“Suv tejashni oʻrgandik”

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quvasoy shahrining bogʻdorchilikdagi mirishkorligi bilan tanilgan Soʻfon qishlogʻi ahli bir necha yillardan buyon suv taʼminoti bilan bogʻliq muammolardan qiynalib kelayotgandi. Davlat eʼtibori va ragʻbati tufayli 50 Kvt quyosh panellari yordamida ishlaydigan suv qudugʻining ishga tushirilishi hududdagi 150 ta xonadon, 30 gektar ekin yer maydonini uzluksiz ravishda suv bilan taʼminlash imkonini berdi. Eʼtiborlisi, muammoni ijobiy hal etishdagi zamonaviy yondashuv soʻfonlik oilalarga yiliga 250 million soʻmlik elektr energiyasini tejab qolish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Muzaffar Abdurazzoqov ochiq elektron auksion savdosi orqali Quvasoy qir-adirlaridagi suvsiz hududdan 29 gektar yer sotib olgan. Hozirda intensiv va tejamkor texnologiyalardan foydalanib, bir qarashda dehqonchilik qilish uchun noqulay yerda moʻmay daromadga ega boʻlmoqda.
— Bunday sharoitda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi tannarxni qisqartirib, daromad salmogʻini oshirmoqda. Bunday suv tejovchi texnologiyalardan suv tejashni oʻrgandik, — deydi M.Abdurazzoqov. — Davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar oyoqqa turib olishimizda asqatyapti.
Joriy yilda viloyat miqyosida 43 mlrd soʻmlik loyihalar ijrosini taʼminlash uchun 38,1 ming km suv isrofi koʻp ariqlarni betonlashtirish va yangitdan foydalanishga topshirish ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar ushbu jarayonda 34,7 km yer ishlari, 33,6 km beton ishlari bajarildi. Kanal va ariqlarda betonlashtirish ishlari yakunlangach, foydali ish samaradorligi 90 foizga oshadi. Natijada yiliga 60 mln metr kub suv iqtisod qilinmoqda. Xorijiy investitsiya hisobiga soʻnggi yillarda viloyatda umumiy qiymati 93,5 mln AQSH dollari boʻlgan “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish 2-bosqich” loyihasi amalga oshirildi. “Avval-Logʻon” nasos stansiyasi qurib bitkazilib, “Isfayram-Shohimardon” nasos stansiyasi rekonstruksiya qilindi. Aholi tomorqalaridan unumli foydalanish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 253 dona yangi tik sugʻorish quduqlari foydalanishga topshirildi. Buning samarasi sifatida Fargʻona tumani va Quvasoy shahrining 36 ming gektar yerdagi suv taʼminoti yaxshilandi.
— Ayni paytda viloyatda umumiy qiymati 54,6 mlrd soʻm boʻlgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Farhodjon Ashmatov. — Bu mablagʻ evaziga shahar-tumanlar hududidan oqib oʻtuvchi 45,6 km uzunlikdagi kanallarni rekonstruksiya qilish hamda betonlashtirish ishlari bajarilmoqda.
Fargʻonada suv tejamkor texnologiyalarni qoʻllagan holda har bir qarich yerdan unumli foydalanishga erishish jiddiy eʼtiborda. Katta Fargʻona kanalining qirgʻoq boʻyi hududlarida uzum bogʻlari, oʻrdak boqish faoliyati tashkil etilmoqda. Qoʻshtepa tumani aylanma yoʻlidagi kollektorning 10 km qismida oʻrdak parvarishlash yoʻlga qoʻyilgani tufayli oʻnlab yangi ish oʻrinlari yaratildi. Katta Fargʻona magistral kanalining mazkur qismida uzum bogʻi tashkil qilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring