Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Majburiy ijro byurosiga parlament so‘rovi yuboriladi

12:32 02 Avgust 2025 Siyosat
474 0

Foto: Akmal Muhammadov, Davronbek Ernazarov / “Xalq so‘zi”

Yalpi majlisda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturaci huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori M.Egamberdiyevga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari doirasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirilib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qo‘yishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, Senat a’zolarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida va sayyor qabullarida fuqarolar tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.

Ushbu masala senatorlar tomonidan o‘rganilib, tahlil qilinganda qator salbiy holatlar aniqlangan va Majburiy ijro byurosining faoliyatida tizimli ayrim kamchiliklar hamda sohada ayrim o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, 2023–2024 yillarda Majburiy ijro byurosi faoliyatiga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar soni ortgan (2023 yilda 136 982 ta, 2024 yilda 144 797 ta).

Tahlillardan aniqlanishicha, murojaatlarning aksariyat qismi aliment undirish (2023 yilda – 69 058 ta, 2024 yilda – 72 642 ta) hamda Byuro organlari xodimlari xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar (2023 yilda – 8 038 ta, 2024 yilda – 11 425 ta) bilan bog‘liq masalalarni tashkil qilgan.

Shuningdek, senatorlar tomonidan Byuro organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishga yetarli e’tibor qaratmasligi, fuqarolarga o‘z vaqtida va to‘g‘ri tushuntirish bermasligi oqibatida aliment undirish, sud qarorlari ijrosi, zararni undirish, Byuro organlari xodimlari xatti-harakatlari bilan bog‘liq takroriy murojaatlar soni ham ortganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, 2025 yilning I choragida 255 ta ishga tiklash bilan bog‘liq ijro hujjatlari o‘z vaqtida bajarilmagan. Ushbu ijro hujjatlarining aksariyat qismi ichki ishlar (80), soliq organlari (18), ta’lim sohasi (16), hokimliklar (14), sog‘liqni saqlash tizimi (6) hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyotida ham ayrim muammolar mavjudligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер