Sohil voleyboli: hamyurtlarimizning xalqaro maydondagi debyuti qanday chiqmoqda?

23:28 08 May 2021 Sport
1045 0

Aprel oyida Navoiy viloyatida ikki karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, xizmat koʻrsatgan sportchi Vera Duyunova xotirasiga bagʻishlab U-17 qizlar oʻrtasida xalqaro turnir yuqori saviyada oʻtkazildi.

Mazkur turnir doirasida mamlakatimizda sohil voleybolini rivojlantirish maqsadida xalqaro seminar ham tashkil etildi.

Koʻrilgan amaliy harakatlar natijasida qisqa muddatda sohil voleyboli boʻyicha terma jamoa shakllantirildi. Shu kunlarda ular oʻzlarining dastlabki xalqaro musobaqasida ishtirok etishmoqda.

7-9-may kunlari Olma-Ota shahrida qozogʻistonlik taniqli shoir, yozuvchi, adabiyotshunos, qolaversa davlat va jamoat arbobi Oljas Suleymanov tavalludining 85 yilligiga bagʻishlab havaskorlar va professionallar oʻrtasida xalqaro turnir tashkil etildi. Unda oʻzbekistonlik voleybolchilar ham oʻz omadini sinab koʻrishyapti.

Musobaqa uchta yoʻnalishda, yaʼni 2x2 (erkaklar va ayollar), 4x4 (erkaklar va ayollar) hamda faxriylar (+40 yosh va +50 yosh) oʻrtasida tashkil etildi.

2x2 yoʻnalishida vatanimiz sharafini ikkita jamoa himoya qildi. Agar Oʻzbekiston-2 jamoasi bittadan gʻalaba, durang va magʻlubiyat bilan oʻz ishtirokini ancha erta yakunlagan boʻlsa, Oʻzbekiston-1 jamoasi esa yarim finalgacha yetib bordi va boʻlgʻusi chempionlarga imkoniyatni boy berdi.

4x4 yoʻnalishidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan jamoamiz esa finalga yoʻl oldi va ular ertaga oltin medal uchun qum ustiga chiqadi.

Shuningdek, ertaga faxriylar oʻrtasida ham musobaqa tashkil etiladi. Ushbu yoʻnalishda ham oʻzbekistonlik sportchilar oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?