdulla al-Gʻanim Oʻzbekiston tarixan islom sivilizatsiyasiga nihoyatda katta hissa qoʻshgan buyuk allomalar yurti ekanligini alohida eʼtirof etib, Qatar uchun Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Bu borada ikkala davlatning mushtarak saʼi-harakatlarini birlashtirishda parlamentlararo aloqalarni yangi darajada mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Konstruktiv va amaliy ruhda oʻtgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Qatar hamkorligining boshqa yoʻnalishlari, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya hamda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham muhokamalar markazida boʻldi. Qatar tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasida ziyorat turizmini rivojlantirish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi. Maʼlumot oʻrnida aytish lozim, 2022-yil yakuniga koʻra mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi 4,8 mln dollarni tashkil qilgan.
Uchrashuv yakunida Senat Raisi Qatar davlati Shoʻro Kengashi Raisini Oʻzbekistonga tashrif qilishga taklif qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring