Soliq, bojxona va bank xodimlaridan iborat jinoiy guruh 24,5 milliard soʻm davlat mablagʻlarini talon-toroj qildi – DXX

Foto: Illustrativ
Oʻzbekistonda davlat xavfsizlik xizmatining tezkor tadbirlari natijasida soliq, bojxona, bank xodimlari va hokim oʻrinbosari hamda tadbirkorlardan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, guruh 2020-2023-yillar davomida 8 ta soxta korxona tashkil qilib, eksport operatsiyalarini soxtalashtirish orqali 24,5 milliard soʻm davlat mablagʻlarini talon-toroj qilgan.
Jinoiy guruh aʼzolari mebel mahsulotlarini xorijga eksport qilganlik haqida soxta hujjatlar tayyorlab, qoʻshilgan qiymat soligʻini noqonuniy qaytarib olishgan. Korxonalar aslida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirmagan, ularning yuridik manzillari tez-tez oʻzgartirib turilgan va rasmiy rahbarlar sifatida ishga aloqador boʻlmagan shaxslar koʻrsatilgan.
Tergov jarayonida eksport shartnomalari va muhrlar soxtalashtirilgani aniqlandi. Korxonalarning soliq idoralariga taqdim etgan hujjatlari tekshirilganda, Qirgʻizistonga eksport qilingan mahsulotlar haqiqatda yoʻlga chiqmagani maʼlum boʻldi. Shuningdek, jinoiy guruhni soliq idoralarining sobiq xodimi muvofiqlashtirib borgan.
Tergov ishlari natijasida davlatga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida 6,8 milliard soʻm undirildi. Shuningdek, 6,3 milliard soʻmlik mol-mulk, jumladan xususiy tibbiy klinika, avtomobil yuvish shahobchasi, bir necha xonadon va transport vositalari xatlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi qaroriga koʻra, 38 nafar ayblanuvchining 14 nafari 5-yil 6 oydan 7-yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilindi. 18 nafar shaxsga nisbatan 3-yil sinov muddati bilan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, 6 nafariga 2-yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanildi.
Bu kabi holatlar iqtisodiy xavfsizlikka jiddiy tahdid solib, davlat byudjetiga yirik zarar yetkazadi. Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunday noqonuniy sxemalarga qarshi kurash doimiy ravishda olib borilishi lozim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring