Sudlar har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilib borishi belgilanmoqda

11:43 30 Mart 2024 Siyosat
453 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning 51-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Maʼlumki, keyingi yillarda “Yangi Oʻzbekiston – yangi sud” prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash boʻyicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Shuningdek bugungi kunda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini takomillashtirish orqali protsessual kodekslarga fuqarolar uchun qulay hamda soddalashtirilgan tartibni yaratishga qaratilgan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qoʻyilganligi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻldi.

Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlarni hayotga toʻlaqonli tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, shuningdek sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini taʼminlash, qonunchilikdagi ayrim boʻshliqlarni va ziddiyatlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, oʻz navbatida sudlarning oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini taʼminlashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlab oʻtganidek, Qonun sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamiyatning sudlar faoliyati toʻgʻrisida muntazam axborot olishi uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratishga, sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini taʼminlashga, shuningdek qonunchilikdagi ayrim boʻshliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muzokaralardan soʻng Qonun maʼqullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер