Tahlil va galdagi vazifalar

17:35 07 Yanvar 2023 Jamiyat
841 0

Har bir ishda tahlil va sarhisob usullari kelgusidagi faoliyatni maqsadli rejalashtirish va yanada yuqori samaradorlikka erishish uchun muhim omil boʻlib hisoblanadi. Faoliyatga ochiqlik va oshkoralik berilishi esa amalga oshirilgan ishlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, qolaversa natijalarga “boshqa koʻz bilan qarash” hamda kamchiliklar, istiqbolli vazifalar boʻyicha tashqaridan fikr-mulohaza va takliflar olish imkonini oshiradi.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2022-yildagi faoliyati tahlillari bilan oʻrtoqlashishni maqsad qildik.

Qonunchilik muammolari monitoringi va parlamentni ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash – davr talabi

Qonunchilik muammolarini va huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish yoʻnalishida qonun loyihalari yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 23 ta ilmiy xulosa taqdim etildi. “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi, “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Raqobat toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi toʻgʻrisida”gi hamda amaldagi bir qator qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir qonun loyihalari shular jumlasidandir.

Shuningdek, Oliy Majlis Senatiga Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib yuborilgan, xususan, pochta aloqasi, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari, elektron tijorat, ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar, geografik obyektlarning nomlari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar kiritish borasidagi qonunlar, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish yuzasidan jami 9 ta tahliliy maʼlumot (xulosa shaklida) tayyorlandi.

2022-yilda qabul qilinib, rasman eʼlon qilingan qonunlar misolida koʻradigan boʻlsak, Institut tomonidan berilgan ilmiy xulosalardagi taklif va tavsiyalar 9-fevraldagi “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan toʻldirish kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonun 9-moddasining birinchi qismida, 3-noyabrdagi “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 va 18-moddalarida, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi 1-qismi 6-xatboshisida, 41-moddasi 2-qismida va 30-moddasi 5-qismida (qonunlarda oʻz ifodasini topgan. Jumladan, Institut tomonidan berilgan taklifning “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonun 9-moddasining birinchi qismida inobatga olinishi tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Savdo-sanoat palatasiga xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berilishiga sabab boʻldi.

Shuningdek, Institutning “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga berilgan takliflarining amaliyotga joriy etilishi standartlashtirish sohasida ushbu faoliyatning asosiy prinsiplari boʻlmish qonuniylik, milliy standartlarni ishlab chiqishda manfaatdor taraflarning oʻzaro kelishuvi, xolislik va standartlardagi takrorlanishlarning va ziddiyatlarning oldini olishga qaratilgan hamjihatlik kabi prinsiplarning belgilanishiga xizmat qildi.

Oliy Majlis palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, ularning professionallik darajasini oshirishga koʻmaklashish yoʻnalishida Qonunchilik palatasiga, masalan: chet davlat fuqaroligini olgan shaxsning muqaddam fuqaroligi boʻlgan davlatni xabardor qilish tartibi, xorij fuqaroligini olish uchun qoʻyiladigan talablar va javobgarlik; Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish, yoʻqotish va tugatish; xorijiy tashkilotlarning loyihalarini amalga oshirish borasidagi chet el davlatlari parlamentlari tajribasi; yoʻl harakati xavfsizligi sohasiga oid aniqlangan muammo va kamchiliklar, ularni bartaraf etish; reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik va uning bugungi holati; “Psixiatriya yordami koʻrsatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari; “Yoʻl harakatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qonun va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihalarini oʻrganish yakunlari boʻyicha xorijiy davlatlar tajribasi; mahalliy Kengashlar sessiyalarini jonli efirga uzatish;qonun loyihalarini buyurtma asosida tayyorlash va xorijiy mamlakatlar parlamentlari tomonidan qonun loyihalariga buyurtma berish tartibi; Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi va uning qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganish natijalari; sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda vujudga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish kabi masalalarda 32 ta axborot-tahliliy maʼlumot taqdim etildi.

Oliy Majlis Senatiga 48 ta (shundan 18 tasi amaldagi qonunlar monitoringi yuzasidan) axborot-tahliliy maʼlumotnoma tayyorlab berildi. Masalan: “Oqila ayollar” harakatini tashkil qilish hamda davlat boshqaruvida ayollar faolligini oshirish dasturini ishlab chiqish; “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari” boʻyicha milliy soʻrovnoma; xorijiy davlatlarda mahalliy vakillik organlari reglamenti hamda ularning nazorati boʻyicha qonunchilik tajribasini oʻrganish yakunlari; Oʻzbekiston Respublikasining energetika sohasida shartnomaviy majburiyatlarni taraflar tomonidan bajarilishi; “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunning davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ijrosi, qonunosti hujjatlari qabul qilinganligi holati hamda ularning amalda qoʻllanilishini oʻrganish natijalari; “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunning yer qaʼri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishga oid qismining ijro etilishi holatini oʻrganish yakunlari; Toshkent shahri koʻchalarida yoʻl harakati ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash va yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish masalalarini oʻrganish natijalari yuzasidan ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqildi.

Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, axborot-tahliliy maʼlumotlardagi taklif va tavsiyalar Qonunchilik palatasida “Probatsiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining 5, 7, 18, 22-moddalarini huquqni qoʻllash amaliyoti, sohadagi huquqiy boʻshliqlar va xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirishda, shuningdek, Senatning 2022-yil 5-avgustdagi “Qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari toʻgʻrisida”gi Qarorida, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunlarni yanada takomillashtirish boʻyicha, qolaversa palatalarda muayyan qonun loyihasi, qonun va boshqa masalalar boʻyicha masʼul qoʻmitalarning xulosalari shakllantirilishida inobatga olingan.

Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarining 2 ta, jumladan, “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan elektron jamoaviy murojaatlarni koʻrib chiqish samaradorligini taʼminlash toʻgʻrisida» yuqori va quyi palataning Qoʻshma qarori (2022-yil 10-mart, 1931–IV/KQ-318-IV-son) va Qonunchilik palatasi Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida”gi qarori (2022-yil 7-fevral, 1811–IV-son) loyihalarini tayyorlashda koʻmaklashildi.

Shuningdek, Milliy parlamentimiz palatalari faoliyatini yanada takomillashtirishga oid, misol uchun, Qonunchilik palatasi majlislarini jonli efirga uzatishga doir ishlar sifati va natijadorligini oshirish, deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishni yanada rivojlantirish, qonun loyihasini Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritishgacha boʻlgan jarayon samaradorligini oshirish, deputat soʻrovi yuborish institutining taʼsirchanligini va bunda fraksiyalarning rolini oshirish, Qonunchilik palatasida “hukumat soati” institutini oʻtkazish tartibini takomillashtirish kabi masalalarda jami 9 ta axborot-tahliliy maʼlumotnoma tayyorlanib, Oliy Majlisga taqdim etildi.

Parlamentarizmni rivojlantirish yoʻlida

Parlamentarizm, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar va xorijiy parlamentlar ishi tajribasini oʻrganish natijalari asosida Oliy Majlis palatalari faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish yoʻnalishida muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, MDH Parlamentlararo Assambleyasining 119 ta model qonuni va boshqa hujjatlar loyihalari yuzasidan ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, Oliy Majlis palatalariga taqdim etildi.

Jumladan, “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat subyektlarini davlat attestatsiyasi (akkreditatsiyasi) toʻgʻrisida”, “Ilmiy va ilmiy-texnik ekspertiza toʻgʻrisida”, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”, “Chegara qoʻshinlari (kuchlari) toʻgʻrisida”, “Tamaki tutunining zararli taʼsiridan fuqarolar salomatligini saqlash haqida”, «MDHga aʼzo-davlatlarda raqamli makonni yaratish va uning infratuzilmasini tartibga solish toʻgʻrisida», “Teatr va teatr faoliyati toʻgʻrisida”, “Fan va texnologiya sohasidagi intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarni tijoratlashtirish toʻgʻrisida”, «MDHga aʼzo-davlatlarning ichki ishlar organlari (politsiya) tomonidan qoʻllaniladigan atamalar lugʻati va kriptovalyutalar hamda boshqa raqamli aktivlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishda jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq tushunchalar haqida», “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklarga chek qoʻyish toʻgʻrisida”, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”, “Raqamli huquqlar toʻgʻrisida”, “Jamoat xavfsizligi haqida”, “Milliy xavfsizlik toʻgʻrisida”, “Asalarichilik toʻgʻrisida”, “Ekologik xavfsizlik toʻgʻrisida”, “Ishlab chiqarish chiqindilari va isteʼmol qilish toʻgʻrisida”, “Ekologik maʼlumotni olish toʻgʻrisida”, “Ekologik fondlar toʻgʻrisida”, “Xalqaro kuzatuv toʻgʻrisida”, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”, “Davlat va munitsipalitet (kommunal) mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”, “Davlat va munitsipalitet xizmatlari toʻgʻrisida”, “Munitsipal mukofotlar toʻgʻrisida”, “Investitsiya va ishonchli bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Raqamli sogʻliqni saqlash toʻgʻrisida”, «Organik qishloq hoʻjaligi toʻgʻrisida», “Sogʻlom hayot tarzi sohasida ijtimoiy reklama toʻgʻrisida”, «MDHga aʼzo-davlatlar uchun namunaviy Soliq kodeksi Maxsus qismining 3-bobi – “Soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimi”, “Sunʼiy intellektdan foydalanishni, shu jumladan, tadqiqot va ishlanmalar uchun axloqiy standartlarni normativ tartibga solish”, “Taʼlim sohasida raqamlashtirishni normativ tartibga solish”, MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy xavfsizlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni takomillashtirish singari hujjatlar loyihalari boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

Parlamentarizmni rivojlantirish boʻyicha oʻquvlar tashkil etish yoʻnalishida Institut tuzilmasidagi BMT Oʻquv markazi tomonidan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Yoshlar qanoti” vakillari va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Sharqshunos tahlilchilar klubi” aʼzolari ishtirokida oʻquvlar oʻtkazilib, jami 44 nafar yoshning parlament faoliyati yuzasidan bilimlari boyitildi.

BMT Oʻquv markaz tomonidan, shuningdek, parlamentarizmni rivojlantirish, deputat soʻrovi instituti va parlament nazorati jarayonining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan 19 ta oʻquv dastur hozirlandi.

Xalqaro hamkorlik yoʻnalishida Institut direktorining xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan 13 marotaba rasmiy uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralarda oʻzaro hamkorlik natijalari hamda bu boradagi kelgusi rejalar va istiqbolli vazifalar muhokama qilindi.

Eʼtirof etish kerak, xalqaro hamkorlar yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni, ilm-fan rivoji uchun davlat rahbari darajasida koʻrsatilayotgan alohida eʼtiborni va Milliy parlamentimiz faoliyatini yuqori baholadi.

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joiz, Senat Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, ularning oʻrinbosarlari va qoʻmita raislarining doimiy qoʻllab-quvvatlovi bilan palatalar va ularning barcha qoʻmitalari, tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borildi, bundan tashqari, qoʻmitalar bilan birgalikda huquqiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, diplomatik, maʼnaviy va maʼrifiy yoʻnalishlarda 100 dan ortiq davra suhbati, seminar, konferensiya va boshqa tadbirlar oʻtkazildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, oʻtgan yilda Institut tashabbusi bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalqimiz siyosiy huquqiy tafakkurining yuksak namunasi”, “Aholi ishtirokida tumanni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish”, “Gender-huquqiy ekspertiza”, “Harakatlar strategiyasi – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam zamini” va “Nizolarni muqobil hal qilish”, “Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi” nomli  ilmiy-amaliy qoʻllanmalar tayyorlandi.

Shuningdek, 3 ta xalqaro tashkilot – Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) hamda ularga aʼzo boʻlgan jami 14 ta mamlakat – Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Xitoy, Hindiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston parlamentlari oʻrganildi. Natijasi boʻyicha shakllantirilgan ilmiy va tahliliy maʼlumotlar asosida “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo-davlatlar parlamentlari”, “Turkiy davlatlar tashkiloti va unga aʼzo-mamlakatlar parlamentlari”, “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo-mamlakatlar Parlamentlararo Assambleyasi” nomli ilmiy-amaliy qoʻllanma chop  etildi.

Yuqoridagi adabiyotlar deputatlar, senatorlar, parlament palatalari devonlari va mahalliy Kengashlar xodimlari, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va talabalari, ilmiy izlanuvchilar hamda keng jamoatchilik uchun moʻljallangan boʻlib, ularda hududlarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bogʻliq jihatlar, gender-huquqiy ekspertiza va uni oʻtkazish asoslari, tartibi va uslubiyoti, xalqaro, parlamentlararo tashkilotlar va xorijiy parlamentlar, ularning tarixi, shakllanishi, tuzilishi, faoliyati, organlari, yoʻnalishlari, vazifa va funksiyalari, shuningdek, huquq, siyosat va parlamentarizm sohalaridagi ilmiy tadqiqotlar natijalari oʻz ifodasini topgan.

Bulardan tashqari, Institut muassisligida qonunchilik muammolari, norma ijodkorligi va parlamentarizm sohalarida ilmiy tadqiqot materiallari, ilmiy-tahliliy maqolalar, milliy va xorijiy qonunchilik qiyosiy tahlilini oʻz ichiga olgan davriy nashr – “Qonunchilik muammolari axborotnomasi”ning 2022-yildagi 1–4-sonlari chop etildi.

Sanab oʻtilgan jurnal, toʻplam va ilmiy-amaliy qoʻllanmalar elektron shaklda Oliy Majlis palatalariga, barcha mahalliy davlat hokimiyati organlariga, ilmiy tadqiqot va oliy taʼlim muassasalariga, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va u orqali respublikamizdagi tuman (shahar) axborot-resurs markazlariga tarqatildi.

Konstitutsiyaviy islohotlarga daxldorlik hissi

Muhim tarixiy voqelik – konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Institut jamoasi faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Konstitutsiyaviy komissiya qaroriga muvofiq, Institutning 9 nafar ilmiy xodimi Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi va 4 nafar ilmiy xodimi Konstitutsiyaviy komissiyaning Yigʻma axborot-tahlil guruhi huzuridagi Ekspertlar guruhi tarkibida samarali faoliyat koʻrsatdi.

Shu bilan birga, konstitutsiyaviy vatanparvarlik, faol fuqarolik pozitsiyasi va ilmiy-ekspertlik muassasasi vakili masʼuliyati oʻlaroq, Institut xodimlari tomonidan meningkonstitutsiyam.uz platformasi, maxsus telegram bot, koll-markaz, anʼanaviy va elektron pochta orqali amaldagi Konstitutsiyamizga 2022-yilning 25-may kunidan 1-avgust kuniga qadar boʻlgan davrda, xususan, birinchi bosqichda 112 ta, ikkinchi bosqich – “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi jarayonida konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 69 ta taklif ilgari surildi.

Shu bilan bir qatorda, konstitutsiyaviy islohotlar hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha qator davlat organlari, ilmiy muassasalar va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda davra suhbati, seminar, konferensiya va uchrashuv tarzida 100 ga yaqin tadbir tashkil etildi. Ularning koʻpchiligida Institut xodimlari bevosita maʼruzalar bilan ishtirok etishdi, ommaviy axborot vositalari va internet orqali 248 marotaba (shundan bosma va elektron nashrlarda 30 ta, radioda 24 ta, televideniyeda 68 ta, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda 126 ta) chiqishlar qilindi va oʻtkazilgan tadbirlar haqidagi maʼlumotlar yoritildi.

Institut veb-saytida “Konstitutsiyaviy islohotlar” (lpri.uz/constitu-tional-reforms/) maxsus rukni yoʻlga qoʻyilib, unga hamda Institutning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga konstitutsiyaviy islohotlarga doir jami 300 dan ziyod material joylashtirildi va mazkur maʼlumotlar bilan tanishganlar umumiy soni 100 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning maʼmuriy islohotlari jarayonida ishtiroki

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida joriy yildagi ustuvor yoʻnalishlar avvalida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga, jumladan, bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qoʻl boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish kerakligi, birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinib, Hukumat ish uslubi ham tubdan oʻzgarishi, eng avvalo, vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga kamaytirilishi xususida alohida taʼkidladi.

2022-yil 21-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–269-son Farmoni qabul qilindi.

Aytib oʻtish kerakki, mazkur Farmonni ishlab chiqish uchun asos boʻlgan oʻrganishlar va tahlillar jarayonida Institut xodimlari faol ishtirok etdi. Chunonchi, Institut ilmiy xodimlaridan iborat tarkibdagi Ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentliklari hamda Din ishlari boʻyicha, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitalari kabi tashkilotlarning faoliyati funksional tahlil qilinib, tegishli axborot-tahliliy maʼlumotnomalar tayyorlandi, takliflar ishlab chiqildi va vakolatli organga taqdim etildi.

Oʻzbekistonning xalqaro tashabbuslari doirasida bajarilgan ishlar

BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targʻib qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi.

Institut tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi tashabbuslari va bayonotlari oʻz vaqtida va keng koʻlamda amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha «Yoʻl xaritasi”ning 1-bandi doirasida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks loyihasi boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, ushbu hujjatning muqobil varianti tayyorlandi.

Shuningdek, Institut tomonidan BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasi konsepsiyasi loyihasi hamda uning muqobil variantlari ishlab chiqilib, taqdim etildi.

Ilmiy kadrlarni tayyorlash yoʻlida

Bugungi kunda Institut ilmiy xodimlaridan 4 nafari Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Yuristlar malakasini oshirish markazi huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi kengashlarning aʼzolari sifatida faol ishtirok etib kelishmoqda. Ular tomonidan 2022-yilda ilmiy darajalar olish uchun yozilgan dissertatsiyalarga 8 marotaba rasmiy opponentlik qilingan hamda dissertatsiyalar va avtoreferatlarga 18 marotaba taqrizlar berilgan.

Xalq bilan muloqot va ochiqlik doimiy ustuvor yoʻnalishlar sifatida

Xalq bilan muloqot yoʻnalishida 2022-yilda Institut masʼulligidagi “Mening fikrim” veb-portaliga fuqarolar tomonidan 901 ta elektron jamoaviy murojaat kelib tushdi. Ulardan taʼlim, qurilish, tadbirkorlik, turizm, cogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik kabi sohalarga oid 15 ta elektron jamoaviy murojaat veb-portalga joylashtirildi. Jarayonda fuqarolar tomonidan 444 ta izoh qoldirildi.

Oliy Majlis palatalarining 2022-yil 10-mart kungi “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan elektron jamoaviy murojaatlarni koʻrib chiqish samaradorligini taʼminlash toʻgʻrisida»gi Qoʻshma qarori bilan Ishchi komissiyaning yangi tarkibi tasdiqlandi.

Ochiqlikni taʼminlash yoʻnalishida Institut xodimlari 765 marotaba turli tadbirlar (382 ta oflayn va 383 ta onlayn shakl)da ishtirok etib, qonunchilikdagi dolzarb masalalarga bagʻishlab oʻtkazilgan 175 ta xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya, davra suhbati va seminarlarda maʼruzalar bilan ishtirok etishdi.

Institut xodimlarining markaziy bosma, elektron va xalqaro nashrlarda qonunchilikdagi dozarb masalalar va amaldagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan 212 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari eʼlon qilindi.

Amalga oshirilgan ishlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jami 3 246 marotaba, shu jumladan, Oliy Majlis palatalari veb-saytlarida 332 ta, markaziy bosma nashrlarda 92, telekanallar orqali 122 ta, Facebook va Telegram sahifalari orqali 2 243 ta, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi saytida 89 marotaba yoritildi.

Institut xodimlari telekanallar orqali efirga uzatilgan 76 ta axborot va tahliliy koʻrsatuvlarda ishtirok etishdi.

Institutning ijtimoiy tarmoqlar (Facebook va Telegram)dagi sahifalari orqali aholining keng qatlami (8,5 mingdan ortiq obunachi)ga qonunchilikdagi yangiliklar, huquqiy-ijtimoiy masalalar boʻyicha axborotlar berib borilmoqda.

Kelgusidagi vazifalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda parlamentning rolini kuchaytirishga qaratilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida Institut 2023-yilga quyidagilar:

birinchi, parlament palatalarining Murojaatnomadan kelib chiqqan holda barcha sohada qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning joylardagi ijrosini taʼminlash boʻyicha samarali nazorat oʻrnatish va ularning toʻliq bajarilishini monitoring qilish kabi jarayonlardagi faoliyatini axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash;

ikkinchi, Konstitutsiyamizni takomillashtirishdek masʼuliyatli vazifani amalga oshirishda Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga va Konstitutsiyaviy komissiyaga yaqindan koʻmaklashish;

uchinchi, Oliy Majlis palatalari vakolatlari kengaytirilayotgani sababli xalqaro huquq normalari, rivojlangan davlatlar qonunchiligi va ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganib, tahlil qilish va umumlashtirish natijalari asosida parlamentimizning ish uslubini yanada yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirishga doir ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

toʻrtinchi, maʼmuriy islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ahamiyatini tushuntirish ishlarida ilmiy xodimlarimiz ishtirokini taʼminlash, maʼmuriy islohotlarning keyingi bosqichini amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

beshinchi, Murojaatnomada taʼkidlangan yana bir muhim yoʻnalish – “ijtimoiy davlat”ning huquqiy tabiati, tushunchasi, mazmun-mohiyati va ahamiyatini nazariy va huquqiy jihatdan oʻrganish masalalariga alohida eʼtibor qaratish kabi vazifalar rejalashtirildi.

Xulosa qilib aytganda, asosiy maqsadimiz faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish va Yangi Oʻzbekistonning ravnaqiga munosib hissa qoʻshishdan iborat.


Foziljon OTAXONOV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?