Skuter mingan momo hasrati

Andijonda ot yoki velosiped mingan momolarni koʻrgandigu, biroq skuter boshqargan onaxonni birinchi marta koʻrdik. Izboskan tumaniga safarimiz chogʻida Oʻrta qishloq mahallasida koʻzimizga begona boʻlgan bu manzara darhol eʼtiborimizni tortdik. Jurnalistligimizga borib, momoni suhbatga tortdik.
— 1996-yildan buyon II guruh nogironiman, — deydi oʻzini Mukofotxon Mirzayeva deb tanishtirgan suhbatdoshimiz. — Belimni etak bilan uch marta aylantirib bogʻlab olmasam, ogʻrib qolaman. Shu holimda dalada mehnat qilaman. Cholim bu ahvolda daladan beri kelmaysan shekilli, deb ikki yil burun sigirimizni sotib, ustiga ozgina pul qoʻshib, mana shu mototsiklni olib berdi. Oʻzi elektrdan zaryad oladi. Ovoziyam chiqmaydi. Dalaga borib, yumushlarimni bajarib, yukxonasiga topgan-tutganimni yuklab qaytaman. Baʼzan cholim bilan koʻchaga chiqib qolsam, koʻrganlar xotin kishi mototsikl minib olibdi, deyishadi, deb rulni oʻzi boshqaradi. Yomoni shundaki, xoʻjayinim yoʻl tanlashni bilmaydi. Chuqurlarga ham tushib ketaveradi. “E, bu yoqqa bering”, — deb shartta rulni oʻzim boshqaraman. Men oʻydim-chuqur yoʻlda ham bir tekis yuraman.
73 yoshni qarshi olgan onaxonni bir qarashda dardmandligiga ishonmadik. Koʻzlari chaqnab turibdi, harakatlari tetik.
— Uyda oʻtirsam kasal boʻlib qolaman, — tushuntirishga harakat qiladi ayol. — Shuning uchun dalaga chiqib ketaman. Havosi toza, tinch, tuproqdan kuch olaman.
Mukofot xola jurnalist ekanligimizni bilgach, qoʻyarda-qoʻymay dalasi tomon boshladi. «Rahmonjon ali ota orzusi» fermer xoʻjaligiga qarashli maydondan 35 sotix yerga ul-bul ekibdi.
— 10 yildan buyon urugʻchilik bilan shugʻullanaman, — deydi suhbatdoshimiz. — Izboskanda koʻpchilik urugʻni mendan sotib oladi. Ishonchlida! Oʻtgan yili rosa karantin kuchaygan paytda Ulugʻnor tumanidan ikki nafar dehqon shuncha yoʻlni velosipedda bosib kelibdi. Kimdir taʼrifimni aytgan ekan, shunga urugʻ soʻrab kelibdi.
Toʻgʻrisini aytganda, viloyatda urugʻchilik bilan shugʻullanadiganlar juda kam. Ommalashtirsa arzigulik yoʻnalish boʻlgani bois onaxondan koʻproq maydonda dehqonchilik qilsangiz boʻlmaydimi, deb soʻradik. Soʻradigu, yarasini yangilab qoʻyganimizni oʻzimiz ham bilmay qoldik. Aslida momoning bu borada hasrati bor ekan.
— 2018-yildan buyon bormagan joyim, kirmagan idoram qolmadi, — koʻziga yosh oldi Mukofotxon aya. — Shu yilning 28-may kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Paxtaobod tumanida fuqarolarni qabul qildi. Men ham bordim. Urugʻchilik bilan shugʻullanish uchun yer soʻradim. Hokim bola tushungan odam ekan, meni qoʻllab-quvvatladi. Tuman hokimiga zudlik bilan yer ajratishni buyurdi. Shu kuni «Rahmonjon ali ota orzusi» fermer xoʻjaligidan bir gektar yer maydoni ajratildi. Hokimiyat vakillari rasmga olishib, viloyat hokimini nomiga rahmatnoma yozdirib olishdi. Tuni bilan yerni haydash, transport haqi, urugʻ qadash, ekinni oʻgʻitlash, ishchilarni yollash, hosilni yigʻib olish, urugʻqa tayyorlash, sof daromad... shularning bariga qancha mablagʻ ketishiyu, qaysi paytda nima ish qilish kerakligini hisob-kitob qilib chiqdim. Ertalab belimni mahkam bogʻlab, dalaga borsam fermer menga ajratilgan yerga qoqilgan qoziqlarni irgʻitib yuboribdi. Shunday qilib yersiz qoldim. Ul-bul idoralarga murojaat qildim. Bir gektar maydonda dehqonchilik qilish uchun fermer boʻlishim kerak ekan. Qolaversa, yer 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarga berilar emish. Har qalay menga kelgan javob xatlarida shunday deyilgan edi. Uyim toʻla ishsiz yoshlar boʻlganidan keyin birortasining nomiga fermer xoʻjaligi ochay boʻlmasa, dedim. Shunga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan odam yoʻq. Kim boʻlsa, aldab-aldab, yaxshi gapirib, qoʻlimga boyagi mazmundagi xatni tutqazyapti. Bu yogʻini soʻrasangiz, bir uyda 10 kishi yashaymiz. Qizim ham ikki bolasi bilan turmushidan ajrashib kelgan. Hamma ishsiz. Qizim bir tutam oylik maosh oladi. Men bilan cholimning pensiyasini qoʻshganimizda jami bir yarim millionga ham bormaydi daromadimiz. Uyimizda ekin ekadigan joy yoʻq. Bahorda boya aytgan fermer xoʻjaligidan 2 million soʻmga 35 sotix yer sotib olgandim. Shu yerda ul-bul ekib, tirikchilik qilib turibman. Aksiga olib, shu yer ham boshimda balo boʻlyapti. Kutilmaganda suddan qogʻoz kelsa boʻladimi? Nima emish, fermerni yerini oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirib olganmishman. Zudlik bilan boʻshatishim kerak ekan. Hayron qoladigan ishda! Men yerni oʻzlashtirib olguncha fermer qaraaaab turarkanmi, bolam? Sotib olganimni isbotlash uchun esa qoʻlimda kvitansiya boʻlish kerak ekan. Shunaqa boʻlishini bilsam, oʻsha pulni huv dalaning boshida bermagan boʻlardima... E, bu tirikchilik qurgʻurni orqasidan shu yerga ilashdimu, boshim balodan chiqmayapti, toʻgʻrisi. Aksiga olib kelinim ikki bolasi bilan oʻgʻlimdan ajrashib ketdi. Pul topmaydigan er bilan yashay olmasmish. Toʻgʻri, bolam uni-buni xizmatini qilib pul topadi. Lekin qishloqda hamma ham pul berib ishlarimni bitkazay, demaydi-da. Ishlay desa ish yoʻq. Nabiram ham ish topolmay Rossiyaga ketuvdi. Uch oydan buyon pul yubormaydi. Oʻzi ham qiynalayotganmish. Xotini bilan bolasi otasinikida yashayapti. Bolalarimni har tomonga toʻzgʻib ketganini koʻrgach, uyda oʻy surib oʻtirolmayapmanda, bolam. Shunga hokimdan yer soʻragandim. Imkon qadar yerim boʻlsa bolalarimni hammasini dehqonchilikka olib chiqardim. Bir uy bekorchilarga ish topilardi, uyimizga ul-bul kirardi, roʻzgʻorimizga baraka kirib, kelinlarim qaytib kelarmidi... Aksiga olib, hech ishim yurishmayapti...
Onaxoning hasratini tinglar ekanmiz, aslida fuqaroga huquqiy tushuncha beradigan, toʻgʻri yoʻl koʻrsatadigan, imkon qadar qoʻllab-quvvatlaydigan birorta masʼul topilmaganligiga amin boʻldik. Atrofimizda mehnat qilsa arzigulik xoli boʻla turib “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” tarkibiga kirishga harakat qilib, nimagadir erishmoqchi boʻlib yurgan ayrim hamyurtlarimizni koʻz oldimizga keltirar ekanmiz, birovning qoʻliga mustar boʻlishdan koʻra mehnat qilib, kun koʻrishga intilayotgan Mukofotxon ayaga dalda emas, amaliy yordam kerakligini angladik. Balki, shunda ishsiz farzandlari daromad manbaiga ega boʻlib, yarim jon onaxon uyda xotirjam oʻtirarmidi... U holda skuterni kim minardi, deysizmi? Bilsangiz agar, momoga skuterni minib, mehmonga borish ham juda yarashadi-da!
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring