Surxondaryoda “Cobalt” yukxonasidan qariyb 51 kilogramm “gashish” moddasi topildi (+video)

10:52 12 Dekabr 2025 Jamiyat
191 0

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1985-yil Termiz shahrida tugʻilgan shaxs oʻzining boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida 50 kg 978 gr “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 186 gr “gashish” moddasi topilgan. Tezkor tadbir davom ettirilib, uning 1986-yilda tugʻilgan sherobodlik jinoiy sherigi ham qoʻlga olingan.

Maʼlum boʻlishicha, qonunbuzarlarning biri muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun, ikkinchisi esa firibgarlik jinoyati uchun sudlangan boʻlgan.

Shu kabi yana bir holat Toshkent shahrida ham kuzatilgan. Unga koʻra, Uchtepa tumanida yashovchi, 2000-yilda tugʻilgan fuqaro tomonidan “Telegram” messenjeri orqali poytaxt hududida sintetik giyohvandlik vositalari sotish holati fosh qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda u 225 gr “Alʼfa PVP” sintetik narkotik moddasi bilan qoʻlga olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning 2005-yilda tugʻilgan tanishi ham 2 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi bilan ushlangan. Dastlabki soʻrovda, u dori vositasini Mirzo Ulugʻbek tumanidagi dorixonalarning biridan sotib olgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida ushbu dorixonaning norasmiy sotuvchisi 14 dona “Regapen” dori vositasini mijozga 1 million 200 ming soʻmga sotgan vaqtida qoʻlga olingan.

Shuningdek, dorixonaning yordamchi omborxonasidan 20 ming 200 dona “Gabaten”, 823 dona “Regapen”, 100 dona “Galara”, 4 dona “Torgabalin” kabi tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar saqlovchi, tegishli hujjatlari boʻlmagan dori vositalari ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?