Surxondaryo viloyatida qum boʻronlariga qarshi saksovulzorlar barpo etilmoqda
Keyingi yillarda respublikamizda ekologik muhitga salbiy taʼsir etuvchi omillar kuchayib, kuchli shamol va qum boʻronlari tez-tez kuzatilmoqda. Ayniqsa, Surxondaryo viloyatida “afgʻon shamoli” deb ataluvchi qumli boʻronlar deyarli har yili takrorlanib, aholi salomatligi va atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu holat choʻllanishga qarshi kurashish, yer resurslarini muhofaza qilish hamda ekologik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha tizimli va amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu yoʻnalishda Jarqoʻrgʻon tumanida muhim ekologik loyiha amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi “Jonli tabiat” jamoat birlashmasining Surxondaryo viloyati boʻlimi hamda Oʻzbekiston ekologik harakati tashabbusi bilan Qorayantoq mahallasi hududida 20 gektar maydon koʻkalamzorlashtirildi.
Loyiha doirasida qumli va shoʻrlangan yer sharoitiga mos boʻlgan 200 ming tup saksovul koʻchati ekilib, qoʻshimcha ravishda 300 kilogramm saksovul urugʻi qadaldi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, saksovulzorlarni kengaytirish shamol eroziyasi, qum koʻchishining oldini olish hamda choʻllanish jarayonlarini sekinlashtirishda eng samarali tabiiy yechimlardan biri hisoblanadi.
Mazkur tashabbus nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilash, balki aholi turmush sifatini oshirish, tabiiy muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishiga moslashish yoʻlidagi muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring