Tabiatni mehrga muhtoj etmaylik
Iqlim oʻzgarishlari oqibatida sayyoramiz, jumladan yurtimiz boʻylab noqulay ob-havo sharoiti kuzatilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu holat havoning chang zarrachalari va zararli gazlar bilan ifloslanishi tufayli roʻy beryapti. Bunga tabiiy yaʼni texnogen hamda antropogen, boshqacha aytganda, inson taʼsiri omillari sabab boʻlmoqda.
Ekologik vaziyat ogʻirlashib borayotgan bir sharoitda deputatlar bu masalaga qanday yondashmoqda? Ular ahvolni oʻnglash borasida oʻz vakolatlari doirasida nimalarni bajarmoqda?
– Tasavvur qiling, iqlim oʻzgarishlari, suv taqchilligi tufayli sayyoramiz boʻylab har daqiqada oʻrtacha 9-10 kvadrat metr maydon choʻllanib, foydalanishga yaroqsiz holga kelmoqda, – deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi oʻrinbosari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Jahongir Sharipov. – Barcha davlatlar xaritadagina maʼlum chegaraga ega. Biroq atmosferada hech qanday toʻsiq yoʻq. Shu uchun uning transchegaraviy ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik dolzarb vazifadir.
Atmosfera havosining musaffoligini taʼminlash maqsadida yurtimiz jumladan, viloyatimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda deputatlar faol ishtirok etyapti. Ular oʻz saylov okruglarida ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarni kamaytirish, oʻrmon va daraxtzorlarni himoya qilish kabi masalalarda deputatlik nazoratini oʻrnatishgan. Shuningdek, aholi ekologik madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning bu boradagi masʼuliyatini oshirishga qaratilgan taʼsirchan targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Tabiatning noyob resursi hisoblanmish suvdan oqilona foydalanish, xususan, avtomobil yuvish shoxobchalarida ishlatilgan suvni tozalash masalasida jamoatchilik monitoringlari oʻtkazilib, tegishli amaliy tavsiyalar berilmoqda.

Joriy yilda deputat nazorati samarasi oʻlaroq 12 ta yirik korxonada 15 ta chang-gazni ushlab qoluvchi uskunalar oʻrnatilib, mavjud texnologiyalar modernizatsiya qilindi. Natijada 442,5 tonna miqdoridagi zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishi oldi olindi. Masalan, Kogon tumanidagi “Habiba Umida” MCHJ, “Orzu Umid Servis” MCHJ, Buxoro tumanidagi “Baxshullo” xususiy korxonasi, Vobkent tumanidagi “Bunyodkor Istiqlol Gʻisht” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ekologik holatni yaxshilash maqsadida mavjud uskunalar yangilandi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga koʻra, viloyatdagi 130 ta yirik sanoat korxonasi atrofida daraxt koʻchatlari ekilib, “yashil belbogʻ”lar barpo etildi. Ikki bosqichli “Toza havo” oyligi doirasida 30,8 mingta transport vositasi tegishli tashkilotlar hamkorligida ekologik nazoratdan oʻtkazildi. Aniqlangan nosozliklar natijasida 3,01 tonna zararli moddaning atmosferaga chiqishi ehtimoliga barham berildi.
Kengashimiz tomonidan “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun talablariga rioya etilishi boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkazilib, masʼul tashkilotlar eʼtibori mavjud muammolarga qaratilmoqda. Lekin bu dengizdagi bir tomchidek gap. Ekologiyani asrash borasida hali juda koʻp ish qilishimiz kerak.
Sir emaski, viloyatimiz hududining asosiy qismi choʻlu biyobonlardan iborat. Yoz oʻta issiq, qish sovuq kechadi. Iqlim oʻzgarishlari esa odamlar salomatligiga aks taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, allergik kasalliklar avj olyapti. Bunday pallada har bir daraxt, buta, giyohni asrab-avaylash, koʻpaytirish, atmosfera musaffoligini taʼminlash, ekologik madaniyatga rioya etish har qachongidan muhim. Ona – tabiat mehrga muhtoj. Undan mehru muhabbatimizni darigʻ tutmaylik. Biz, deputatlarning masalaga ana shu nuqtayi nazardan yondashuvimiz mavridi allaqachon keldi.
Istam IBROHIMOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring