Suv va suvdan foydalanish, unga boʻlgan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan Qonun maʼqullandi

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur Qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari kuchaytirilmoqda, suv isteʼmolchilari uyushmalarining faoliyati oʻz aʼzolarining har yillik aʼzolik badali, shartnoma asosida suvni yetkazish va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek foydalanuvchilar majburiyatlari qatoriga raqamli texnologiyalarni joriy qilish shartligi kiritilmoqda.
Shu bilan birga, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarga suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish taqiqlanmoqda.
Qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv resurslaridan foydalanuvchi suv isteʼmolchilarining majburiyatlariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga doir har bir loyihaga davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalardan kamida besh yil samarali foydalanish, shuningdek, suvni tejash imkonini beradigan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish shartligi kiritilmoqda.
Suv yetkazadigan zararli taʼsirdan muhofaza qilish, zararli taʼsirning oldini olish va uni bartaraf etish tadbirlari davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning balansidagi obyektlarda tegishli byudjet mablagʻlari hisobidan, suv isteʼmolchilari balansidagi obyektlarda esa oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirish va suvdan oqilona foydalanilishi, suv isteʼmolchilari uyushmalarining suvdan foydalanishni tartibga solish boʻyicha vakolatlari kengayishi, koʻrsatilgan suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida undirilishi hamda moliyaviy holatini yaxshilashga, suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sherikchilik tamoyillarini joriy qilish va davlat byudjeti xarajatlarini kamaytirishga va boshqa natijalarga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring