Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik hukmron boʻlishi kerak

13:52 08 Fevral 2023 Jamiyat
690 0

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, oʻtgan davr mobaynida bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Zero, davlat va jamiyatni tubdan modernizatsiyalash, avvalo, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud mustaqilligini taʼminlash, odil sudlovga erishishda muhim oʻrin tutadi.

Xoʻsh, bugungi kunda sudni tom maʼnoda “adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirish yoʻlida qanday bosqichlardan oʻtildi va kelgusida yana nimalarni amalga oshirish lozim?

Muxbirimiz shu va sohaga oid boshqa yangiliklar, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar xususida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor ISLOMOV bilan suhbatlashdi.

— Baxtiyor Jahongirovich, Oliy sud raisi lavozimida ish boshlaganingizga hali koʻp vaqt boʻlmadi va bu masʼuliyatli vazifa Sizga ishonib topshirildi. Ayting-chi, bugungi kunda sud tizimiga xalqning ishonch darajasini oshirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Yangi Oʻzbekiston islohotlarining ilk davrlaridanoq Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev sudlar oldida turgan asosiy maqsadlardan birini aniqlab berdi. Yaʼni bunda sudni tom maʼnoda “adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga boʻlgan ishonchini qatʼiy mustahkamlash zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Bilasizmi, fuqarolarimizning sudga boʻlgan ishonchini oshirishda, avvalo, ­sudyalar mustaqilligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi, sudning ochiqligi va shaffofligi, sudyaning xolisligi va begʻarazligiga shubha tugʻdiruvchi omillar mavjud boʻlmasligi lozim. Aks holda insonda sudga boʻlgan ishonch yoʻqoladi.

Fuqarolarimiz sudni — odamlarni qoralaydigan, jazolaydigan organ, deb emas, aksincha, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan organ, oʻzlarining himoyachisi, ­adolat posboni, deb qarashiga ­erishishimiz zarur.

Aholining sudlarga boʻlgan ishonchini oshirish yoʻlida sud-huquq islohotlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda ­fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga odil sudlovdan ­foydalanish imkoniyatlari yanada kengaytirilmoqda.

Oliy sudning rasmiy veb-saytida interaktiv xizmatlar portali ishga tushirilgan boʻlib, unda sudlarga elektron murojaat yoʻllash, sud hujjatlarining namunalaridan foydalanish, davlat bojini avtomatik tarzda hisoblash, sud xarajatlarini elektron toʻlash, sud majlislarida videokonfe­rensaloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va shu kabi boshqa koʻplab imkoniyatlar yoʻlga qoʻyilgan.

Sud organlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash uchun oʻtkaziladigan sud majlislari jadvali bilan tanishish, sud qarorlari, sudlar faoliyatiga doir hisobotlar, axborotlar, ochiq maʼlumotlarni rasmiy veb-sayt orqali olish, sudda ishlarning koʻrilish holatini onlayn kuzatib borish imkoniyatlari yaratilgan.

Jamoatchilikni sudning faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali brifinglar, uchrashuvlar, chiqishlar tarzida xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Ochiq sud majlislarida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillarining sudlarda ishtirok etish huquqi amalda. Shuningdek, tegishli xalq deputatlari Kengashlariga sudning faoliyati toʻgʻrisida yiliga kamida bir marotaba axborot berish tartibi joriy etilgan. Bularning hammasi xalqning sud tizimiga boʻlgan ishonch darajasini oshirishga qaratilgan boʻlib, bunda sudlar qonunga qatʼiy rioya qilib, har bir shaxsning manfaatlarini muhofaza etishi, ularning buzilgan huquqlarini tiklashi va shu asosda xalqning ishonchini qozonishi zarur boʻladi.

Biz bu boradagi islohotlarimizni izchillik bilan davom ettirib, fuqarolarimizning sudlarga boʻlgan ishonchini oshirishga doim harakat qilamiz.

— Oʻtgan davrda sohada ­davlatimiz rahbari boshchiligida hayotimizning barcha sohasida izchil va qamrovdor islohotlar amalga oshirilmoqda. Siz sud tizimidagi yangilanishlarning asl mazmun-mohiyati va ularning ustuvor jihatlari nimalarda deb bilasiz?

— Toʻgʻri taʼkidlab oʻtdingiz, oʻtgan qisqa muddat ichida sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, odil sudlovni taʼminlash boʻyicha izchil ishlar amalga oshirildi.

“Yangi Oʻzbekiston — yangi sud” tamo­yili doirasida sud-huquq islohotlarining bosh mezoni sifatida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini soʻzsiz taʼminlash zarurligi belgilandi. “Inson qadri uchun” prinsipi asosida inson huquqlari hamda manfaatlarini kafolatli taʼminlash Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib urgʻulangan.

Inson qadrini ulugʻlash asosida amalga oshirilgan islohotlarning aholiga keltirgan ijobiy natijalari birgina sudlar tomonidan chiqarilgan oqlov ­hukmlari tobora koʻpayib borishi nohaq ayblanayotgan fuqarolarimizning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga olib keldi. Natijada soʻnggi olti yil davomida 4 712 nafar nohaq ayblangan shaxs oqlangan boʻlsa, bundan oldingi toʻqqiz yil ichida atigi 138 nafar shaxs oqlangan xolos. Bu davrlar orasidagi oʻzaro farq ham inson huquqlarini amalda taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarning natijadorligini koʻrsatmoqda.

Davlat organlarining noqonuniy qarorlari va xatti-harakatlaridan shaxs­ni himoya qiluvchi maʼmuriy sudlar tashkil etilishi natijasida aholi manfaatlariga zarar yetkazayotgan minglab ­gʻayriqonuniy hujjatlar bekor qilindi. Misol uchun, soʻnggi olti yilda koʻrib ­chiqilgan 87 138 ta maʼmuriy ishning 62 foizi qanoatlantirilgan.

2021-yilning oktyabridan yarashuv ­institutini qoʻllagan holda maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish mexanizmi amaliyotga tatbiq etilib, joriy yilga qadar koʻrib chiqilgan 68 318 ta ish boʻyicha 109 043 nafar shaxs yarashuv munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilingan.

Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish fuqarolarning sudlardagi sarf-xarajatlari keskin kamayishiga olib keldi. Sud majlislarida qatnashish imkonini beruvchi videokonferensaloqa tizimi joriy etilishi natijasida oʻtgan yilda fuqarolarning oʻrtacha 12 milliard soʻmdan ortiq xarajatlari tejab qolinishiga erishildi. Shuningdek, hisobot davrida 1 milliondan ziyod murojaatlar sudlarga bevosita tashrif buyurmasdan elektron tarzda yoʻllangan.

Sud-huquq sohasida erishilayotgan samaralar nafaqat fuqarolar misolida, balki xalqaro koʻlamda ham eʼtirof etilmoqda. Xususan, BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan oʻz maʼruzasini BMT ­Inson huquqlari kengashining sessiyasiga taqdim etganini alohida taʼkidlash lozim. Ushbu maʼruzada tavsiyalar bilan bir qatorda Oʻzbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalar haqida alohida soʻz ­yuritilgani ahamiyatlidir.

— Aholi orasida “sudma-sud sarson boʻlib yuribmiz” degan fikrlarni koʻp eshitamiz. Tan olish kerak, viloyat sudlari odil qaror chiqarish boʻyicha yetarlicha masʼuliyat ololmayotgani sababli ovoragarchiliklar koʻpligi davlat rahbarining eʼtiroziga ham sabab boʻlgan. Umuman, sud ishlarini yuritishning amaldagi tartibi aholi uchun qay darajada qulay deb oʻylaysiz?

— Xabaringiz bor, Prezidentimiz 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida “Eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson boʻlib yurishlariga barham beriladi. Buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish boʻyicha viloyat sudlarining vakolati ham, masʼuliyati ham oshiriladi” deb taʼkidladi.

Ushbu vazifani amalga oshirish uchun sud qarorlarini qayta koʻrish tartiblarini takomillashtirish zarurati vujudga kelmoqda.

Amaldagi tartibga koʻra, sudlar faoliyatida “bir sud — bir instansiya” tamoyili asosida sud ishlarini qayta koʻrish tartibi oʻzgartirilib, tumanlar­aro, tuman, shahar sudlarida ishlar birinchi instansiyada, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda ishlar apellyatsiya tartibida, Oliy sudda ishlar kassatsiya tartibida koʻrib chiqilishi belgilangan.

Oliy sudda kassatsiya instansiyasida koʻrib chiqilgan ishlar Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlarining protestiga asosan ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish tartibi oʻrnatilgan.

Apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilmagan ishlar boʻyicha Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat (protest) kiritish huquqi mavjud emasligi belgilangan. Shu sababli, fuqarolarimiz kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqini yoʻqotmaslik uchun koʻp hollarda sud qarori adolatli, asosli va qonuniy boʻlishiga qaramasdan ishlarni apellyatsiya tartibida koʻrib chiqish uchun shikoyatlar bermoqda.

Darhaqiqat, bugungi kunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning mavjud resurslaridan toʻlaqonli va oqilona foydalanilmayotgani tufayli yuqori ­instansiyada ishlarning keskin ortishiga va fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiligiga olib kelmoqda. Bunga oʻtkazilgan tahlillar natijasida guvoh boʻldik.

Shu munosabat bilan sud qarorlarini qayta koʻrish bosqichlarini takomil­lashtirish maqsadida quyidagilar taklif etilmoqda:

— birinchi instansiya sudi tomonidan koʻrilgan ishlar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqiladi;

— viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida qayta koʻrib ­chiqiladi;

— viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar Oliy sudning sudlov hayʼatlarida taftish tartibida qayta koʻrib chiqiladi.

Bunda yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan koʻrish uchun quyi sudlarga yuborish tartibi bekor qilinmoqda va ularga ish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish masʼuliyati yuklanmoqda.

Taklif etilayotgan tartibni amalga oshirish orqali fuqarolarning mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilangan sud orqali himoyalanish va sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlari oshiriladi, ularning buzilgan huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari yanada kengroq himoyalanadi, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasi ­yuksaltiriladi.

Masalaning yana bir jihati, aholining sudlarda yaratilayotgan imkoniyatlardan oʻz vaqtida va toʻliq xabardor boʻla olmayotgani sudlardagi ovoragarchiliklarning yana bir sababi boʻlishi mumkin.

Tan olish kerak, bugungi kunda sudlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishni, sudlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborot bilan aholini muntazam taʼminlashni tizimli tashkil etish maqsadga muvofiq koʻrinadi.

Sud sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni va yaratilayotgan imkoniyatlarni jamoatchilikka yetkazish boʻyicha barqaror huquqiy mexanizm yaratilishi ham aholining sud bilan bogʻliq sarsongarchiliklarini kamaytirishga ­xizmat qiladi.

— Sudlar bilan OAV oʻrtasida yaqindan aloqa va hamkorlikni oʻrnatish yoʻlida qanday ishlar amalga oshirilayotganiga ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda aholining sudlar faoliyatiga doir axborotga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, shuningdek, xolis axborotni oʻz vaqtida berib borish orqali yolgʻon, biryoqlama maʼlumotlar tarqalishining oldini olishda ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro aloqalarni rivojlantirish va koʻlamini yanada kengaytirish sudning oldida turgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Xabaringiz bor, 2023-yil 16-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon asosida Oliy sudning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etildi. Bunda sudlarning jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik qiluvchi tuzilmalarining ish faoliyatini yangicha yondashuv va usullar asosida yoʻlga qoʻyish, eng asosiysi, tuzilmalarni professional kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrish vazifalari belgilandi.

Buning negizida esa ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni izchil oʻrnatish, ularga xolis, tezkor va rasmiy axborotlarni oʻz vaqtida hamda sifatli taqdim etish, shuningdek, keng jamoatchilikda sudlar faoliyati boʻyicha haqqoniy va xolisona fikr-mulohazalar hamda qarashlarni shakllantirish turadi.

— Oʻtgan yilning noyabrida Prezidentimiz odil sudlovni taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazgan edi. Unda sudyalar sonini bosqichma-bosqich koʻpaytirish taklifi maʼ­qullandi. Ayting-chi, bugungi kunda sudyalar soni aholi soniga nisbatan mutanosib ravishda belgilanganmi?

— Sud tizimidagi ogʻriqli muammo ­sifatida sudyalarning ish yuklamasini aytish mumkin.

Oʻzbekiston aholisining oʻsish surʼati kundan-kunga ortib bormoqda. Biroq bugungi kunda sudyalarning shtatlar soni hududlarning aholi soniga nisbatan mutanosib ravishda belgilanmagan.

Davlatimiz rahbari tomonidan odil sudlovni taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda aynan shu masalaga bejiz eʼtibor qaratilmadi. Chunki sudyalarning shtatlar soni, haqiqatan ham, yetarli darajada emas.

Statistik raqamlarga eʼtibor ­qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yil davomida jinoyat ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudida 58 697 ta jinoyat ishi, 539 686 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilgan. Shuningdek, fuqarolik ishlari boʻyicha ­sudlar 562 304 ta, iqtisodiy sudlar 277 865 ta, maʼmuriy sudlar 15 347 ta ishni koʻrib chiqqan.

Jami koʻrilgan ishlarga nisbatan olinadigan boʻlsa, eng koʻp ish hajmi va ish yuklamasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning sudyalariga toʻgʻri kelib, umumiy hisobda 50 foizga yaqinini tashkil etmoqda.

Ushbu raqamlarni oʻrtacha oylik ish hajmiga nisbatan hisoblaydigan boʻlsak, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudining bir sudyasi bir oyda 181 ta ishni, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudining sudyasi 269 ta, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining sudyasi esa 163 ta ishni koʻrib chiqishiga toʻgʻri kelmoqda.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, har 100 ming aholiga Germaniyada 24 nafar sudya toʻgʻri kelsa, bu koʻrsatkich Rossiyada 18, Qozogʻistonda 16, Qirgʻizistonda 7-8, Toji­kistonda 5 nafarni, Oʻzbekistonda esa 3-4 nafarni tashkil etmoqda. Fransiyada 67,39 million aholiga 8 ming nafar sudya, Angliyada 1 million aholiga 200 nafardan koʻproq sudya, Italiyada 101, Shvetsiyada 100, Hindistonda 21-22 nafar sudyalar toʻgʻri kelmoqda.

Raqamlar ham shundan dalolatki, ­sudyalarning bugungi kundagi ish hajmi va ish yuklamasi sudda koʻriladigan ishlarning zich tayinlanishi, protsessual muddat ketidan quvib tez oʻrganilishi hamda vaqtli toʻxtamga kelishi kabi odil sudlov sifatiga taʼsir qiladigan darajada koʻpni tashkil etib, ularning shtatlar birliklari aholining soni va suddagi ish hajmiga nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanmagan. Oʻz navbatida, sudyalarga mos ravishda sud apparati xodimlarining shtatlar birligi ham yetarli darajada emas.

Hududlarning aholi sonidan kelib chiqib, sudyalarning shtatlar birligi belgilanishi, avvalo, odil sudlov sifatini yaxshilash, sudyalarning ish hajmi va ish yuklamasini kamaytirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari samarali himoya qilinishiga olib keladi.

— Bugungi kunda sudlarda tortishuv muhitini shakllantirish, huquq-tartibot idoralari ishini takomillashtirish boʻyicha qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

— Albatta, sudlarda ishlarni ­yuritishda tortishuvchanlik prinsipi odil sudlovni taʼminlashdagi asosiy mezonlardan biri hisoblanib, amalda uni taʼminlash orqali adolatli sud jarayonlariga erishish mumkin. Xalqaro hujjatlarda ham bu prinsipning naqadar muhim ekanligi taʼkidlanib kelinadi.

Prezidentimizning “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada ken­gaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida aynan sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda taʼminlash maqsadida prokuratura organlari tizimida Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etilishi uning ­asosiy vazifalari qilib belgilandi.

Bunda Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi oʻz vakolatlarini har qanday davlat organi va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʻysunib amalga oshiradi hamda uning sudda ishtiroki bilan bogʻliq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi. Eng muhimi, bu islohot orqali jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yoʻli bilan samarali himoya qilinishiga erishiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yilning 14-noyabr kuni odil sudlovni taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda sud ishlari yurituvida taraflar tengligini amalda taʼminlash maqsadida jinoyat ishini ayblov xulosasi va himoyachi fikri bilan birga qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Ushbu vazifalarning amalga oshirilishi prokurorlarning sudlardagi ishtiroki samarasi va masʼuliyatini yuksaltirishga, shuningdek, advokatga qoʻshimcha himoya kafolatlarini taqdim etishga, pirovardida sudlarda tortishuv muhitini yanada yaxshilashga olib keladi.

— Bilamizki, oʻtgan yilda koʻplab fuqarolar quyi sudlar qabul qilgan qarorlardan norozi boʻlib, Oliy sudga bevosita shikoyat bilan kelgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sudlar qarorlaridan qoniqmaslik bilan bogʻliq materiallar tez-tez uchrab turadi. Ayting-chi, bugungi kunda Oliy sud tomonidan aholining shikoyatlari hal etilishiga qay darajada eʼtibor qaratilayotir?

— Prezidentimiz rahbarligida sudlovni taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda 2022-yilning yanvar — noyabr oylarida 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi boʻlib, Oliy sudga murojaat etgani taʼkidlandi.

Statistik raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yil davomida 22 ming nafardan ziyod fuqarolar bevosita viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlardan norozi boʻlib, Oliy sudga murojaat etgan.

Shikoyatlarning asosiy qismi jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning qarorlari yuzasidan boʻlib, bunday fuqarolar 9 802 nafarni tashkil qiladi. Keyingi oʻrinlarda fuqarolik ishlari boʻyicha 6 387 ta, undan keyin iqtisodiy ishlar yuzasidan 3 876 ta va maʼmuriy ishlar boʻyicha 2 343 ta shikoyat tushganini ­aytish mumkin.

Protsessual tartibga rioya etilgan shikoyatlar tegishliligi boʻyicha sudlov hayʼatlari tomonidan koʻrib chiqilgan va yakuni boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilingan. Bugungi kunda Oliy sud tomonidan har bir murojaat alohida nazoratga olinadi, uning oʻz vaqtida hal etilishi boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.

Oʻrni kelganda shuni alohida taʼkidlashni istardimki, sudda ikki taraf ishtirok etadi, natijada faqatgina bir tomon yutadi, ikkinchi tomon esa yutqazadi va tabiiyki, bundan norozi boʻladi. Demak, sud qaroridan ishtirokchilarning ellik foizi rozi boʻlsa, qolgan ikkinchi teng yarmi norozi boʻlib qoladi. Chunki sudda taraf ikkita, haqiqat esa bitta boʻladi.

Shundan kelib chiqib, ayrim vaziyatlarda suddan norozi boʻlgan taraf ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar orqali sud qarorlaridan qoniqmaslik bilan bogʻliq materiallarni yoritib turadi. Albatta, buning oʻziga yarasha obyektiv va subyektiv tomonlari mavjud.

Tan olish kerak, amaliyotda baʼzi bir kamchiliklar bilan qarorlar qabul qi­layotgan sudyalar ham yoʻq emas. Ammo sud qarorlarining sifat koʻrsatkichi va barqarorligi darajasiga eʼtibor ­qaratadigan boʻlsak, sudlar tomonidan qabul qilingan barcha qarorlarga nisbatan ham shikoyat (protest) berilmaydi.

Masalan, sud qarorlarini yuqori ­instansiyalarda qayta koʻrish bilan bogʻliq statistik raqamlarga nazar tashlasak, 2022-yilda birinchi instansiya sudlari tomonidan jami 1 929 188 ta ish koʻrib chiqilgan. Eʼtiborlisi, shikoyat berilishi mumkin boʻlgan 1 756 116 ta ish yuzasidan faqatgina 60 283 tasi boʻyicha apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan. Bu jami koʻrilgan ishlarning 3,4 foizini tashkil etadi xolos.

Koʻrinib turganidek, sud qarorlarining sifat darajasi va barqarorlik koʻrsatkichi yuqori boʻlib, sud qarorlaridan norozi qatlam, koʻpchilik oʻylayotganidek katta auditoriyani tashkil etmaydi.

Bunda masalaning yana bir jihatiga ham eʼtibor berishimiz kerak. Yaʼni ­fuqarolarning sudlardagi ortiqcha ovoragarchiligining oldini olishda nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini amaliyotda keng qoʻllash boʻyicha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish muhim oʻrin tutadi. Shu bilan birga, nizolarni sudgacha koʻrib chiqishning samarali usul va mexanizmlarini joriy qilishni bugungi kun amaliyoti taqozo etmoqda.

Masalan, advokatlar tomonidan nizolarni sudgacha hal etish xizmatlarini yanada kuchaytirish, nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlari qoʻllanilishi lozim boʻlgan ish toifalarini koʻpaytirish, ­yarashuv institutini qoʻllash doirasini yanada kengaytirishga alohida urgʻu berish kerak, deb hisoblayman. Bu fuqarolarning sudlardagi ortiqcha vaqt, sarf-xarajatlarini tejashga va eng muhimi, ularning resurslarini saqlashga olib keladi.

— Sudyalar odil sudlovni har qanday taʼsirlarsiz faqatgina qonunga boʻysungan holda amalga oshirishini, umuman, ular faoliyatiga biron-bir tarz­da aralashishga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlashga qaratilgan qanday choralar koʻrilmoqda?

— Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mus­taqil holda ish yuritishi kabi muhim normalar belgilab qoʻyilgan.

Sudyalar faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi va sud hokimiyatining mustaqil ish yuritishi, bu — demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning yagona yoʻlidir.

Bu borada mamlakatning xalqaro ­miqyosdagi reytinglari baholanganda, har yili aynan sudlar boshqa davlat organlari hamda mansabdor shaxslar taʼsiridan xoli emasligi taʼkidlanadi. ­Jumladan, Huquq ustuvorligi indeksi, ­Boshqaruv sifati indikatorlari, Global raqobatbardoshlik indeksi kabi reyting koʻrsatkichlarida bunday fikrlarni ­uchratish mumkin.

Prezidentimizning “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada ken­gaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida ­sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qatʼiy jazolanishi, ­sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar ­yaratilishi qayd etildi.

Bunda isloh qilinishi lozim boʻlgan masalalarning mazmuni aniq yoritilib, ularning mohiyati toʻliq ochib berildi. Xususan, sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish kerakligi, shuningdek, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni boʻyicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish lozimligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda Jinoyat kodeksining 236-moddasida tergov qilish yoki sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Endilikda davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Jinoyat kodeksining 236-moddasini qayta koʻrib chiqish va uni milliy hamda xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib takomillashtirish talab etiladi.

Farmonda nazarda tutilgan vazifalarni biz faqatgina jinoyat qonunchiligini takomillashtirish orqali toʻliq bajarishga erisha olmaymiz. Shu bilan birga, sudyalarning mustaqilligini taʼminlash, ularning ishlariga har qanday aralashuvlardan xoli ishlash uchun sharoitlar yaratib berish asosiy vazifasi etib belgilangan Sudyalar oliy kengashining vakolatlari va imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalangan holda sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoit yaratilishi ­lozim.

Bunda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik holatlarini bartaraf etishga qaratilgan amaliy va tashkiliy taʼsirchan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish va joriy qilishni bugungi davrning oʻzi taqozo etmoqda.

— Oliy sud bugungi davrga mos faoliyat ­yuritishi uchun yana nimalarni amalga oshirishi kerak? Umuman, oldindagi rejalaringiz qanday?

— Bugungi kunda “Yangi Oʻzbekis­ton — yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga ­erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etishni talab qilyapti.

Aynan shu asnoda davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 16-yanvarda “Odil sudlovga ­erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi. Bu tarixiy hujjatga asosan mamlakatimizda ilk bor 2023 — 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.

Ushbu tarixiy hujjat bizni keyingi toʻrt yil ichidagi ustuvor yoʻnalishlarimiz va amalga oshiriladigan rejalarimizni belgilab berdi. Hujjatga koʻra strategiyaning asosiy yoʻnalishlari ­sifatida:

birinchidan, “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yoʻnaltirish;

ikkinchidan, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida oʻzining ishonchli himoyachisini koʻrishiga erishish;

uchinchidan, fuqarolar hamda tadbirkorlarga oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatni yaratish, sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi tamoyillarini toʻliq roʻyobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;

toʻrtinchidan, sudlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron maʼlumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;

beshinchidan, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish;

oltinchidan, davlat nomidan sud qarorlarini qabul qilayotgan sudlar va sudya­larga, shuningdek, ularning qarorlariga nisbatan har bir fuqaroda, shu jumladan, barcha darajadagi mansabdorlarda hurmat ruhini shakllantirish;

yettinchidan, sud qarorlarining qatʼiy ijrosini taʼminlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;

sakkizinchidan, sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uygʻotish kabi asosiy ­vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Farmonda davlatimiz ­rahbari sudya kadrlarni tayyorlash tizimidagi mavjud muammolarga eʼtibor qaratib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati ­xodimlarini qayta tayyorlash, ularning ­malakasini oshirish tizimini tubdan ­takomillashtirish gʻoyasini ilgari surdi.

Darhaqiqat, sud tizimini chinakam “adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirishda sudya kadrlarni tayyorlash tizimini hozirgi zamon talablariga toʻliq moslashtirish lozim boʻladi. Buning uchun hozirgi ­Sudyalar oliy maktabining faoliyatini chuqur tahlil qilib, taʼlim va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni taʼminlash, kasbiy fanlar hamda amaliyot oʻrtasida real integratsiyalashuv jarayonini yaratish, shuningdek, tizimni bugungi kun talablariga uygʻunlashtirish zarur.

Suhbatimiz yakunida shuni aytmoqchimanki, sudlar xalqimizning ishonchini ­mustahkamlash yoʻlida “Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik ­hukmron boʻlishi kerak” degan hayotiy prinsipga qatʼiy rioya etgan holda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga bor kuch-gʻayratini safarbar etishi lozim.

Rahim ShERQULOV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер