Suv xoʻjaligining quyi boʻgʻinlari takomillashtirilmoqda
Arxiv surat
Suv Yaratganning butun borliqqa, xususan, inson zotiga inʼom etgan eng ulugʻ neʼmatlaridan biridir. Suvchilarimiz shuni yuragidan his etgan holda xalqimizga obi hayotni yetkazib berish uchun fidokorona mehnat qilmoqdalar. Nasos stansiyalari kechayu-kunduz ishlab turibdi, kanallar, ariqlarni tozalab, suvning ravon oqishini taʼminlash, zovur-kollektorlarni tozalash-taʼmirlash orqali yerlarning unumdorligini oshirish, sel-toshqinlarni betalofat oʻtkazish kabi yumushlar doimgidek suvchilarning asosiy eʼtiborida.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi asosida suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha islohotlar izchil olib borilmoqda.
Xususan, quyi boʻgʻinda suv resurslarini samarali boshqarish, ularning hisobi va hisobotini toʻlaqonli yuritish, suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni takomillashtirish hamda ushbu jarayonlarga xususiy sektorni keng jalb qilish maqsadida 2022-yil 1-mart kuni Prezidentimizning “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan suv resurslarini quyi boʻgʻingacha Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilishi belgilab berildi. Suv resurslari va suvdan foydalanish boshqarmasi tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu qaror asosida barcha tuman irrigatsiya boʻlimlari tarkibida, tuman irrigatsiya boʻlimlari mavjud boʻlmagan tumanlarda irrigatsiya tizimi boshqarmasi tarkibida jami 160 ta yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi suv xoʻjaligining maxsus xizmati tashkil etildi. Ushbu xizmatlar suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish va koʻrsatilgan suv xoʻjaligi xizmatlaridan tushgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Hozirgi kunga kelib barcha maxsus xizmatlar tomonidan suv isteʼmolchilariga koʻrsatiladigan suv xoʻjaligi xizmatlari va ularga talab qilinadigan mablagʻlar boʻyicha Biznes reja tayyorlandi. Bunda birinchi navbatda tuman irrigatsiya boʻlimi tarkibidagi maxsus xizmatning pasporti, 2022-yil uchun xarajatlar rejasi, xodimlarning shtat jadvali, shuningdek, amalga oshiriladigan irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari rejasi ishlab chiqildi.
Maxsus xizmat bilan suv isteʼmolchisi oʻrtasida suvni yetkazib berish va koʻrsatilgan boshqa xizmatlar uchun toʻlanadigan mablagʻlari koʻrsatilgan holda shartnoma tuzish ishlari yakuniga yetkazildi.
Har bir suv olish inshooti, nasos stansiyasi, sugʻorish quduqlari boʻyicha suvning ikki (uch) tomonlama kundalik hisob jurnali, hisobi va hisoboti yuritilib, har oy yakuni bilan yetkazib berilgan suv hajmi koʻrsatilgan dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.
Tuman hududidagi barcha mavjud kanallar, gidrotexnik inshootlar, sugʻorish tarmogʻi, lotok, nasos agregatlari, sugʻorish quduqlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
Xatlov natijalariga koʻra, qishloq xoʻjaligi yer uchastkalari mavjud boʻlgan klasterlarga – ularga tegishli maydonlardagi barcha xoʻjaliklararo va ichki sugʻorish hamda kollektor-drenaj tarmoqlari, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari;
fermer xoʻjaliklariga – ularga bevosita xizmat koʻrsatuvchi ichki sugʻorish hamda kollektor-drenaj tarmoqlari, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlarini tegishli dalolatnomalar va tuman hokimlari qarori asosida berilishi taʼminlanadi.
Shuningdek, davlat suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish hamda suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berishni tashkil qilish boʻyicha ham joylarda ish olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring