Taʼlim tizimini rivojlantirishda muhim sherik
![](https://xs.uz/upload/post/2025/02/11/027a490153cc7be27a663676185501b50211.jpg)
Oʻzbekiston va Malayziya munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarib, strategik sheriklik yoʻlidan bormoqda. Buning isboti oʻlaroq Kuala-Lumpur shahrida boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Strategik sheriklik yoʻlida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonot imzoladi.
Taʼkidlash joizki, muzokaralar davomida ikki davlat rahbarlari neft-kimyo va kimyo sanoati, elektronika, qishloq xoʻjaligi, “yashil” energiya va ziyorat turizmi kabi ustuvor yoʻnalishlarda ish olib borishga kelishib oldilar. Belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun maxsus “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladigan boʻldi.
Soʻnggi yillarda oʻz mintaqasining yetakchi mamlakatlari boʻlgan Oʻzbekiston va Malayziya bir-biriga talpinmoqda. Oqilona iqtisodiy va investitsiyaviy siyosat ortidan Malayziya rosmana zamonaviy davlatga, taraqqiyot etaloniga aylandi, shunchalikki, hatto bironta nufuzli xalqaro reytinglarda uning nomini uchratmasak hayron qolamiz.
Kuala-Lumpurdagi muloqotlarning muhim jihatlaridan biri shundaki, Malayziyaning “Petronas” neft va gaz kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga qaytmoqda. U Oʻzbekistonda gazni qayta ishlash boʻyicha ikkita yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etadi. Geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini oʻzlashtirish, karbonat angidrid gazini ushlab qolish hamda saqlash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, “Petronas” universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda ushbu kompaniya Oʻzbekistonning yirik sheriklaridan biriga aylanishi mumkin.
Eng muhimi, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlik ham istiqbolli loyihalar asosida ilgari surildi. Zamonaviy klinikalar qurish, Malayziyaning ilgʻor tajribasi asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.
Tashrif natijalari haqida soʻz ketganda, bevosita oʻzimiz mehnat qilayotgan taʼlim sohasidagi sheriklik boʻyicha gapirsak, foydadan xoli boʻlmaydi. Muzokaralar yakunida oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangani diqqatga sazovor.
Prezidentimiz tashrifi arafasida yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi oʻtkazilgani ham xayrli ish boʻldi. “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy taʼlim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzuida birinchi Oʻzbekiston — Malayziya taʼlim forumida “yashil” iqtisodiyot va turizm, shuningdek, “Sanoat inqilobi 5.0, sunʼiy intellekt va metatexnologiyalar” mavzulariga bagʻishlangan sessiyalarda ikki davlat uchun dolzarb boʻlgan ilmiy va texnologik masalalar ustuvor boʻldi.
Forumda taʼlim va ilm-fan sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi hamda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 50 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolandi. Forum doirasida Malayziyadagi qator oliy oʻquv yurtlarida boʻlib, ularning faoliyati, oʻqitish tizimlari bilan yaqindan tanishdik.
Jumladan, Namangan davlat universiteti vakillari ham Malayziyadagi bir qator OTMlar bilan samarali taʼlim dasturlarini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib bordi. Ayniqsa, Janubi-Sharqiy Osiyoda oʻz nufuziga ega boʻlgan “Malaya” universitetiga tashrif samarali boʻldi. Tashrif davomida har ikki OTM oʻrtasida istiqbolli shartnomalar imzolanib, kelgusida ushbu ahdlashuvlar doirasida “Malaya” universitetining fan (“Science”) fakulteti hamda NamDUning fizika-matematika fakulteti hamkorligida qoʻshma oʻquv-ilmiy laboratoriyalar filialini ochish, professor-oʻqituvchi va talabalarning oʻzaro akademik almashinuvini amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Hamkorlik natijasi oʻlaroq universitetda qoʻshma ilmiy loyihalar shakllantiriladi, har ikki davlat taʼlim tizimidagi oʻquv jarayonlariga oid tajribalar almashinadi.
Tashrif davomida Malayziya Xalqaro islom universiteti bilan ham bir qator yoʻnalishlarda sheriklikda faoliyat olib borish boʻyicha kelishuvlarga erishdik. Jumladan, tibbiyot sohasining stomatologiya, davolash ishi va pediatriya yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirib, malakali mutaxassislar tayyorlashga kelishildi.
Utara universiteti bilan esa universitetimizda Tadbirkorlikni rivojlantirish markazini tashkil etish, iqtisodiyot va biznes sohasidagi oʻquv va ilmiy hamkorliklar yoʻlga qoʻyiladi. Sulton Idris taʼlim universiteti bilan ham psixologiya, amaliy psixologiya, inklyuziv taʼlim hamda taʼlim jarayonlarini tashkil etish va boshqarish kabi yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi va shu asosda kelgusi oʻquv yilidan qoʻshma taʼlim dasturlariga talabalar qabuli boshlanadi.
Shuningdek, Malayziyaning Perlis universiteti bilan ham axborot texnologiyalari va iqtisodiyot sohalarida hamkorlikda xalqaro va milliy grantlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun “Yozgi maktablar” tashkil etish kabi istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.
Malayziya Texnologiya universitetining sunʼiy intellekt fakulteti bilan IT sohasida hamkorlik qilinadi. Bular “Bir million dasturchi” loyihasi uchun talabalarni dasturlashga oʻrgatish va xalqaro grant tanlovlarida ishtirok etish hamda raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlik doirasida oliy muhandislik maktablarini tashkil etishga istiqbolli yoʻnalishlardan biri sifatida qaralayotgani eʼtiborga molik. Oliy muhandislik maktablarining asosiy vazifalari zamonaviy talablarga mos ravishda belgilangan. Ular, avvalo, talabalarga tanlangan yoʻnalish boʻyicha chuqur va zamonaviy bilim berish, ilmiy tadqiqot, tahliliy, ijodiy hamda muloqot qobiliyatini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan. Bu maqsadda taʼlim jarayoni “4+1” shaklida tashkil etilib, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarini oʻz ichiga olgan kompleks tayyorgarlik dasturlari joriy etiladi. Bundan tashqari, muhandis-texnik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Hamkor korxonalar ehtiyojini hisobga olgan holda, yuqori texnologiyalar va koʻp tarmoqli ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qodir, jamoaviy ishlay oladigan muhandis-tadqiqotchi malakasiga ega kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa etib belgilanadi. Taʼlim jarayoniga yetakchi mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar jalb qilinadi.
Oʻqitishning zamonaviy usullari, jumladan, loyihaviy taʼlim, muammoli oʻqitish texnologiyalari va amaliy tadqiqotlardan foydalanish rejalashtirilgan. Sanoat muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish va innovatsion loyihalar ustida ishlash maqsad qilib olinadi. Munosabatlarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash katta oʻrin tutadi. Malayziya bu borada ulkan tajribaga ega. Shu nuqtayi nazardan, “aqlli” qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va “halol” standartlarini qoʻllash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor.
Umuman, Kuala-Lumpurdagi Oʻzbekiston — Malayziya sammitida imzolangan 5 mlrd. dollarlik savdo-iqtisodiy bitimlar va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik boʻyicha kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Sobitxon TURGʻUNOV,
Namangan davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring