“Taxtaqoracha” dovoni hududida yongʻin. Alanga 5 soat deganda oʻchirildi

18:03 04 Iyul 2025 Jamiyat
305 0

Videodan kadr

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bogʻlab turuvchi “Taxtaqoracha” dovonining Kitob tumanidan oʻtgan qismida yirik yongʻin sodir boʻldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 4-iyul kuni soat 12:08 da Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Qaynar” MFY hududidagi qir adirliklarida quruq oʻt yonayotganligi toʻgʻrisida FVBga xabar tushgan. Shunga koʻra 2 ta yongʻin-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borib, alangani bartaraf etishga kirishgan.

Vazirlik xabariga koʻra, aholi punktlari hamda “Taxtaqoracha” dovonidan oʻtgan avtomobil yoʻliga yongʻin xavf solmagan. Avtomobillar harakati har ikki tomonlama davom etmoqda.

Yongʻin sodir boʻlganidan taxminan 4,5 soat oʻtgach, voqea joyiga Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov va boshqa masʼullar yetib borgan. Bu haqda viloyat hokimi matbuot kotibi Ahror Sodiqov xabar berdi.

FVV xodimlari tomonidan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, soat 17:00 da yongʻin butunlay bartaraf etilgan.

Hokimlik matbuot kotibining yozishicha, yongʻin davomida insonlar va ularning mulklariga zarar yetkazilmagan. Hozirda tegishli tashkilotlar yongʻinning kelib chiqish sabablarini oʻrganmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер