Surxondaryoda ilk bor “Tandir Fest” festivali oʻtkaziladi

18:00 28 Aprel 2025 Jamiyat
145 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxon vohasining tandir goʻshti nafaqat respublikamizda, balki oʻzbekning qadami yetgan koʻplab davlatlarda juda mashhur. Qolaversa, togʻ archasiga qorishgan tandir goʻshtining xushboʻy hidi dimogʻni shu qadar qitiqlaydiki, asti qoʻyaverasiz. Uni yeb dimogʻi chogʻ boʻlgan sayyoh qayerlik boʻlishidan qatʼi nazar, yana vohani sogʻinib qolishi tayin.

Joriy yilning 2, 3 va 4-may kunlari Surxondaryo viloyatining goʻzal va betakror maskani — Boysun tumanidagi “Boysun bahori” turizm majmuasida “Tandir Fest” festivali tashkil etilmoqda.

Festivalda hududlardan kelgan oshpazlar ishtirokida tandir goʻshtini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi. Shu kuni vohaning har bir hududiga xos tayyorlangan ushbu tansiq taomni tatib koʻrish imkoniyati keng yaratiladi.

Shuningdek, festival dasturidan milliy anʼanalar va xalq amaliy sanʼati koʻrgazmalari, hunarmandchilik yarmarkalari, havo sharlari uchirish tadbirlari, jonli kuy-qoʻshiqlar, folklor jamoalari chiqishlari, milliy raqslar namoyishi ham oʻrin olgan. Festivalning yopilish marosimida esa taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi gala-konsert namoyish etiladi.

Ushbu tadbirning oʻtkazilishidan asosiy maqsad milliy qadriyatlarni, boy oshpazlik anʼanalarini, xalq amaliy sanʼati va madaniy merosimizni keng targʻib etish, vohada turizmni rivojlantirishga qaratilgandir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер