Sizni xalq sayladi

18:03 27 Noyabr 2025 Jamiyat
351 0

Deputatlik faoliyati shunchaki ovoz berishdan iborat emas. U sessiyalarda oʻz fikri, tashabbusi va takliflari bilan faol ishtirok etishi, doimiy komissiyalarda ishlashi lozim. Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Sizni xalq sayladi, qilmadi – suyuk, balki yelkangizga – yuk ortdi buyuk” satrlari ham har bir deputatning zimmasidagi ulugʻ va sharafli masʼuliyatni yorqin koʻrsatadi.

Sirdaryo viloyati Kengashiga saylangan har bir deputatning ortida taxminan 12-15 ming saylovchi turibdi, chunki viloyatda yarim millionga yaqin saylovchi bor. Bu esa har birimizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Agar bu zalvorli yukni doimo his etsak, saylovchilar ishonchini toʻla-toʻkis oqlaymiz. Viloyat deputatlari oʻz faoliyatlari samaradorligi yuqori boʻlishining bosh mezoni saylovchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri va muntazam muloqotda boʻlib turishda deb bilmoqda. Bunda saylovchilar, “mahalla yettiligi” bilan uchrashish, muammolarni joyida oʻrganish va hal qilish, tegishli tashkilot va idoralarga deputat soʻrovlari taqdim qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida xalq deputatlari viloyat Kengashining 16 ta sessiyasi oʻtkazildi. Ularda deputatlar tomonidan masʼul rahbarlarga qoʻshimcha ravishda 18 ta taklif va mulohaza bildirildi. Yilning shu davrida tegishli idoralarga 131 ta deputatlik soʻrovi yuborildi. Hozircha mazkur masalalarning 55 tasi hal etildi. Qolgan 33 ta muammo ijrosi kelgusi dasturlarga kiritildi. Eʼtiborlisi, bugungi kunda deputatlar tomonidan oʻrganilgan muammolarni “Hokimlik soati” orqali hal qilish tizimi ham qoʻllanilmoqda.

Deputatlik soʻrovlarida 17 ta taʼlim muassasalari, 34 ta yoʻllar va ichki koʻchalar taʼmiri, 9 ichimlik suvi, 16 tasi elektr taʼminotini yaxshilash, simyogʻochlarni almashtirish, 13 tasi irrigatsiya tizimlar, 3 ta suyultirilgan gaz ballonlarini oʻz vaqtida yetkazib berish hamda 39 boshqa yoʻnalishlar bilan bogʻliq masalalar koʻtarildi. Deputat Azizbek Raxmonovning – Xovos tumanining Husnobod, Binokor mahallalaridan oʻtuvchi 10 km masofadagi avtomobil yoʻlini taʼmirlash toʻgʻrisidagi soʻrovi ijobiy hal boʻldi. Deputat Gulnoza Abbasova esa Mirzaobod tumani T.Axmedov mahallasiga suyultirilgan gaz ballonlarni oʻz vaqtida olib kelish boʻyicha taqdim qilgan soʻrovidan soʻng bu boradagi muammolar toʻliq bartaraf etildi. Deputat Sherali Mamadetsoyev tomonidan taqdim qilingan deputatlik soʻroviga asosan Xovos tumani “Oqchangal” MFY hududidagi 8-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari avtomagistral yoʻlni xavfsiz kesib oʻtishlari uchun zaruriy yoʻl belgilari oʻrnatildi. Sardoba tumani “Yangiqishloq” MFY hududi tuman markazidan chetda boʻlganligi va bankomat mavjud emasligi bois fuqarolarda naqd pul bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgandi. Deputat Rustam Tursunmuradovning tashabbusi bilan mazkur mahallaga Markaziy bank boshqarmasi tomonidan bankomat oʻrnatib berildi. Deputat Oliya Turdiyeva esa Guliston tumanidagi Beshbuloq mahallasi hududidagi Archazor, Sohibkor va Baxmal koʻchalari boʻyidagi zovurlarni tozalash toʻgʻrisida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga deputatlik soʻrovi joʻnatdi. Natijada 2,2 km uzunlikdagi kollektorda taʼmirlash-tozalash ishlari bajarildi.

Maʼlumki, Oliy Majlis Senati Kengashining joriy yil 14-yanvarda qabul qilingan “Hududlarni rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal etishda mahalliy Kengashlar deputatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan deputatlar chorakda kamida bir marta oʻzlari saylangan okrugdagi mahallalarda “yettilik” va saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishi lozim. Ayni vazifa ijrosi boʻyicha tahlillar masalalarni joyida oʻrganish va hal qilish mexanizmi deputatlar faoliyati samaradorligi yuqori boʻlishining bosh omili hisoblanadi.

Bugungi kunda soʻnggi 8-9-yildagi ulkan oʻzgarishlarni va “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining eng ustuvor yoʻnalishlarini eʼtirof etmoqchi boʻlsak, albatta avvalo, “inson qadri-ulugʻ”, “xalqchil davlat”, “ochiqlik”, “mahallabay ishlash”, “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tushuncha-tamoyillar koʻz oʻngimizga keladi. Zero, bu iboralar bugungi kunda allaqachon hayotiy haqiqatga, jamiyat va xalq hayotida kundalik voqelik, rahbarlaru oddiy xodimlar, albatta, deputatlar faoliyatining doimiy hamda asosiy vazifasiga aylangan. Ularning har biri qonuniy-meʼyoriy hujjatlar bilan mustahkamlangan. Muhimi, bu ezgu harakatlarning bari Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston-2030 strategiyasi toʻgʻrisida”gi qarorida kelgusi 7-yil uchun belgilab qoʻyilgan 100 ta maqsadning 75-maqsadi, yaʼni “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini – xalqning chinakam ovoziga aylantirish” vazifasini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Pokiza AXMEDJONOVA,

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi, senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?