Taʼlim sifati yutuqlarimiz asosi

09:30 29 Sentyabr 2023 Jamiyat
385 0

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 163-umumiy oʻrta taʼlim maktabi jamoasi 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayramini munosib kutib olish maqsadida puxta tayyorgarlik koʻrishmoqda.

Hozirgi kunda 962 nafar oʻquvchi oʻzbek va rus tillarida mukammal tahsil olayotgan ushbu dargohda taʼlim sifatiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, oʻqituvchi va oʻquvchilarning kiyinish madaniyati, darslarni puxta oʻzlashtirishi, sport va boshqa kasb-hunar toʻgaraklari faoliyatini barqarorlashtirish maktab pedagogik jamoasining doimo diqqat markazida. Shu bois oʻquvchilar orasidan turli sport musobaqalari gʻoliblari, fan hamda sanʼatni yaxshi oʻzlashtirgan sovrindorlar yetishib chiqayotir.

Bu yerda mehnat qilayotgan 52 nafar pedagogning barchasi oliy maʼlumotli boʻlib, ulardan 10 nafari oliy toifali oʻqituvchilardir. Ularning fidokorona mehnatlari tufayli bitiruvchilarning taʼlimni keyingi bosqichiga jalb qilishda “yashil hududda” joylashgan. Maktab bitiruvchilarining OTMga kirishdagi oʻrtacha koʻrsatkichi 78 balni tashkil etmoqda.

Maktabda xorijiy tillarni mukammal oʻrgatish borasida ham oʻziga xos tajriba yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois bu borada oʻqituvchilardan talab etiladigan mezonlar doimiy nazoratda. Ingliz tili fani oʻqituvchilari D.Mansurova va Ya.Xusnutdinova hamda rus tili fani oʻqituvchilari N.Roʻziyeva, L.Bekqulovalar xalqaro C1 sertifikatiga ega. Ular oylik maoshiga 50 foiz ustama belgilangan. Informatika fani oʻqituvchilaridan D.Amanova va Sh.Eshquvvatovalar esa Google for Education sertifikati bilan ustama olishadi.

Maktabda matematika, ona tili va adabiyoti, fizika, kimyo, ingliz tili, informatika, tarix fanlarini mukammal oʻqitish, ustoz shogird anʼanalari ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgani bois, oʻquvchilar orasidan iqtidorli bolalarni tanlab olish, ular bilan alohida mashgʻulotlar oʻtkazish, sport, fan va taʼlim sohasidagi turli musobaqalarga, shuningdek, bitiruvchi sinf oʻquvchilarini taʼlimni oliy oʻquv yurtlarida davom ettirishga tayyorlash jarayonlarida tegishli yutuqlar mavjud. Bugungi kunda yuqori sinf oʻquvchilarining 7 nafari 6,5-7,5 darajali IELTS sertifikatiga ega.

— Oʻqituvchilarni oʻz ustida ishlashi, fanni mukammal oʻzlashtirishiga jiddiy eʼtibor qaratyapmiz, — deydi maktab direktori Zafar Bozorov. — Shu bois oʻqituvchilarimizni tuman va shahar maktablari orasidagi nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, matematika fani oʻqituvchisi I.Hamroqulov ustozlar oʻrtasida oʻtkazilgan tegishli fan olimpiadasining tuman bosqichida faxrli 1-oʻrinni egallab, shahar bosqichida kuchli beshtalikka kiritildi.

Taʼlim sifatini oshirish, xorijiy davlatlar tajribasidan unumli foydalanish borasida ham tegishli yutuqlarimiz bor. Shvetsariya gimnaziyasida tahsil olayotgan oʻquvchilar maktabimizga tashrif buyurib, bizdagi taʼlim jarayoni bilan tanishdi, oʻquvchilar bilan rus va ingliz tilida erkin muloqot olib borishdi. 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab Hindiston davlatidan taklif etilgan tajribali ustoz Sumayya Nazar Nadiya taʼlim jarayoniga erkin suhbatlar asosida ingliz tilini mukammal oʻrgatish va iqtidorli oʻquvchilarni tanlab olish tajribasini qoʻllamoqda.

Maktabdagi barcha ijobiy jarayonlar oʻquvchilarning fan va taʼlim sohasida erishayotgan yutuqlarida namoyon boʻlayotir. Yana misollarga murojaat etamiz.

2022-2023 oʻquv yilida matematika fani boʻyicha oʻtkazilgan fan olimpiadasining tuman bosqichida 11-“B” oʻquvchisi Shahzod Ochilov va 9-“V” sinf oʻquvchisi Diana Rahmonberdiyevalar faxrli 1-oʻrinni, Shahzoda Muhamedova esa 2-oʻrinni egallab shahar bosqichiga yoʻllanma oldi. Al-Xorazmiy olimpiadasi ishtirokchisi Azizbek Salimboyev, fizika fani bilimdoni Umida Pardaboyeva, ona tili va adabiyoti fani sovrindori Farangiz Aziz qizi, rus tili va adabiyoti fani musobaqasi gʻolibi Roman Kovalenko kabi oʻquvchilar doimo maktab faxr boʻlib kelishmoqda.

Maktab oʻquvchilarining sport sohasida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari ham salmoqli. Jumladan, 2022-2023 oʻquv yilida yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan Xalqaro turnirda 8-“A” sinf oʻquvchisi Darya Jilina faxrli 2-oʻrinni egalladi. Futbol boʻyicha Bolgariyada oʻtkazilgan Xalqaro turnirda 5-“B” sinf oʻquvchisi Samir Toxirov 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 4-“B” sinf oʻquvchisi Parizoda Nizomiddinova esa “Sharq atirguli” nomli Bolalar va yoshlar xalqaro ijod-tanlov festivalida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Umuman, maktab faxriga aylanayotgan bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Bularning barchasi mamlakatimiz taʼlim tizimdagi islohotlar natijasidir.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?