Soʻxlik yoshlarga Prezident sovgʻasi — sport inventarlari yetkazib berildi

18:15 14 Avgust 2020 Sport
750 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi boʻyicha hududda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Soʻx tumanida 80 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan boʻlib, ularning 20 ming nafarga yaqinini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi. Ammo, shu paytga qadar bu tumandan terma jamoa darajasidagi bironta ham sportchi yetishib chiqmagan. Buning asosiy sababi, hududni sport infratuzilmasi qoniqarli emasligi hamda inventarlar bilan yetarli darajada taʼminlanmaganligi edi.

Shu kunlarda Soʻx tumanida jismoniy tarbiya va sport sohasi rivojini yangi bosqichga olib chiqish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish hamda iqtidorli sportchilarni tarbiyalab, milliy terma jamoalar darajasigacha olib chiqish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Soʻx tumani yoshlari uchun yangi sport inshootlarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish hamda ularni yetarli darajada sport jihozlari va inventarlari bilan taʼminlash borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, Soʻx tumanida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish boʻyicha maqsadli reja ishlab chiqilgan boʻlib, uning doirasida tumandagi sport inshootlari uchun jami 30 turdan ortiq umumiy qiymati esa 600 million soʻmlik Prezident sovgʻasi – sport jihozlari va inventarlari yetkazib berildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlash kerak, tuman yoshlari uchun koʻp yillardan beri jismoniy tarbiya va sport jihozlari yetkazib berilmayotgan edi. Natijada, mahalliy yoshlar sport borasida oʻz iqtidori va isteʼdodini namoyon etishda muammolarga ham duch kelishayotgan edi. Negaki, sport jihozi yetishmagach, sportchining mahorati oʻsmaydi, koʻrsatkichlari ham pasayib ketadi. Umid qilamizki, davlat darajasidagi bu kabi eʼtibor sportchi yoshlarning yana-da faol boʻlishiga va yaqin davr ichida ular orasidan nafaqat Oʻzbekiston, balki Osiyo va jahon chempionlari ham yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?