“Subsidiya olish boʻyicha arizam tizimdagi xatolik sababli asossiz rad etildi” — fuqaro murojaati Ombudsman nazoratiga olindi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ga Samarqand viloyatidan fuqaro M.N. subsidiya asosida uy-joy olish uchun elektron platforma orqali yuborgan murojaati asossiz ravishda rad qilingani boʻyicha shikoyat qildi.
Murojaatda yozilishicha, fuqaro M.N. 2023-yil boshida yoʻllagan murojaati u Samarqandda yashayotgan boʻlsa-da Toshkent shahrida roʻyxatda turgani sababli rad etilgan.
Shundan soʻng, murojaatchi ayol eri bilan Samarqand shahriga doimiy yashash uchun roʻyxatga oʻtadi. 2023-yilning oktyabr oyida My.gov.uz platformasi orqali yana murojaat yuboradi, lekin, yana rad etiladi. Buning sababini aniqlash maqsadida fuqaro M.N. Samarqand shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimiga borganida, ularning arizasi kelib tushmaganligini aytishgan.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro M.N.ning arizasi Toshkent shahar, Olmazor tumaniga yuborilgan. Ariza Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi talabgorlarni tanlash komissiyasi va masʼul tashkilotlarga notoʻgʻri yuborilishi oqibatida fuqaro M.N. uy-joy olish imkoniyatidan mahrum boʻlgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, elektron tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Ombudsman xulosasi kiritildi.
Natijada fuqaro M.N.ning My.gov.uz platformasi orqali yuborgan arizasi Samarqand shahrida subsidiya ajratiladigan talabgorlarni tanlab olish komissiyasiga yoʻnaltirilgan va murojaatchiga subsidiya ajratildi.
Murojaatchi M.N.ning maʼlum qilishicha, ularga subsidiya ajratilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va hozirda yangi uyga koʻchib oʻtishgan.
Ahamiyatlisi, “subsidiya.idm.uz” dasturidagi integratsiyalashtirish bilan bogʻliq kamchiliklar tizimli bartaraf etilib, yuqoridagi kabi holatlarni keltirib chiqaruvchi sabab bartaraf etildi.
Shuningdek, Ombudsmanga Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro R.g. ijtimoiy sharoiti ogʻirligi va boshpanasi yoʻqligi sababli uy-joy berilishida yordam soʻrab murojaat qilgan edi.
Murojaatchi, boquvchisiz ekani va 1 nafar farzandi tugʻma yurak nuxsoni bilan tugʻilgani sababli yaqinda jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganligini, uy berish va ijtimoiy yordam olish masalasida bir necha marotaba mahalla va hokimliklarga ham murojaat qilgan.
Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, Buxoro viloyati hokimligiga ijtimoiy koʻmakka muhtoj boʻlgan fuqaro sharoitini oʻrganishni soʻrab murojaat yoʻlladi.
Natijada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha tuman komissiyasining xulosasi bilan murojaatchi R.G.ga ijtimoiy uy ajratildi.
Shuningdek, fuqaro R.G. “Ayollar daftari”ning 3-toifasi roʻyxatiga kiritilib, unga 1 320 000 soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring