SSV: Sil kasalligidan sogʻayish muddati 2 yildan 9 oyga qisqardi
Dunyoda yiliga 8,6 million kishi tuberkulyoz (sil) xastaligiga chalinib, uning asoratlari tufayli 1 milliondan ortiq bemor vafot etmoqda. Albatta, bu — xavfli kasallik. Shunga qaramay, zamonaviy tibbiyot yutuqlari asosida uni samarali davolasa boʻladi. Oʻzbekistonning bu boradagi ilgʻor tajribasi keyingi yillarda dunyo miqyosida eʼtirof etilyapti.
— Avvallari tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Nargiza PARPIYEVA. — Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yoʻgʻi 70 daqiqa ichida aniq tashxis qoʻyilmoqda.
Ilgʻor operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qoʻllanilishi natijasida bemorlarning kasallikdan sogʻayish muddati ham 2 yildan 9 oyga qisqardi. Hozir olimlarimiz “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda davolanish kursini olti oyga qisqartirish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Eng muhimi, buning dastlabki natijasi va samaradorligi bundan bir oy avval Londonda boʻlib oʻtgan Jahon tuberkulyoz va oʻpka kasalliklari Kongressida eʼtirof etildi.
Shuningdek, oʻtgan yil yakunlariga koʻra, mamlakatimizda ushbu xastalikka chalinish holatlari 2015-yilga nisbatan 31,4 foizga kamayib, har 100 000 aholiga nisbatan 32,1 tani tashkil etgan. Vaholanki, Rossiyada bu koʻrsatkich 54, Ruminiyada 68 hamda Ukrainada 80 taga teng.
Oʻlim holatlari esa 2015-yilga qiyoslaganda 61,3 foizga kamayib, 100 000 aholiga nisbatan 1,2 taga tushdi. Oʻz navbatida, davolash samaradorligi 91,2 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu koʻrsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija koʻlami yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida bunday yutuqlar koʻp. Shu bois oʻtgan qisqa davrda silga qarshi olib borilgan tadbirlar natijalari boʻyicha Oʻzbekiston ftiziatriya xizmati Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida 2-oʻrinni egalladi.
Hozir markazda Germaniyaning xalqaro sertifikatiga ega, sil mikobakteriyasini bakteriologik, molekulyar-genetik usulda, tezkor va aniq tashxislaydigan Referens-mikrobiologik laboratoriyasi mavjud.
Qolaversa, joriy yilda muassasaga xalqaro tashkilotlar koʻmagida keltirilgan 30 ta GeneXpert innovatsion texnologiyasi hududlardagi laboratoriyalarga oʻrnatilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda bunday zamonaviy uskunalar soni 98 tani tashkil etyapti. Bundan tashqari, markaz 10 dan ortiq turli sunʼiy nafas olish hamda fibrobronxoskop uskunalari bilan taʼminlandi.
Eslatib oʻtamiz, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yiliga 4 ming nafardan ortiq bemorni davolash imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, muassasaning 50 qatnovga ega maslahat poliklinikasi hamda hududlarda ham ftiziatriya va pulmonologiya markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring