Tafakkur shaydosi

12:04 15 Noyabr 2023 Jamiyat
376 0

Foto: Arxiv surat

Gapni boshidan boshlaymizda.

Abdurahim Erkayev bilan dastlab tanishganimiz.

Bir kuni tahririyatga uch kishi kirib keldi: faylasuf olim Shodmon Azizov, adabiyotshunos opamiz Gulchehra Rasulova va menga notanish bir yigit; yaqin oʻttiz yillik gap, u vaqtda rostdan ham yigit degulik. Uch hamyurt. Universitetda bizga dars bergan Shodmon aka “oldinga oʻtib”, notanishni tanishtirdilar: Abdurahim Erkayev, adabiyotshunos, faylasuf, Abdulla akangizning jiyani. Mehmon bir qarashda mashhur shoirimizni eslatmayroq tursada, gap boshlaganidan soʻng oʻzginasi boʻldi-qoldi: soʻz ohangi ham, ovoziyu kulganida yashnab jilmayishlari ham.

Bu qadar quyuq tanishtirilishining sababi ham bor ekan. Yangi mehmonimiz maqola yozibdilar, bittagina! Fan nomzodi, universitetda talabalarga dars oʻqiydigan odam azbaroyi jurʼat qilib qogʻoz qoralabdilarda, nimasi ayb? Shodmon domlamiz esa mahliyo: fikrlari boshqacha, menga maʼqul, bir oʻqib koʻrsangizlar.

Ishonsangiz, maqola deganimizning sarlavhasi ham yoʻq edi. Mayli deb oʻqib koʻrdik. Oʻqidigu jurnalning yangi tayyorlanayotgan soniga uzatib yubordik. Chiqdi. Hamma soʻrab-surishtirgan, hammaga maʼqul.

Masala-mavzusiga koʻra maqola jurnalning bosh qismiga yarashiq edi. Dastlabki sahifalarni varaqlaboq koʻzingiz tushadi: Abdurahim Erkayev. Ajabki, mana yaqin oʻttiz yil boʻladi, hurmatli muallifimizning maqolalari hamisha aynan shu sahifalarga joylashtiriladi. Tadqiqotchilarimiz esa buni koʻrib hayron, agar muqovasiga qarab jurnal sanasini aniqlab olmasangiz, xuddi qayta-qayta bir sonni varaqlayotgandek boʻlasiz, deb kulishadi.

Jurnalda eʼlon qilingan maqolalarning sanogʻini muallifning oʻzi bilmasa, biz – tahririyat ahli sanab koʻrganimiz yoʻq. Lekin muhimi shuki, bu maqolalar hamisha “Tafakkur”ni bezab kelgan – dolzarbligi bilan, asosli, ohorli mulohazalarga boyligiyu dadilligi bilan.

Bizni mamnun qiladigan yana bir joyi – ilk maqolasiga sarlavha qoʻyishni unutgan muallifimiz ijodiy hamkorligimiz boshlangan oʻsha damlarni alohida maroq bilan eslaydi, hamon katta-kichik yigʻinlarda “Tafakkur”dan minnatdorligini taʼkidlab keladi, tahrir hayʼatining aʼzosi sifatida hamon bir qoʻli biz tomonda.

Buni koʻringki, oʻsha tajriba maqoladan boshlangan zavq, ilhom olimimizni katta-katta marralarga olib keldi. Bugun u kishi maʼnaviyat va maʼrifatga, ijtimoiy falsafaga oid koʻpdan-koʻp kitoblar, qoʻllanmayu darsliklar muallifi; jamiyatning maqsadi, millatni olgʻa boshlovchi gʻoyalar tadqiqi bilan band boʻlgan peshqadam nazariyotchi olimlar safida mahkam turibdi.

Abdurahim Erkayev bilan dunyoning eng murakkab, gʻalvali masalalaridan tortib kundalik turmushning inson shaxsiy hayotiga daxldor ikir-chikir mavzularigacha bemalol muhokama qilish mumkin. Albatta, yosh oʻtgan sayin maʼlum tajribalar yuki ostida kishida fikriy charchoqlik, eski qoliplarga moyillik ham paydo boʻlishi mumkin. Kamina Abdurahim aka bilan uchrashganda, suhbat asnosi har gal beixtiyor shu holni axtaraman va har gal adashganimni sezaman: mulohazayu mushohada, kuzatish va xulosalar hamon yangi, jonli, bugungi taʼbirda – kreativ! Tagʻin muhimi, siyosiy ob-havoyu mavjud shart-sharoit, muayyan qoliplar tazyiqidan mutlaqo xoli – mustaqil!

Fikrlashdan charchamagan odam qarimaydi.

Qarimagaysiz, Abdurahim aka!

Erkin AʼZAM,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi,

“Tafakkur” jurnali bosh muharriri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?