Sud mustaqilligi — adolatli jamiyat tayanchi
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, sudyalarning xolis va adolatli faoliyat yuritishi huquqiy demokratik davlat barpo etishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-noyabr kuni imzolangan “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimiz sud-huquq islohotlarida mutlaqo yangi bosqichni boshlab bergan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Mazkur Farmon, avvalo, sudyalar hamjamiyati organlarining rolini kuchaytirish, ularni haqiqiy oʻzini oʻzi boshqaruvchi institutga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ilgari sud tizimida kadrlar masalasi, baholash va javobgarlik mexanizmlarida muayyan darajada markazlashuv ustun boʻlgan boʻlsa, endilikda sudyalar hamjamiyatining oʻzi bu jarayonlarda hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bu esa sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Farmonda sudyaning almashtirilmasligi tamoyilini qonun darajasida mustahkamlashga qaratilgan takliflar alohida eʼtiborga loyiq. Sudyalarni avval besh yil muddatga, keyin esa muddatsiz tayinlash tartibining joriy etilishi sudyaning kelajakka ishonchini oshiradi, uning tashqi taʼsirlardan xoli holda faoliyat yuritishiga mustahkam zamin yaratadi. Bu, oʻz navbatida, adolatli sud qarorlarining qabul qilinishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, tuman va shahar sudlari raislari hamda ularning oʻrinbosarlarini ochiq tanlov asosida, aniq mezonlar boʻyicha sudyalar orasidan tanlash tizimining joriy etilishi ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashda muhim qadamdir. Bu amaliyot rahbarlik lavozimlariga munosib, tashabbuskor va kasbiy yetuk kadrlarning yetishib chiqishiga imkon beradi.
Farmonda sudyalarning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” kabi mezonlarni aniq belgilash nazarda tutilgani ham sudyalik kasbining maʼnaviy asoslarini yanada mustahkamlaydi. Zero, sudya faqat qonunni bilishi bilangina emas, balki yuksak axloqiy fazilatlari bilan ham jamiyatga oʻrnak boʻlishi lozim.
Farmonning yana bir muhim jihati — sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlik darajasini oshirishdir. Sudyalik lavozimlariga boʻsh oʻrinlar, tanlov jarayonlari va ularning barcha bosqichlari haqidagi maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda ochiq eʼlon qilib borilishi fuqarolarning sud tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi. Zero, ochiqlik ishonchning eng muhim kafolatidir.
Raqamli texnologiyalarni joriy etish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, sudyalikka nomzodlarni baholash jarayonlarini raqamlashtirish esa sud boshqaruvini zamonaviy bosqichga olib chiqadi. Bu orqali inson omili bilan bogʻliq subyektiv yondashuvlar kamayib, xolis va adolatli qarorlar qabul qilinishi taʼminlanadi.
Farmonda sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish masalalari ham chuqur qamrab olingan. Adolatsiz qarorlar uchun javobgarlik masalasini xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilash takliflari sud hokimiyati daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan muhim choralardir.
Shu bilan birga, sudya mustaqilligi va javobgarligi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga qaratilgan intizomiy jazo tizimining takomillashtirilishi ham ayni muddaodir. Sudyaning himoya huquqi kafolatlanishi, intizomiy jazo choralarining aniq va shaffof mezonlar asosida qoʻllanilishi adolat tamoyiliga toʻliq mos keladi.
Farmonda gender tenglik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Sud tizimida ayol sudyalar ulushini oshirish, xotin-qizlar uchun maxsus kvotalar joriy etish, ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish tashabbuslari sud hokimiyatida tenglik va inklyuzivlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon sudyalar hamjamiyati organlarini haqiqiy mustaqil, ochiq va samarali institutga aylantirishga qaratilgan kompleks islohotlar dasturidir. U sudyaning maqomini, masʼuliyatini va jamiyat oldidagi nufuzini yanada oshiradi. Eng muhimi, ushbu islohotlar fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini mustahkamlab, “Adolat — davlat poydevori” degan tamoyilni hayotga toʻliq tatbiq etishga xizmat qiladi.
Sohib RAHIMOV, Surxondaryo viloyat sudi sudyasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring