Suv endi orzu emas

11:08 06 Yanvar 2026 Jamiyat
225 0

Andijon viloyatida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Natijada eng chekka hududlardagi xonadonlarga ham suv joʻmraklari oʻrnatilib, xalqimiz turmush sharoiti sezilarli darajada yaxshilanyapti. Masalan, soʻnggi sakkiz yilda 5 ming 638 kilometr tarmoq tortilib, 1 155 ta suv qudugʻi hamda 70 ta suv inshootida taʼmirlash va yangidan qurish ishlari amalga oshirildi. Natijada 738 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanib, 828 ta mahallada yashovchi 996 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Viloyatning suvlashganlik darajasi 67 foizdan 92,1 foizga yetkazildi.

– Hududlarni suvlashtirish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatishda davlat dasturlarining ahamiyati katta boʻlmoqda, – deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ direktori Dilshodbek Qoʻldashev. – Oʻtgan yilda barcha dasturlar doirasida 98 milliard 325 million soʻm mablagʻ hisobidan 236 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, 26 ta suv inshooti hamda 48 ta suv qudugʻi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bu ishlar natijasida 8 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanib, 12 ming nafar aholiga koʻrsatilayotgan xizmat sifati yaxshilandi. Ayniqsa, ijtimoiy jihatdan ogʻir hududlarni suvlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada chekka mahallalardagi har bir xonadonga suv joʻmragi oʻrnatilib, “obi hayot” kirib bordi. Viloyatning suvlashganlik darajasi 92,1 foizga yetkazildi.

Bugun butun dunyoda suv bilan bogʻliq muammolar kuchayib bormoqda. Bunga suvdan notoʻgʻri foydalanish, isrof qilish kabi holatlar ham sabab boʻlmoqda. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, agar bu holat shu tarzda davom etsa, 2050-yilga borib insoniyat jiddiy suv tanqisligiga yuz tutishi mumkin. Afsuski, bu xavf mamlakatimizni ham chetlab oʻtmayapti. Shu bois toza ichimlik suvi zaxiralarini asrash va undan unumli foydalanish bugunning dolzarb vazifasiga aylangan.

– Shu maqsadda “Andijon suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Xumoyunjon Alimov. – Bu boradagi muhim loyihalardan biri suv joʻmraklariga suv hisoblagichlarini oʻrnatishdir. Mazkur uskunalar suv sarfini aniq hisoblab, isrofgarchilikning oldini olishga xizmat qiladi. Zero, anʼanaviy usulda suvdan foydalanishda uning qariyb 27 foizi behuda sarflanadi. Suv hisoblagichlar oʻrnatilishi orqali ana shu miqdordagi suvni ham tejash imkoni yaratiladi. Ayni paytda viloyatda 542 ming nafar isteʼmolchi mavjud. Oʻtgan yilda 73 ming nafar isteʼmolchini suv hisoblagich bilan taʼminlash rejalashtirilgan boʻlsa-da, amalda 109 ming 238 ta uskuna oʻrnatildi. Natijada taʼminot darajasi 70 foizga yetdi. Holbuki, 2024-yilda bu koʻrsatkich atigi 47 foizni tashkil etgan edi. Suv hisoblagichlarning oʻrnatilishi nafaqat suvni tejash, balki isteʼmolchilar tomonidan toʻlanadigan toʻlovlarni ham adolatli va iqtisodli boʻlishiga xizmat qilmoqda.

Tan olish kerak, soha rivojida muammolar ham yoʻq emas. Asosiy masala isteʼmolchilar tomonidan toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirilmasligi bilan bogʻliq. Viloyatda qarzdorlikni kamaytirish maqsadida mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi joriy etildi. Har bir isteʼmolchi bilan yuzma-yuz suhbatlar oʻtkazilib, qarzdorlik oqibatlari tushuntirildi. Natijada qarz undirish koʻrsatkichi 2025-yilda 35 milliard soʻmga oshdi.

– Joriy yilda qarzdorlikni undirish boʻyicha 10 ming 367 ta qiymati 19 milliard 425 million soʻmlik daʼvo arizalari sudga kiritildi, – deya izoh berdi aksiyadorlik jamiyati direktorining oʻrinbosari Azizbek Yuldashev. – Ulardan 7 milliard 361 million soʻmlik qismi sud tomonidan ijobiy hal etildi. Shuningdek, noreal qarzdorliklarni aniqlash maqsadida xatlov ishlari oʻtkazildi. Hozirda aholi nazoratchilari tomonidan muddati oʻtgan qarzdorliklar boʻyicha xonadonlarga ogohlantirish va talabnomalar tarqatilmoqda.

Saminjon HUSANOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?