Talaba oʻqisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?! — Vorisova studentlarning eng ogʻriqli masalasini koʻtardi 

16:53 04 Sentyabr 2021 Jamiyat
1677 0

Shu kunlarda Toshkent shahriga minglab talabalar kelmoqda, ularning aksariyati joy qidirib, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yuribdi. Navbatdagi oʻquv yili boshlanyapti hamki, dardi bedavo masala achchiq ichakdek choʻziladigan koʻrinadi.

Talabalarning katta qismi poytaxtga yaqin boʻlmagan viloyatlardan kelib oʻqishadi. Oʻqish boshlanishiga juda oz qoldi, lekin ijtimoiy tarmoqlarda yotoqxonaga joylasholmagan talabalarning noroziliklariga koʻp guvoh boʻlyapmiz. Ayni masalaga masʼul mutasaddilar holatni anglashlari, muammoni keng fikr asosida tahlil qilib yechishlari lozim edi.

Achchiq boʻlsa ham, ochiq aytaylik, Oʻzbekistondagi bironta oliy taʼlim muassasasining oʻz talabalarini toʻliq sigʻdira oladigan turar joyi yoʻq. Shu sababli talabalar turli ijara uylarda yashashga majbur. Bu holat, ayniqsa, poytaxtda juda achinarli ahvolda: ijara puli qimmat – bir xonali kvartira 300-400 dollar atrofida. Talabaga past toifali odamdek muomala qilishadi – “studentlarga kvartira yoʻq”. Bu bir necha vazirlik yo idora tomonidan emas, hukumat darajasida yechilishi lozim boʻlgan muammodir.

Maʼlumotlarga koʻra, respublikada 220 dan ortiq talabalar turar joyi mavjud, ular 58 ming nafar talabani sigʻdira oladi, vaholanki, har yili 149 ming nafardan ortiq talabaning yotoqxonaga ehtiyoji mavjud. Soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari soni 130 dan oshdi. Qabul kvotasi 2,6 barobarga, talabalar soni esa 2,3 barobarga koʻpaydi. Lekin yotoqxonalar oʻrin soni atigi 25 foizga oshirilgan.

Oxirgi yillarda oʻnlab xususiy va xorijiy oliy taʼlim muassasalari faoliyat boshladi, ammo ularga yotoqxona infratuzilmasi boʻyicha talab qoʻyilmadi. Talabalarning qayerda yashashi, qanday kun koʻrishini kim oʻylashi kerak?

Katta mablagʻni toʻlash uchun bechora student kafe, restoran va klublarda ofitsiant, bozorda sotuvchi va yana boshqa joylarda ishlashga majbur. Bu oʻqish sifatiga, yoshlarning kayfiyatiga juda salbiy taʼsir koʻrsatadi.

2021-yil 1-maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va oʻziga, shu jumladan, ota-onasiga tegishli boʻlmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat OTM talabalarining oylik ijara toʻlovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Maʼlumotga koʻra, 2021-yil may-iyun oylari uchun 3 ming nafardan koʻproq talabaga 920,8 mln. soʻm mablagʻlar davlat byudjeti tomonidan toʻlab berilibdi. Ammo bu ham muammo yechimi emas. Chunki ijara toʻlovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlari uchun qoʻllaniladi.

Biz mamlakatimizni rivojlangan mamlakatlar safiga kiritishni niyat qilar ekanmiz, unutmasligimiz kerakki, shu marraga olib chiqadigan yagona kuch kadrlardir. Biz yoshlarga, talabalarga uzoq kelajakda emas, bugun va hozir sharoit yaratish, ularning ogʻirini yengil qilish haqida oʻylashimiz, tezkor va aniq choralar belgilashimiz zarur.

Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?