Tadbirkor ayollarga garovsiz kredit ajratiladi

11:25 17 Mart 2025 Hujjatlar
2882 0

Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi dasturlar joriy etilmoqda. Prezidentning 2025-yil 14-martdagi “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, ayollar bandligini oshirish, taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va ularning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator maqsadli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, 2025-yilda 2 million nafarga yaqin xotin-qizning bandligini taʼminlash, 250 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, yana 250 ming nafar ayolni oliy taʼlim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 50 ming ehtiyojmand xotin-qiz sanatoriylarda sogʻlomlashtirish dasturlariga jalb qilinib, ular uchun tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha maxsus motivatsion seminarlar tashkil etiladi.

2025-yil 1-maydan boshlab “HAMROH” dasturi doirasida ayol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi moliyaviy yordam mexanizmlari joriy qilinadi. Xususan, “Yashil loyihalar” va IT sohasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash hamda kamida 5 nafar ayolning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashgan ming nafar “ustoz” tadbirkorga 50 million soʻmgacha grant ajratiladi.

Bundan tashqari, ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan ayollar uchun 100 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa moliyaviy imkoniyatlari cheklangan, ammo biznes bilan shugʻullanish istagida boʻlgan xotin-qizlarga katta yordam boʻlishi kutilmoqda.

Shuningdek, tadbirkor ayollar tomonidan kredit mablagʻlari hisobidan xarid qilinadigan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kafillik taqdim etilishi ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?