Sogʻliqni saqlash vazirligi tez tibbiy yordam koʻrsatishda propiska soʻralayotgani haqidagi chiqishlarga munosabat bildirdi

Sogʻliqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tibbiy yordam koʻrsatishda propiska soʻralayotgani haqidagi chiqish va murojaatlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.
Maʼlumki, tez tibbiy yordam xizmatining asosiy vazifasi fuqaroning hayotiga xavf tugʻdiradigan holatlarda birinchi tibbiy yordamni koʻrsatishdir. Ushbu tibbiy yordam barcha holatlarda – bemor Oʻzbekiston fuqarosimi yoki chet ellik mehmonmi, bundan qatʼiy nazar bepul koʻrsatiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida ham “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deya qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
– Tez tibbiy yordam chaqiriqlarida chaqiriq manzilga yetib borganda, albatta, bemorning roʻyxatga olingan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumot soʻraladi. Bu mavjud meʼyoriy hujjatlarda belgilanganidek, chaqiriq qogʻozidagi“roʻyxatga olingan manzili” grafasini toʻldirish uchun amalga oshiriladi, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi boʻlim mudiri Nasiba Mahmudova. – Chunkiertasi kuni har bir tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan bemor toʻgʻrisida aynan roʻyxatda turgan manzili boʻyicha tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, yaʼni poliklinikalarga maʼlumotlar yetkaziladi. Bu esa tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan bemorni keyinchalik poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi nazorati ostida boʻlishini – oʻzaro integratsiyani taʼminlaydi. Tez tibbiy yordam xizmati bemorga faqat simptomatik, yaʼni kasallikning belgilarini bartaraf qilishga qaratilgan muolajalarni bajarsa, poliklinikalar esa mana shu kasallikning qaytalanmasligiga qaratilgan davo choralarini amalga oshiradi.
Shuningdek, bemorning yashash manzili uning tegishli tartibga koʻra dislokatsiya asosida qaysi muassasaga gospitalizatsiya qilinishini belgilaydi. Maqsad barcha shifoxonalarda bemor oʻrinlari cheklanganligi bois bemorlarni shifoxonalar boʻyicha bir xil taqsimlanish orqali ularni samarali davolanishini taʼminlashga erishish hisoblanadi.
– Toshkent shahriga mehmon boʻlib kelganlar va muayyan joyda vaqtinchalik roʻyxatda turuvchilarga Toshkent shahrida doimiy propiskasi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng tartibda tibbiy yordam koʻrsatiladi. Bu masalada qonunchiligimiz insoniylikning shu darajada choʻqqisiga chiqqanki, hattoki propiska u yoqda tursin, shaxsning fuqaroligi ham tez tibbiy yordam koʻrsatish jarayonida ahamiyatga ega emas. “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 29-moddasiga koʻra, eng koʻp tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolash davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul va har qanday cheklovlarsiz koʻrsatiladi. Hayoti yoki sogʻligʻi uchun xavfli holatda boʻlgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni asossiz ravishda rad etish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 591-moddasiga muvofiq, tegishli maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Bemorga joyida yordam koʻrsatilgach, shifoxonaga olib borish talab qilinadigan holatlar mavjud boʻlsa, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli hujjatlariga asosan tez tibbiy yordam xodimi bemorni Toshkent shahrida joylashgan shifoxonalarga olib borishi lozim, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi yuridik boʻlimi boshligʻi Ruslan Muhammadiyev.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, tez tibbiy xizmat koʻrsatishda propiska bilan bogʻliq masalalarning roʻkach qilinishi qonunbuzarlik hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring