Tabiiy yodgorliklarga e’tibor qanday bo‘lmoqda?

16:39 19 May 2023 Madaniyat
744 0

Foto: «Xalq so‘zi»

100 yil umr ko‘rish inson uchun katta muddat hisoblanadi. Biroq, chinor daraxti uchun bu kam vaqtdir. Andijon viloyatida yuzlab uzoq yillik daraxtlar bo‘lishi mumkin edi, afsuski, o‘z vaqtida ularni asrab qolishning imkoni bo‘lmagan. Biroq, sodir etilgan, yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqargan holda  mavjudlarini asrash, parvarishlash uchun yetarli sharoitga egamiz. Shu bois Tabiat resurslari vazirligining Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan hududdagi 19 ta 100 yoshdan oshgan chinor daraxtlarining raqamli ma’lumot bazasi yaratilgan. Endi ular tabiiy yolgorlik sifatida himoyalanmoqda.

- Bir paytlar viloyatning har bir shahar, tuman va qishloqlarida o‘n minglab chinor daraxtlari parvarishlangan,-deydi boshqarma mas’ul xodimi Lochinbek Isomuddinov. –Ulardan  mintaqadagi zaxlikni qochirish, botqoqlikka barxam berishda  keng qo‘llanilgan. Hozirda Asaka, Baliqchi, Marhamat, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa tumanlari hamda Xonobod shahrida  o‘sha daraxtlarning avlodlari mavjud. Bu chinorlarning uzoq umr ko‘rishi ularga bo‘lgan e’tiborga bog‘liq. Shu bois daraxtlarga oid ma’lumotlar shunchaki yuritilayotgani yo‘q, balki, himoyasi bilan bir qatorda parvarishiga ham alohida e’tibor qaratilyapti. 

Xonobod shahrining "Mehmonobod"  MFYdagi  “Fozilmon ota” ziyoratgohidan odamlar arimaydi. Ziyoratgohdagi ikki tup chinor esa o‘z soya-salqini va baxaybat tanasi bilan tashrif buyuruvchilarning diqqatini o‘ziga jalb etadi. Shu bois ular haqidagi barcha ma’lumotlar shu atrofdagi yozuvlarda o‘z ifodasini topgan. Unda ma’lum qilinishicha, chinorlar 1900 yili Farg‘ona (sobiq Skobolev) shahridan olib kelingan va shu yerga ekilgan ekan. 

- Chinorlarning tabiiy yodgorlik sifatida davlat himoyasiga olinganligi quvonarli, albatta,-deydi ziyoratchi Rustamjon Abdufattoyev. –Boisi, bugun bu kabi ulkan daraxtlarni uchratish qiyin. Ularni asrab-avaylash kerak. Zero, har bir mavjudot tabiat in’om etgan umrni yashashi kerak. Bu chinorlar haqidagi ma’lumotlar esa ziyoratchilarning e’tiborini tortib, qiziqishini oshiradi. Kechagi tariximiz guvohlari bo‘lmish o‘simlik dunyosi bizni o‘ylashga, ma’lumotlarimizni taxlil qilishga undaydi. Ularga bo‘lgan mehrimiz shu tariqa ortadi. 

Ma’lumotlarda bayon etilishicha, chinor daraxtlari qulay sharoitda 2500 yilgacha umr ko‘radi. Tanasining aylanasi 18, bo‘yi 50 metrgacha yetishi mumkin. O‘zbekiston sharoitida Surxondaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida 800 yoshli chinorlar mavjud. Xo‘sh, Andijon viloyatida ham ularni uzoq yillar davomida parvarishlashning imkoni bormi?  Bu tabiiyki, bugungi e’tibor, parvarish va himoyaga bog‘liq. Shunday ekan, boshqarma tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xayrlidir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?