Suvning ham hisobi bor
Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va chiqindilarni samarali bartaraf etishga qaratilgan islohotlar uzviy uygʻunlikda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Navoiy viloyatidagi 330 ta mahallaning 201 tasi toʻliq, 113 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Bu viloyat aholisining 85,7 foizini qamrab olmoqda. Markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagan 16 ta mahallaga esa suv maxsus transport vositalari orqali yetkazib berilmoqda.
— 2017-yilda viloyatimizdagi 55 ta mahalla hududida joylashgan qishloqlarda markazlashgan ichimlik suvi umuman mavjud emas edi, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” AJ raisi Otabek Zaripov. — Oʻtgan yillar davomida 39 ta mahallaga yangi suv tarmoqlari tortildi. Shuningdek, mavjud infratuzilmalarni rekonstruksiya qilish va quvvatlarni oshirish hisobiga 215 mingdan ortiq aholi xonadonlari hamda 4 940 ta yuridik isteʼmolchi hisoblagichlar orqali ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Tomdi, Konimex va Nurota tumanlaridagi olis choʻl ovullariga markazlashgan suv tarmoqlari yetib bormagan. Ushbu hududlarga “Navoiy suv taʼminoti” AJga qarashli 11 ta maxsus suv tashish texnikasi orqali suv yetkazib berilmoqda. Aholi mazkur suvni sotib oladi, ammo tushadigan mablagʻ hatto texnikalarning yoqilgʻi xarajatlarini ham qoplamaydi. Zarafshon va Uchquduq shaharlarida markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti xarajatlarining muayyan qismi jamiyat tomonidan qoplanadi.
— Odamlar gaz yoki elektr taʼminotidagi qisqa uzilishlarga chidashi mumkin, ammo suvsizlikka bardosh berish juda qiyin, — deydi O. Zaripov. — Shu bois suv tarmoqlari, nasoslar va maxsus texnikalarning uzluksiz ishlashi hayotiy zaruratdir. Albatta, bu isteʼmolchilardan suv uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishni ham talab qiladi.
Ayni paytda viloyatda ichimlik va oqova suv xizmatlari boʻyicha debitor qarzdorlik 19,4 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Bu esa oʻtgan asrning 70–80-yillarida qurilgan 269 ta suv inshootlaridan 85 tasi hamda 1 125,9 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari rekonstruksiyaga muhtoj ekanini inobatga olsak, sohaning moliyaviy ahvoli qanchalik jiddiy ekanini yaqqol koʻrsatadi.

Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻtgan yil oʻtkazilgan tekshiruvlarda 493 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 1 milliard 246 million soʻmlik maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi. Ulardan 407 tasi ichimlik suvi tarmoqlariga noqonuniy ulanish, 86 tasi esa suv isteʼmolini oʻlchash qoidalarini buzish bilan bogʻliq.
Huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar davomida esa 30 ta holatda jami 5 milliard 614 million soʻmlik suv resurslarining talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu holatlar suvdan xoʻjasizlarcha foydalanish va suv isteʼmoli madaniyati hali ham yetarli darajada shakllanmaganini koʻrsatadi.
Albatta, hozircha toʻlov intizomini buzgan isteʼmolchilarni elektr yoki gaz tarmogʻidan uzib qoʻyishdek choralarni suv taʼminotida qoʻllash mushkul. Biroq sohadagi soʻnggi oʻzgarishlar, raqamlashtirish va shaffoflikni taʼminlash borasidagi ishlar bu muammolarni bosqichma-bosqich hal etishga umid uygʻotmoqda. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikdagi ayrim noaniqliklarni bartaraf etish ham dolzarb vazifadir. Xususan, avtomobillarni yuvish shoxobchalari va ichimlik suvidan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun aniq suv isteʼmoli nizomlarini ishlab chiqish talab etilmoqda.
— Bugun avtomoyka ochish istagida boʻlgan tadbirkor suvga ulab berishni soʻrasa, rad etish uchun huquqiy asosimiz yoʻq, — deydi O. Zaripov. — Shuningdek, 40 metrdan ortiq chuqurlikdan suv olish uchun litsenziya talab etiladi. Ammo amaliyotda bu jarayonda ham qator noaniqliklar bor. Natijada yer osti suvlarining sathi yildan-yilga pasayib bormoqda. Masalan, besh yil oldin 70 metrdan suv chiqqan quduqlarda bugun suv sathi 110 metrdan pastga tushib ketgan.
– Bu holatlar tizimli tus olayotgani xavotirli, — deydi Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Fozilbek Hayitov. — Olib borilgan auditlar natijasida 457 ta abonent bilan shartnomalar imzolandi. 647 ta muassasada 118 turdagi kamchiliklar aniqlandi. Shuningdek, 243 ta yer osti suv qudugʻini tekshirish davomida 112 ta kamchilik qayd etildi va ularni bartaraf etish boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berildi.
Bugun Navoiy viloyatida suv taʼminotidagi muammolarni faqat eski quvurlar yoki nosoz nasoslar bilan bogʻlab boʻlmaydi. Suvga boʻlgan bepisand munosabatning avloddan-avlodga oʻtib kelayotgani esa barchamizning farovon hayotimizga jiddiy tahdid sifatida qabul qilinishi lozim.
Temur Eshboyev
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring