Talabalar mediasavodxonligi — zamon talabi

16:24 04 Sentyabr 2025 Jamiyat
212 0

Andijon davlat tibbiyot institutida talabalarning mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati boʻlimi hamda institut rahbariyati hamkorligida tashkil etildi.

Muloqotda qayd etilganidek, bugungi axborot asrida bilimli insonning zamonaviy koʻnikmalaridan biri mediasavodxonlikdir. Yaʼni ishonchli manbaga asoslangan maʼlumotni soxta xabardan farqlay olish, internetdagi turli xabarlarning maqsad va manbasini tahlil qilish, feyk kontentga aldanmaslik har birimizning immunitetimizni mustahkamlaydi.

— Axborotlashgan asr kishisining mediasavodxonligi yuqori boʻlishi talab etilmoqda, — dedi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi mutaxassisi Zaynobiddin Qodirov. — Tezkor axborotni tanlashda ishonchli dalillarga tayanish, turli platforma va messenjerlarda tarqalayotgan maʼlumotlarni tahlil qila bilish bugungi yoshlar uchun hayotiy zaruratdir. Talabalar mediasavodxonlik orqali nafaqat shaxsiy dunyoqarashlarini boyitadi, balki kasbiy faoliyatlarida ham uning samarasini koʻrishi mumkin. Masalan, tibbiyot yoʻnalishida tahsil olayotgan yoshlar ishonchli tibbiy axborotni noaniq maʼlumotdan ajrata bilish orqali kelgusida bemorlar bilan ishlaganda toʻgʻri xulosaga kelish, tibbiyot sohasidagi ilmiy yangiliklarni tahlil qilib, ulardan amaliyotda foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 33 milliondan oshib ketgan. Ular orasida yoshlar salmogʻi katta oʻrinni egallaydi. Ayniqsa, talabalarning aksariyati kundalik faoliyatida Telegram, YouTube va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Shu bois sahifalarga ulanishda yoki xabar manbasini tanlashda uning ishonchliligiga alohida eʼtibor qaratish muhim.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер