Sunʼiy intellekt: Insonga raqibmi yoki yordamchi?

Sanjar SHOMURODOV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbari mamlakatimizda keng nishonlangan Yoshlar kuni bayrami asosiy tadbirlari doirasida yurtimiz yoshlari bilan uchrashib, dildan muloqot qildi. Unda qadriyatlarimiz va madaniyatimizni oʻzida ifoda etadigan sunʼiy intellektning milliy modelini ishlab chiqish boshlanganini taʼkidladi.
Shuningdek, sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha bank-moliya, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va energetika sohalari ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi. Joriy yilning oʻzida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yosh sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻrganadi.
Shubhasiz, XXI asrda erishilgan texnologik va ilmiy yutuqlarning eng yuqori nuqtasi tabiiy intellektimiz tomonidan yaratilgan sunʼiy intellektdir. Bugun u deyarli barcha sohada — ishlab chiqarish, tibbiyot, taʼlim, hatto kundalik hayotimizda ham asta-sekin oʻz oʻrnini topyapti. Lekin ushbu ixtiro ortidan turli savollar tugʻilmoqda. Xoʻsh, sunʼiy intellekt bizga raqib boʻladimi yoki yordamchi?
Bir tomondan, mashinalarning murakkab muammolarni hal etishi biz uchun ulkan imkoniyat, albatta. Biroq robotlar koʻplab sohalar, hatto ijodiy faoliyat bilan bogʻliq yoʻnalishlarda ishimizni, aqliy mehnatdagi yetakchiligimizni ham olib qoʻyishi borasidagi tahdidlar har qanday kishini oʻyga toldiradi.
Sunʼiy intellekt (SI) — bugungi zamonaviy texnologiyalar ichida eng tez rivojlanayotgan va eng koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan sohalardan biri. Uning mohiyatini soddaroq tushuntiradigan boʻlsak, u inson aqliy faoliyatiga oʻxshash vazifalarni avtomatlashtirilgan tarzda bajara oladigan dasturiy va texnik tizimlar majmuasidir. Yaʼni bu texnologiya yordamida mashinalar ham oʻrganadi, qiyoslaydi, muayyan xulosalar chiqaradi. Ilgari faqat inson uchun xos deb hisoblangan tahlil va tezkor reaksiya kabi imkoniyatlar endilikda sunʼiy intellekt vositasida mashinalarga ham singdirilmoqda.
Hozirgi taraqqiyot bosqichini kuzatsak, SI faqatgina ilmiy laboratoriyalarda yoki katta kompaniyalar doirasida emas, balki inson kundalik hayotigacha kirib keldi. Eng oddiy misol, smartfonlarimizdagi ovozli yordamchilar (masalan, “Siri” yoki “Google Assistant”), turli chat-botlar orqali onlayn xizmatlar koʻrsatilishi, matnlarni avtomatik tarjima qilish tizimlari bunga yaqqol dalildir. Shu bilan birga, yuzni aniqlash, barmoq izini tanish, hatto videokuzatuv tizimlarida ham SI faol ishlatilmoqda. Har qadamda u bizni taʼqib qilishini hatto sezmaymiz ham.
Soʻnggi yillarda sunʼiy intellekt atrofidagi eng katta munozaralardan biri, bu uning inson uchun raqibga aylanish ehtimoli bilan bogʻliq. Mazkur fikr osmondan tushgani yoʻq, balki koʻplab amaliy misollar bilan oʻz tasdigʻini topmoqda.
— Texnologiyalar har doim ish oʻrinlariga taʼsir qilib kelgan. Sunʼiy intellekt ham bundan mustasno emas. Lekin bu gal aqliy mehnat sohalari xavf ostida qolmoqda. Hozirda faqat qayta takrorlanadigan texnik vazifalar emas, balki tahlil, kommunikatsiya, ijodiy fikrlash talab etilayotgan joylarda inson oʻrnini robotlar egallashi ehtimoli ortyapti. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, har bir yoʻqolgan ish oʻrniga yangisi yaratiladi. Muhimi, jamiyat taʼlim va qayta kasbiy tayyorgarlik tizimini zamonga moslashtirishi lozim, — deydi Massachusets texnologiya instituti professori, mehnat bozori boʻyicha ekspert Daniel Sass-Kattler “The New York Times”ga bergan intervyusida.
Jahon miqyosida avtomatlashtirish tobora koʻpaygani kundek ayon. “McKinsey Global Institute”ning 2023-yildagi hisob-kitoblariga koʻra, kelgusi 10 — 15-yil ichida dunyodagi ish oʻrinlarining 30 foizgacha qismi avtomatlashtirilishi mumkin. Bu degani, ayniqsa, takrorlanuvchi va anʼanaviy texnik vazifalarni bajaruvchi millionlab ishchilarning oʻrni SI yoki robotlar bilan almashtiriladi. Misol uchun, AQSH va Yevropadagi yirik logistika markazlarida ombor ishlari, mahsulot saralash, yetkazib berish kabi jarayonlar allaqachon avtomatlashtirildi. Ish beruvchi uchun ishini bexato bajaradigan, ishga kech qolmaydigan, eʼtiroz bildirmaydigan robotlar insonlardan koʻra manfaatliroq ekanini inkor eta olmaymiz, axir.
Yana bir xavotirli jihati, SI orqali soxta xabarlar va dipfeyk texnologiyalarining keng tarqalishidir. Dipfeyk (chuqur yolgʻon) — bu sunʼiy intellekt yordamida yaratiladigan, haqiqiysiga juda oʻxshash, biroq yolgʻon video va audio materiallardir. Masalan, 2023-yilda Oʻzbekistonda internet tarmoqlarida 1129 ta, 2024-yilda esa 3553 ta SI yordamida yaratilgan noqonuniy materiallar tarqatilgani aniqlangan. Bunday holatlar aholining ishonchiga kirish maqsadida taniqli shaxslarning qiyofasi va ovozidan noqonuniy foydalanishni oʻz ichiga oladi. Aynan shunday texnologiyalar yordamida nafaqat siyosiy manipulyatsiya, balki shaxsiy obroʻga putur yetkazish, moliyaviy firibgarlik, kiberjinoyatlar amalga oshirilayotganini koʻrishimiz mumkin.
— Sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan soxta kontentlar jamiyatdagi ishonch muhitini yemirishi mumkin. Ayniqsa, dipfeyk texnologiyasi orqali taniqli shaxslarning soxta videolarini tarqatish jiddiy oqibatlarga olib keladi. Biz allaqachon siyosiy jarayonlar, saylovlar davomida bunday usullardan foydalanilganiga guvoh boʻldik. Masalan, 2024-yilda Braziliyada saylovlar oldidan soxta videolar orqali raqiblar obroʻsiga putur yetkazish holatlari kuzatildi. Shu bois dunyo mamlakatlari tezkor huquqiy va texnik choralar koʻrishi zarur, — deya taʼkidlaydi kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassis, “Norton” kompaniyasi vakili Liza Monro.
Aytish joizki, SI bilan birga, axloqiy va falsafiy xavf paydo boʻlyapti. Bu yerda gap inson tafakkuri va ijodiy mahoratini SI ortda qoldirishi ehtimoli ortgani haqida ketmoqda. Bugun “ChatGPT” kabi matn yaratish tizimlari, “MidJourney” singari tasvir ishlab chiqaruvchi dasturlar va musiqa yozuvchi algoritmlar ijodkorlar bilan raqobat qilmoqda. Masalan, Yaponiyada SI tomonidan yozilgan hikoyalar adabiy tanlovlarda ishtirok etdi. Tabiiy savol tugʻiladi: agar mashina sheʼr yozsa, rasm chizsa, maqola tayyorlasa, undan inson ijod mahsuli qanday ajralib turadi?
— Mashinalar ijod qilishni oʻrganayotgani haqiqat. Biroq ularning “ijodi” inson ruhiyati, his-tuygʻusi, hayot tajribasi bilan boyitilmagan. Ijod — bu faqat maʼlumotlarni qayta ishlash emas, balki qalb ogʻrigʻi, orzu, iztirob, dard mahsulidir. Mashina sheʼr yoza oladi, lekin u olamni inson koʻzi, qalbi bilan his eta olmaydi. Shu bois inson ijodi va SI materiali oʻrtasida katta farq bor. Ammo buni anglash va chegarani belgilab qoʻyish insoniyat zimmasidagi masʼuliyatdir, — deydi Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti professori, kognitiv fanlar boʻyicha mutaxassis, professor Syuzan Blekmor.
Koʻplab taniqli shaxslar SIning xavfi borasida jamoatchilikni ogohlantirib kelmoqda. Mashhur tadbirkor Ilon Mask 2023-yilda “Agar SI ustidan nazorat boʻlmasa, u insoniyatni halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, degan edi. Marhum fizik olim Stiven Xoking esa oʻz hayotining soʻnggi yillarida “Sunʼiy intellekt insoniyatning eng buyuk kashfiyoti boʻlishi mumkin, lekin nazorat qilinmasa, uning eng yomon ofati ham boʻladi”, deya taʼkidlagandi.
Demak, sunʼiy intellektning inson uchun raqib boʻlish ehtimoli mavhum nazariya emas, balki real hayotdagi voqealar va ilmiy tahlillar bilan tasdiqlanmoqda. Shu sababli mazkur texnologiyaning kuchi va xavfini birdek eʼtirof qilgan holda, uning ustidan qatʼiy nazorat hamda axloqiy yondashuv talab etiladi. Aks holda, insoniyat oʻzi yaratgan aql orqali oʻzini ortda qoldirishi mumkin.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, sunʼiy intellekt haqida faqat tahdid va xavf nuqtayi nazaridan fikr yuritish “tanganing bir tomoni”ni koʻrishdek gap. Chunki SI inson uchun nafaqat raqib, balki muhim yordamchi, yaʼni hamrohga aylanganini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Birgina tibbiyot sohasini oladigan boʻlsak, aynan sunʼiy intellekt yordamida saraton kasalligini dastlabki bosqichdayoq aniqlash imkoniyati paydo boʻldi.
AQSHning Stenford universiteti shifokori va biotibbiyot tadqiqotchisi doktor Klark Xemmingsning eʼtirof etishicha, sunʼiy intellekt tibbiyotni yangi bosqichga olib chiqdi. Saraton, yurak-qon tomir yoki genetik kasalliklarni avvaldan aniqlashda SI samarasi isbotlangan. “Ammo biz SIni toʻliq nazorat ostida ushlashimiz kerak. Chunki inson hayotidagi qarorlarni faqat algoritmlarga ishonib topshirib boʻlmaydi”, deydi u.
Nogironligi bor insonlarga yordam masalasida esa SI beminnat koʻmakchiga aylangan. AQSH va Yevropa mamlakatlarida sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan eshitish apparatlari, ovozni matnga aylantiruvchi qurilmalar va robot yordamchilar orqali nogironligi boʻlgan insonlarning ijtimoiy hayotdagi faolligi oshmoqda. Hatto koʻzi ojiz insonlar uchun maxsus SI tizimlari yordamida atrofdagi obyektlarni ovoz orqali tasvirlab beruvchi texnologiyalar ham yaratilmoqda.
Ogʻir va xavfli ishlarda ham sunʼiy intellekt insonning joniga oro kiryapti. Neft konlarida, chuqur shaxtalarda, portlash xavfi yuqori boʻlgan sanoat tarmoqlarida robotlar va SI tizimlari insonlar oʻrniga ishlayapti. Masalan, yaqinda Yaponiyada kuchli zilziladan soʻng SI boshqaruvidagi robotlar vayron boʻlgan binolarni tekshirib, inson xavfsizligi uchun zarur maʼlumotlarni toʻpladi.
Sunʼiy intellekt inson salomatligini asrash, bilim olish miqyoslarini kengaytirish, imkoniyati cheklangan insonlarga koʻmak berish va xavfli hududlarda inson hayotini himoya etishda yaqin yordamchi, haqiqiy koʻmakchi boʻlib xizmat qilmoqda. Demak, texnologiyaning bu yoʻnalishi toʻgʻri boshqarilsa, u insoniyat taraqqiyotining ajralmas yoʻldoshiga aylanishi mumkin. Tarix shuni koʻrsatadiki, har bir yirik texnologik taraqqiyot insoniyat uchun nafaqat qulaylik va rivojlanish, balki kutilmagan oqibatlar, murakkab savollar hamda baʼzan achchiq tajribalarni ham olib keladi. Bugungi sunʼiy intellekt texnologiyasining yuksalishi bundan mustasno emas, albatta.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring