Sizga taʼzim, sizga tashakkur!

15:48 04 Mart 2026 Jamiyat
399 0

Xorijda tahsil olayotgan shogirdlaridan biri qoʻngʻiroq qilib, muallimani bir emas, oʻn nafardan ziyod bitiruvchi oʻquvchisining muddatidan avval oliy oʻquv yurti talabasi boʻlish baxtiga erishgani munosabati bilan tabriklaganida Maʼmura Innatullayevaning quvonchdan boshi koʻkka yetdi.

– Shogirdlarimizga berganimiz jindakkina mehr, eʼtibor bizga togʻday boʻlib qaytadi, – deydi u. – Oʻqituvchi uchun bu nazarimda, eng katta mukofot. Bilimli, zukko, mehnatsevar, yurtimizga, ustoziga mehr-oqibatli shunday oʻquvchilarim borligidan gʻururlanaman.

Maʼmura Innatullayeva – Qorakoʻlda butun boshli matematika maktabini yaratgan Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Toʻxtamurod Jumayevning shogirdlaridan. Tumandagi ixtisoslashgan maktab – internatni bitirgach, Buxoro davlat universitetida kimyo fani yoʻnalishida oʻqidi. Keyin esa marhum ustozining davomchilari faoliyat yuritayotgan Qorakoʻl xalqaro matematika maktabiga maxsus tanlov asosida ishga qabul qilindi. Oliy toifali oʻqituvchi.

– Darsni interfaol usullar asosida oʻtaman, – deydi qahramonimiz. – Buning uchun maktabimizda barcha shart-sharoit bor. Laboratoriyadagi mashgʻulotlardan biror bir shogirdim chetda qolmaydi. Negaki, nazariy bilim amaliyot bilan uygʻun tarzda olib borilsa, oʻquvchi maʼlum bir koʻnikmaga ega boʻladi. Qiziqishiga qiziqish qoʻshiladi. Tajribamdan yaxshi bilaman: har bir jarayonni koʻzi bilan koʻrib, qoʻli bilan bajargan oʻgʻil – qizlarning oʻziga boʻlgan ishonchi mustahkamlanadi. Koʻzi pishadi.

Sirasini aytganda, barcha fanlar qatori kimyo ham Buxoro, jumladan Qorakoʻlda qadim-qadimdan rivojlangan. Tuman hududidagi koʻhna Poykent shahri xarobalaridan ichida turli idishlar, shisha asboblar boʻlgan VIII asrga tegishli laboratoriya topilganining oʻzi bu fikr isbotidir. Muallima dars jarayonida ana shular haqida ham toʻxtalib, yoshlarni izlanishga, ajdodlarga munosib avlod boʻlishga undaydi.

Aytmoqchi, nainki Buxoro, balki qoʻshni viloyatlarda yashovchi ota-onalar uchun ham oʻz farzandini Qorakoʻl xalqaro matematika maktabida oʻqitmoq shirin bir orzu. Bunga Maʼmura Innatullayevaga oʻxshagan fidoyi oʻqituvchilarning zahmatli mehnati sabab, albatta. Yutuqlar esa juda koʻp. Oʻtgan yilda bu dargohni bitirgan 69 nafar oʻquvchining barchasi mamlakatimiz hamda xorijning nufuzli oliy oʻquv yurtlari talabasiga aylandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер