Sogʻliqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab boʻlmaydi — Saida Mirziyoyeva

11:40 18 Dekabr 2025 Siyosat
280 0

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatining Urgut tumaniga tashrifi davomida chekka qishloqlardan biridagi “Navoiy” poliklinikasida boʻldi.

Taʼkidlanishicha, mazkur poliklinika 1972-yilda qurilgan boʻlib, bino hozirda kapital taʼmirga, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj.

Muassasa 13 mingdan ortiq aholi uchun birlamchi tibbiy yordam koʻrsatadi. 16 ta qishloqda yashovchi aholi uchun esa bu tugʻruqni qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskani hisoblanadi.

“Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomgʻir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti. Bu holat bitta poliklinikaning muammosi emas. Bu — birlamchi tibbiy xizmat tizimida mavjud boʻlgan katta muammolarning aksi. Oldimizda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash vazifalari turibdi”, — deydi Prezident administratsiyasi rahbari.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha yangi master-rejani batafsil koʻrib chiqdi.

“Bu jarayon faqat binolarni taʼmirlash bilangina cheklanmaydi, balki birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga boʻlgan yondashuv tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Bugun koʻrganlarim shuni yana bir bor isbotladi. Sogʻliqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab boʻlmaydi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер