Superliga. 16-turga tafsiliy nazar: “Nasaf” peshqadamligini mustahkamladi, “Bunyodkor” sensatsiya yaratdi
Foto: Illustrativ foto
1–3-avgust kunlari Oʻzbekiston Superligasining 16-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Ushbu tur doirasida 8 ta oʻyin oʻtkazildi, quyidagi natijalar qayd etildi:
“Mashʼal” 0:1 “Paxtakor”
“Buxoro” 0:2 OKMK
“Neftchi” 1:2 “Bunyodkor”
“Soʻgʻdiyona” 1:2 “Nasaf”
“Dinamo” 2:2 “Navbahor”
“Andijon” 3:0 “Qoʻqon-1912”
“Shoʻrtan” 1:3 “Xorazm”
“Surxon” 0:0 “Qizilqum”
Tur natijalariga koʻra, 2 ta oʻyin durang bilan yakunlandi, 5 ta oʻyinda mehmonlar gʻalaba qozondi. Faqat bir oʻyinda mezbon jamoa — “Andijon” gʻalaba qoʻlga kiritdi.
Sensatsiya: “Bunyodkor” “Neftchi”ni Fargʻonada magʻlub etdi
“Neftchi” – “Bunyodkor” uchrashuvi oldidan koʻpchilik “fargʻonaliklar”ni yaqqol favorit sifatida koʻrgan edi. Bu bejiz emas: “Bunyodkor” yozgi transferlar paytida Odil Hamrobekov va toʻpurar Luiz Kachorridan ayrilgan, ularning oʻrni esa toʻliq toʻldirilmagandi.
Aksincha, “Neftchi” yangi legioner hujumchilar — Joel Kojo va Silvanus Nimelini jalb etdi, shuningdek, Alisher Odilov singari muhim futbolchi jamoaga qoʻshildi.
Shunga qaramay, “Neftchi” uchrashuv davomida “Bunyodkor” darvozasiga 32 ta zarba yoʻllab, 50 dan ziyod hujum uyushtirdi, ammo realizatsiya past darajada boʻldi. “Bunyodkor” esa oʻz imkoniyatlaridan unumli foydalanib, sensatsiyali gʻalabaga erishdi.
Tomoshabop bahs: “Dinamo” – “Navbahor” 2:2
Samarqandda boʻlib oʻtgan “Dinamo” va “Navbahor” oʻyini Superliga muxlislari uchun tom maʼnoda mazmunli shouga aylandi.
“Dinamo” ilk boʻlimda 2:0 hisobida oldinga chiqdi. Gollardan birini yangi kelib qoʻshilgan Dmitriy Pletnyov kiritdi. Ammo ikkinchi boʻlimda “Navbahor” oʻz oʻyinini topdi: 50-daqiqada Abbosbek Gʻulomov, 54-daqiqada Saydazamat Mirzaidov gol urib, hisobni tenglashtirishdi.
86-daqiqada “Dinamo” penalti qoʻlga kiritdi, ammo Jurani Ferreyra imkoniyatdan foydalana olmadi. Qizigʻi, mavsumdagi ilk oʻzaro bahsda ham “Dinamo” soʻnggi daqiqalarda penaltidan gol ura olmagan edi.
Peshqadam yana gʻalaba qozondi
“Nasaf” yozda Akmal Mozgovoy, Islom Kenjaboyev va Ruben Xebay kabi muhim futbolchilardan ayrildi. Ammo bu jamoaning harakatlariga salbiy taʼsir qilmadi. Jizzaxda “Soʻgʻdiyona”ga qarshi kechgan bahsda “qarshiliklar” ilk boʻlimdayoq 2 ta gol kiritib, oʻyin taqdirini hal qilib qoʻyishdi.
“Soʻgʻdiyona” safida aynan “Nasaf”dan borib qoʻshilgan Ruben Xebay bitta gol mualliflik qildi, ammo bu yetarli boʻlmadi. “Nasaf” muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirdi.
Turnir jadvali: peshqadamdan uzoqlashganlar koʻpaymoqda
16-turdan soʻng “Nasaf” 36 ochko bilan yaqqol yetakchilikni saqlab qoldi. Qizigʻi shundaki, keyingi 4 jamoa — “Paxtakor”, “Navbahor”, “OKMK” va “Dinamo”da 30 tadan ochko mavjud.
Quyi pogʻonalarda liga debyutantlari — “Mashʼal”, “Shoʻrtan”, “Buxoro” va “Qoʻqon-1912” klublari joylashgan. Ular hozircha omadli seriya boshlashga ulgurishmayapti.
Muxlislar faolligi: eng koʻp – Fargʻonada
16-tur uchrashuvlarini jami 43 517 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu oʻrtacha hisobda har bir oʻyinni 5 440 nafardan ortiq futbol shinavandalari kuzatganini anglatadi.
— Eng koʻp muxlis toʻplagan oʻyin: “Neftchi” – “Bunyodkor” (15 240 kishi, Fargʻona)
— Eng kam muxlis qatnashgan oʻyin: “Buxoro” – OKMK (452 kishi, betaraf maydon)
Keyingi tur: markaziy oʻyin — “Paxtakor” – OKMK
Superligada 17-tur 5–8-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Unda quyidagi uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan:
“Paxtakor” – OKMK
“Navbahor” – “Soʻgʻdiyona”
“Mashʼal” – “Dinamo”
“Qoʻqon-1912” – “Neftchi”
“Nasaf” – “Andijon”
“Qizilqum” – “Buxoro”
“Bunyodkor” – “Shoʻrtan”
“Xorazm” – “Surxon”
Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring