Surxondaryoda anʼanaviy katta kurash musobaqasi oʻtkaziladi

10:23 11 Dekabr 2025 Jamiyat
237 0

Yurtimizda har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Mehnati bilan yurt rizqini koʻpaytirib, xalq dasturxonini toʻkin qilishga xizmat qilayotgan agrar soha vakillariga boʻlgan hurmat va eʼtibor aynan shu bayram kunlarida yanada yorqin namoyon boʻladi.

Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan joriy yil 14-dekabr kuni Termiz shahrida anʼanaviy katta kurash musobaqasi tashkil etilmoqda. Bellashuvda mamlakatimizning barcha hududlari hamda qoʻshni respublikalardan tashrif buyuradigan nomdor, tajribali va mahoratli polvonlar turli vazn toifalarida oʻz mahoratlarini namoyish etadilar.

Musobaqaning yana bir muhim jihati — sovrinlarining nufuzida. Gʻolib va sovrindorlarga qimmatbaho sovgʻalar, pul mukofotlari, shuningdek, bosh sovrin sifatida yengil avtomobil topshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur bellashuv nafaqat polvonlar, balki tomoshabinlar uchun ham haqiqiy bayram kayfiyatini yaratadi. Milliy ruh, polvonlarning mahoratli changallari, raqsdek harakatlar, chanqovsiz jangovar shijoat — bularning barchasi tomoshabinlarga oʻchmas taassurotlar uygʻotadigan kunda birlashadi.

Termiz shahridagi “Alpomish” oʻyingohida oʻtkaziladigan ushbu yorqin musobaqa milliy sport, milliy qadriyatlar va jamoatchilik birdamligining oʻziga xos namoyishiga aylanishi shubhasiz.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?