Soʻzsiz jarangli tanqid
Beshariqlik rassom Mahmudjon Eshonqulov tasviriy sanʼat muxlislari uchun yaxshi tanish. Uning karikaturalari nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizning eng nufuzli gazetalar va jurnallar sahifalarini bezab keladi, shu bilan birga xalqaro arenada ham eʼtirof topgan. Tuman markazida tashkil etilgan karikaturalar koʻrgazmasi esa aynan shunday jonli ijod maydoniga aylanmoqda. Bu yerda nafaqat mahalliy muxlislar, balki turistlar ham asarlarni yaqindan koʻrish va rassom bilan bevosita suhbatlashish imkoniga ega.

Karikatura – oddiy kulgi emas, balki hayotning chuqur va koʻp qirrali voqeliklarini yumor, ifoda va shakl orqali ochib beradigan sanʼat shaklidir. Mahmudjon Eshonqulovning ijodida ham bu xususiyat alohida namoyon. Uning asarlarida oʻzbek xarakteri, mahalliy turmushning nozik detallari va maʼnaviy jihatlari aks etgan. Taniqli rassom Mahmudjon Eshonqulov jahon miqyosida “Karikaturaning 10 buyuk ustasi” qatoriga kiritilgan. Uning asarlari Italiya, Turkiya, Bolgariya, Serbiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Braziliya kabi davlatlardagi yumor va karikatura muzeylarida noyob durdonalar sifatida saqlanmoqda. U Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda Jahon karikaturachi rassomlar ittifoqi aʼzosi hamdir. Hozirga qadar uning asarlari mingdan ortiq xorijiy kitob va albomlarda, shuningdek, Jahon karikatura ensiklopediyasida munosib oʻrin egallagan.

— Oʻtgan yil men uchun nihoyatda sermahsul boʻldi, — deydi taniqli rassom. — Xususan, asarlarim Norvegiya, Kosovo, Yaponiya, Xitoy va Kubada oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmalarda yuqori baholanib, gʻoliblik medallari bilan taqdirlandi. Koʻpincha hayotdan, odamlar munosabatlaridan ilhom olaman. Keyin bu ilhomni sodda va tushunarli obrazlar orqali yetkazishga harakat qilaman. Bundan oʻzim ham gʻoyibona kuch olaman.
Joriy yilda ham bir qator nufuzli xalqaro festival va koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun taklifnomalar kelib tushgan. Aytish joizki, Mahmudjon Eshonqulov shu kunga qadar ikki mingdan ortiq xalqaro festival va koʻrgazmalarda qatnashgan, Yevropaning bir qator davlatlarida esa uning shaxsiy koʻrgazmalari tashkil etilgan.
Botir MADIYOROV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring