Surxondaryoda ayol va chaqalogʻini molxonada saqlaganlar uzoq muddatga qamaldi

13:11 12 Yanvar 2026 Jamiyat
430 0

Videodan kadr

2025-yilning sentyabr oyida Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ayol va uning yangi tugʻilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik qilib, bir necha oy davomida majburan molxonada saqlagani haqida xabar berilgan edi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ayol va uning bolasiga nisbatan vahshiylarcha munosabatda boʻlganlarga sud hukmi oʻqilganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Uzun tuman sudining hukmi bilan A. Sh. (erkak, 1981-yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan) Jinoyat kodeksining 126-1, 127, 25,135 va 138-moddalarida, M. Sh. (ayol, 1975-yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan), K. Sh. (ayol, 1978-yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan) va Z. A. (ayol, 1951-yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan) 104, 127, 25,135 va 138-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sudning hukmi bilan A.Sh.ga 13-yil, M.Sh. va K.Sh.ga 9-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Z.A.ga 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shuningdek, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilindi.

Uzundagi vahshiylik

2025-yilning 26-avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi mahallalarning birida nomaʼlum ayol kishi antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilganligi haqida Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaatga asosan mahalla profilaktika inspektori zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan hamda xonadon egalarini qarshiligiga qaramasdan molxona eshigini buzib kirgan. Aniqlanishicha, xonadon egasi 1981-yilda tugʻilgan fuqaro Sh.A.ning norasmiy turmush oʻrtogʻi 1997-yilda tugʻilgan fuqaro X.G. va uning 5 oylik oʻgʻil farzandini ogʻir sharoitda majburlab saqlab kelayotgani maʼlum boʻlgan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Holat oʻrganilganda, xonadon egasi fuqaro Sh.A., shu xonadonda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, norasmiy turmush oʻrtogʻi fuqaro X.G.ni ruhiy holatidagi oʻzgarishlari borligidan (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini toʻliq bayon qilishga qiynalishi) foydalanib bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik ishlatib, majburlab, xonadon ichidagi molxonada yashirin ravishda saqlab kelishganligi fosh qilingan.

Hozirda jabrlanuvchi X.G. Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik boʻlimiga, farzandi esa tugʻruq boʻlimiga davolanish uchun joylashtirilib, ularning sogʻligʻi bilan bogʻliq vaziyat viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi masʼullari tomonidan alohida nazoratga olingan.

Ushbu holat yuzasidan, Uzun tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 126 prim 1-moddasi 7-qismi “a”, “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar Sh.A. va uning ishga aloqador boʻlgan uch nafar yaqin qarindoshlari protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?